O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Betgerxonlik — 2015: Foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda axborot-kutubxona muassasalarining o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
10.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jurnal tahririyati.
2015 yil 9 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda axborot-kutubxona muassasalarining o‘rniga bag‘ishlangan “Betgerxonlik — 2015” kasbiy munozarali davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Betgerxonlik” taniqli kutubxonashunos, bibliograf, tarixchi, kitobshunos Ye.K.Betger xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, olimlar, axborot-kutubxona fanlari o‘qituvchilari va mutaxassis-amaliyotchilarning axborot-kutubxona muassasalari faoliyati, axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatilishi, zamonaviy jamiyat infrastrukturasida foydalanuvchilarning axborot madaniyati va mediasavodxonligi g‘oyalarini tarqatishda roli va o‘rnini aniqlash, birlashtirish maqsadiga o‘ynaltirilgan.
Bu yilgi «Betgerxonlik-2015» alohida shaxs va umuman jamiyatning axborot madaniyatini rivojlantirish va mustahkamlash uchun axborot-kutubxona muassasalari, axborot-resurs markazlari va kutubxonalari foydalanuvchilarining axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirishda turli yondashuvlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida foydalanuvchilarning axborot madaniyati asosini tashkil etgan mutolaa madaniyati, axborotlashgan jamiyatda o‘quvchilarning axborot madaniyati va media savodxonligi masalalari to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, ishtirokchilar “Axborot-kutubxona sohasida islohotlarning amalga oshirilishi davrida O‘zbekiston axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining axborot madaniyati va mediasavodxonligini shakllantirish” loyihasi mohiyati, uning tamoillari, tuzilishi va O‘zbekistonda joriy etilishi jarayoni bilan tanishdilar.
Davra suhbati doirasida axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari uchun shaxsning axborot xavfsizligi, Internetda ma’lumot izlash, she’r tuzilishi va uning xossalariga bag‘ishlangan mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.