Iqtidor sohiblariga keng yo‘l
05.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

iqtidor_5_11_2015

Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol, bilimli, jismonan sog‘lom, yuksak ma’naviyatli shaxs bo‘lib voyaga yetishi, o‘z iqtidori va iste’dodini keng namoyish etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kelgusida milliy madaniyatimiz, fan va texnikani rivojlantirish, ertangi kun yaratuvchilari sifatida hamda ulardagi qobiliyat, ijodiy tafakkurni takomillashtirish maqsadida, respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarida iqtidorli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘qish va jamoat ishlaridagi yutuqlari va alohida iqtidorlarini namoyish etganliklari uchun tayinlanadigan davlat stipendiyalari ham yosh avlodga alohida e’tibor natijasidir.

Bu yil ham O‘zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi 226-sonli qaroriga muvofiq, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2015-yil 5-oktabrdagi 381-sonli buyrug‘i bilan 2015/2016 o‘quv yili uchun Beruniy nomli Davlat stipendiyasiga munosib deb topilgan talabalarning nomlari e’lon qilindi.

Beruniy nomli Davlat stipendiyasi sohiblari qatorida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari ham bor. 2015/2016 o‘quv yilida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalaridan 3 nafari: Dasturiy injinering fakulteti 4-bosqich talabasi Ubaydullayev Xusanboy, Kompyuter injinering fakulteti 4-bosqich talabasi Muxitdinova Muazzamxon, Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti 4-bosqich talabasi Abdullayeva Xurshida Beruniy nomli Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishga muyassar bo‘ldilar. Mazkur talabalarning barchasiga o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tilab, erishgan yutuqlari bilan qutlagan holda, sahifamizda ulardan biri — Tele-kommunikatsiya texnologiyalari fakulteti 4-bosqich talabasi Xurshida Abdullayeva haqida batafsilroq hikoya qilmoqchimiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilib o‘sgan Xurshida Abdullayevada bolaligidan yangi zamonaviy aloqa vositalariga alohida qiziqish uyg‘ondi. Ana shu qiziqish uni o‘rta ma’lumotga ega bo‘lganidan so‘ng Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yetakladi. Natijada 2012-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti(TATU) RRT fakulteti mobil aloqa tizimlari yo‘nalishi bo‘yicha «grant» asosida talabalikka qabul qilindi.

iqtidor_5_11_2015_1

U o‘qishda va jamoat ishlarida yutuqlarga erishishi bilan birga, dastlabki ilmiy ishlari bilan shug‘ullana boshladi. Bunda unga TATU o‘qituvchilaridan: t.f.n., dotsent Dilmurod Davronbekov hamda katta o‘qituvchi Saida Beknazarovalar ilmiy maslahatchilik qildilar. Ular boshchiligida Xurshida «O‘zbekistonda mobil aloqani rivojlantirish muammolari» mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishi ustida ish olib bora boshladi. Hozirgi kunda Xurshida Abdullayeva 17tadan ortiq ilmiy maqola muallifi, 4 amaliy loyihada stajer-izlanuvchi lavozimida faoliyat olib borib, bir mualliflik guvohnomasi sohibi bo‘lishga sazovor bo‘ldi.

Xurshida Abdullayeva tadqiqot ishining ilmiy yangiligi mamlakatimizda mobil aloqani rivojlantirish muammolari va keyingi istiqbollarini o‘rganishdan iborat. Xurshida Abdullayeva Respublika va universitet miqyosidagi muntazam o‘tkaziladigan respublika va xorijiy ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol qatnashib, to‘plam-larda, gazeta va jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ingliz va rus tillarida erkin muloqot qila oladi. Zamonaviy kompyuter texnologiyalarini, dasturlash tillari va vositalarini mukammal egallashga harakat qilib, o‘z ilmiy faoliyatida muvaffaqiyat bilan foydalanmoqda. O‘tgan davr mobaynida universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida o‘zini talabchan, intiluvchan, namunali talaba sifatida ko‘rsata oldi. Respublikamizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy islohotlardan xabardor bo‘lgani holda, Xurshida Abdullayeva tengdoshlari bilan zamonaviy bilimlarni egallash, yoshlar orasida ma’naviyatimizni boyitish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kechirish va shu kabi ezgu-g‘oyalarni rivojlantirishda faol ishtirok etadi.

Xurshida Abdullayeva hozirgi kunda Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti mobil aloqa texnologiyalari yo‘nalishining 4-bosqichida tahsil oladi.

«Yurtimizda biz yoshlarga har qadamda katta e’tibor qaratilishi sababli shunday yutuqlarga erishmoqdaman. «Beruniy» nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lganligim menga o‘z o‘qish va ishlarimga yanada ko‘proq mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda fan va ta’lim sifatini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan sohasida yuqori natijalarga erishishda xizmat qilmoqda va biz yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda, shu boisdan ham yanada ko‘proq natijalarga erishish uchun tinmay izlanishimiz va intilishimiz zarur», — deydi Xurshida Abdullayeva dildan g‘urur bilan. Xurshida Abdullayevaning kelgusi rejalari katta.

Manba: www.tuit.uz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq