Elektr aloqa sohasining buyuk namoyondalari Aleksandr Popov
05.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

elektr_5_11_2015

O‘zbekiston “Aloqa tarixi muzeyi” binosining uchinchi qavatida namoyish etilgan “Elektraloqa asoschilari” stendida taqdim etilgan jahon aloqa sohasi tarixining mashhur olim va ixtirochilari haqida so‘z ketganda, unda muhim o‘rin tutgan rus olimi Aleksandr Popovning nomini alohida tilga oladilar. Muzey eksponatlari bilan tanishishda davom etib, navbatdagi sahifamizni mazkur buyuk ixtirochi-olim – Aleksandr Popovning hayot va faoliyati haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni yoritishga bag‘ishladik.

Jahon tarixida sevimli aloqa vositamiz radioning yaratilishi rus fizik olimi Aleksandr Popov nomi bilan bog‘liq. O‘zining mazkur olamshumul ixtirosini 1895-yil 7-may kuni namoyish etganligi sababli qator mamlakatlarda «7-may — radio kuni» sifatida bayram qilinadi.

Aleksandr Popov 1859-yil 16-martda Rossiyaning Perm guberniyasi, Turinskiye Rudniki shahrida, cherkov ruhoniysi oilasida tug‘ilgan. Bu haqida uning familiyasi ham dalolat berib turibdi. Ular oilada 7 nafar farzand bo‘lib, Aleksandr, 10 yoshga to‘lganda otasining qaroriga ko‘ra, diniy maktabga o‘qishga borgan, biroq diniy fanlarga nisbatan ko‘proq fizika faniga, xususan, elektr va magnetizmga qiziqqan va shug‘ullangan.

1873-yildan boshlab, 4 yil mobaynida barcha umumta’lim sinflarini tamomlab, Sankt-Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kiradi. 1882-yilda, Popov universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgan va unga o‘zi ta’lim olgan kafedrada ishda qolishni taklif etadilar. Biroq yosh olim ayrim sabablarga muvofiq, harbiy zobitlar oliy maktabiga elektrotexnika va matematika o‘qituvchisi bo‘lib ishga kiradi. Aynan shu yerda Popov elektromagnit signallari bilan tajribalar o‘tkaza boshlaydi.

elektr_5_11_2015_1

Ma’lumki, germaniyalik olim Genrix Gerts (1857–1894) tabiatda elektromagnit to‘lqinlarning mavjudligini ilmiy asosda isbotlab bergan. Gerts o‘z tasdiqlarida ikkita asbobdan: elektromagnit to‘lqinlari manbasidan va ularni qabul qiluvchi registratordan foydalangandi. Gerts asboblari orasidagi aloqa faqat o‘ta qisqa (masalan, xona o‘lchamlarida) masofalardagina amal qilardi. Genrix Gertsning bu tajribalari haqida Popov bir yildan keyingina xabar topgan. Popovni elektromagnit aloqa, ya’ni simsiz xabar uzatish moslamasi jiddiy qiziqtirib qo‘ygandi va u o‘zining konstruksiyasini loyihalashga kirishdi.

Popovning konstruksiyasi shisha nay ichidagi metall qirindili trubka, elektr qo‘ng‘iroq va elektr relesidan iborat edi. Antennaga elektromagnit to‘lqinlar ta’sirlanganida magnitlanib qolgan temir qirindilari o‘zaro jipslashib va natijada, batareyalardan olinayotgan quvvatga nisbatan qarshilik kamayib, rele cho‘lg‘amiga kela-yotgan tok miqdori ortgan. Rele esa, o‘z navbatida, qo‘ng‘iroqni ishga tushirgan. Qo‘ng‘iroq bolg‘achasi qo‘ng‘iroq kosasiga urilib, qaytishda shisha nayni ham titrashga majbur etgan va uning ichidagi metall qirindilarini siltab, ularni qayta uzoqlashishga majburlovchi harakatni amalga oshirgan. Agar elektromagnit to‘lqinlar kelishi uzluksiz davom etaversa, mazkur jarayon ham takrorlanavergan. To‘lqin kelishi to‘xtasa, naycha ichida qirindilar sochilib ketib, qo‘ng‘iroq chalinishi to‘xtagan. Qo‘ng‘iroq atmosferadagi elektr razryadlariga ham ta’sirchan bo‘lgan: chaqmoq chaqishi tufayli ham katta quvvatli elektromagnit to‘lqinlari paydo bo‘ladi. Shu sababli Popovning eng birinchi modeldagi radioqabulqilgich apparati «Momaqaldiroqni qayd etuvchi» deb nomlangan. Uni Popov birinchi marta 1895-yil 7-may kuni fizika-kimyo jamiyatida namoyish etdi. Ma’lum diapazondagi tebranish to‘lqinlariga ega elektromagnit to‘lqinlari radioto‘lqinlar deb atalgan.

elektr_5_11_2015_2

Tez orada Popov, o‘z ixtirosini yanada takomillashtirdi. U radioto‘lqinlar orqali Morze alifbosi — nuqta va tireni uzatish va uni telegrafdagi kabi qog‘ozga tushirib olish imkoniga ega bo‘lgan yangicha apparatni ishlab chiqdi. Dastlabki tajribani Peterburg universitetida amalga oshirdi. Uzatuvchi apparatni kimyo labotatoriyasiga, qabul qilgichni esa, fizika xonasiga joylashtirdi. Oraliq masofa — 250 metr edi.

Shu tariqa, jahon tarixida eng birinchi radiogramma uzatildi va qabul qilindi. Uning matni faqat ikki so‘zdan iborat bo‘lib, unda «Genrix Gerts» deb yozilgan edi. Bu ishi bilan Aleksandr Popov, elektromagnit to‘lqinlar kashfiyotchisi, nemis olimiga o‘zining yuksak hurmatini bildirgan. 1897-yilga kelib, Popovning radiogramma bo‘yicha tajribalari masofasi ancha uzaytirildi. U birinchi marta ochiq dengizda, kreyser bortida turib, qirg‘oq — Kronshtadtga radiogramma yubordi. Bu safar masofa 5 kilometrni tashkil qilardi.

Popovning ixtirosiga munosabat turlicha bo‘lib, uning kelajagi yo‘q deb baholaganlar ham bo‘lgan. Biroq Popov o‘z kashfiyotining qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sohalarni, masalan, dengizchilikdagi navigatsiya ishlarini ko‘rsata olgan. Popovning ixtirosi, amalda katta manfaat keltirgan, 1899-yildagi «General-admiral Apraksin» zirhli kreyserining Fin ko‘rfazidagi toshlarga urilib, falokatga duchor bo‘lganida, uning ahamiyatini hamma tushinib yetgan.

Fin ko‘rfazi muzlab, kema pachoqlanib ketish xavfi ostida qolganda, uning bortidan yuborilgan qutqaruv radiosignallari, yangi aloqa — radioning taqdirini hal qildi. Yordamga «Ermak» muzyorar kemasi yetib keldi va ko‘p sonli dengizchilar hamda katta ahamiyatga ega kreyser hayoti saqlanib qoldi. 1900-yilda Finlyandiyalik baliqchilarning kichikroq kemasiga o‘rnatilgan radiouzatgichdan olingan qutqaruv signallari tufayli, ularning Fin ko‘rfazida halokatga uchragan kema koordinatalarini aniq topib, 50 nafar baliqchilar qutqarildi.

A. S. Popov o‘z ixtirosi haqida shunday degan: «Men ixtiro qilgan bu asbob kelgusida mukammallashtirilgach, signallarni tez elektr tebranishlari yordamida uzoq masofalarga uzatishda qo‘llanishiga ishonchim komil. Buning uchun yetarli energiyaga ega bo‘lgan shunday tebranishlar manbai topilsa bas».

Mazkur muhim voqeadan so‘ng buyuk olim — Popov ixtirosining ahamiyati yanada oshib ketdi. 1901-yilda, uning o‘ziga ham Peterburgdagi imperator Aleksandr III elektrotexnika institutining professori unvoni berildi. 1905-yilga kelib, Popov mazkur institutning direktori etib tayinlandi. Biroq uning faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Yuksak salohiyatli olim va ixtirochi Aleksandr Popov 1906-yil 13-yanvar kuni kasallik sababli 46 yoshida vafot etdi.

Popov hayot va faoliyati mobaynida yaratgan buyuk ixtirolari uchun ko‘plab yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan. Aleksandr Stepanovich Popov xotirasiga qator shaharlarda yodgorliklar o‘rnatilgan, ta’lim muassasalari, institutlar, korxona, ko‘chalar, teploxodlar uning nomi bilan atalgan, mukofotlar, medallar, diplomlar ta’sis etilgan. Rossiya va boshqa mamlakatlarda 18ta yodgorlik va haykallar o‘rnatilgan. A. S. Popov nomida radioelektronika vositalarini yaratish sohasidagi yutuqlarni taqdirlash uchun oltin medal ham ta’sis etilgan.

Quyidagi shaharlarda olim sharafiga muzeylar tashkil etilgan:

  • Ekaterinburg shahrida — A. S. Popov nomidagi radio muzeyi
  • Omsk shahrida — A. S. Popov nomidagi radio muzeyi
  • Krasnoturinsk shahrida — A. S. Popov nomidagi uy-muzeyi
  • Kronshtadt shahrida — radio ixtirochisi A. S. Popov nomidagi memorial muzeyi
  • Sankt-Peterburg shahrida — A. S. Popov nomidagi Muzey-kabineti.
  • Sankt-Peterburg shahrida — A. S. Popov nomidagi markaziy muzey.

A.S. Popov radio aloqani ixtiro etib, jahon ilm-fani tarixida juda katta yutuqlarga erishgan va tanilgan. «Bor bilimimni, butun mehnatimni, erishgan barcha yutuqlarimni faqat o‘z Vatanimga berishga haqliman. Men chet elda emas, balki Ona-Vatanimda yangi aloqa vositasini yaratganligim bilan naqadar baxtiyor ekanligimni zamondoshlarimiz bilmasa, avlodlarimiz payqasa kerak!» — degan edi Popov.

Maqola «Aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnalining hamkorlikdagi loyihasi asosida, adabiyotlar, manbalar va matbuot materiallari asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq