Milliy axborot-kommunikatsiya tizimi rivojlanmoqda
03.11.2015
Rukn: Internet.
Muallif: Shuxrat To‘xtaboyev.

Har bir davlatning yuksak taraqqiyotga erishishida uning zamonaviy aloqa va axborot texnologiyalari tizimini keng ko‘lamda rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning «o‘zbek modeli» tamoyillariga asoslanib, davrning innovatsion talablariga har tomonlama mos javob bera oldi. AKT’ni rivojlantirish borasida olib borilgan ustuvor siyosat sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, bu boradagi ehtiyojni to‘liq qondirish maqsadida soha rivojiga qaratilgan mukammal qonunchilik bazasini shakllantirishga zamin yaratdi.

Bu esa, AKT’ni rivojlantirishga qaratilgan huquqiy asoslarning yanada takomillashib, kundalik hayotimizning barcha sohalariga zamonaviy AKT tizimlarini keng joriy etishga imkon yaratdi. Jamiyatimiz hayotiga elektron hujjat aylanishi, elektron tijorat, elektron to‘lovlar kabi yangi xizmat turlari kirib keldi, fuqarolarning masofadan turib, dunyoning xohlagan davlati bilan axborot almashishiga keng yo‘l ochildi, ayniqsa, bu boradagi huquqiy asoslarning belgilanganligi sohadagi islohotlarni amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Aloqa to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi, «Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida»gi, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi qonunlari bugungi kun amaliyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot texnologiyalari tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1989-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirish kompleks dasturi» sohani jadal rivojlanishida muhim qadam bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Unda kompleks dastur doirasida keng polosali abonent tarmoqlarini kengaytirish, telefon tarmoqlarini yangi texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, raqamli televideniye tarmog‘ini va multimedia xizmatlarini rivojlantirish, AKT infratuzilmasini takomillashtirish nazarda tutilgan. Mamlakatimizda telefon aloqasi abonentlari soni 24 mln.dan ko‘p bo‘lib, shundan 21,6 mln.dan ortig‘i mobil aloqa, 2,5 mln. esa statsionar mahalliy telefon aloqasi abonentlarini tashkil etadi. Internetdan foydalanuvchilar soni 12 mln.ni tashkil etib, 11,5 mln. mobil, 540,5 mingtasi simli internetdan foydalanib kelmoqdalar. Aholimizning 80 foizi telefon aloqasidan foydalanayotgan bo‘lsa, 1/3 qismi Jahon axborot aloqa tizimi — Internetdan muntazam foydalanib kelmoqda. Aholining analog tele-videniye bilan qamrovi 100 foizga etib, raqamli televideniye bilan qamrovi 54,3 foizni tashkil etmoqda. Kompleks dastur ijrosi natijasida 494ta teleuzatkichlar o‘rnatilishi bilan aholimizning 100 foizi raqamli televideniye xizmatlaridan foydalanish imkoniyati tug‘iladi. Multimedia xizmatlarini rivojlantirish orqali 2020-yilda 20dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etildi. Telefon tarmoqlarida ham NGN texnologiyasi asosida tarmoqni kengaytirish, IP va videotelefoniya xizmatlarini joriy etish va xizmatlar sifati oshishi kutilmoqda.

XXI asr — axborot asri deb atalishi ham bejiz emas. Axborot eng qimmat, eng xaridorgir, raqobatbardosh va ijtimoiy munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega mahsulot hisoblanadi. Shu nuqtai nazaridan, mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish, davlat idoralari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ma’lumotlar almashish mexanizmlarini joriy etishda Milliy Internet segmentini takomillashtirish, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur dastur doirasida katta hajmdagi ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, «Elektron hukumat» tizimi va tadbirkorlik subyektlari bazalarini joylashtirish imkoniyatini yaratish bo‘yicha 30 ming Tbayt hajmga ega bo‘lgan markazlarni yaratish, viloyatlargacha 40 Gbit/s, tumanlargacha 10 Gbit/s tezlikda ma’lumotlar uzatishning magistral tarmog‘ni yaratish ishlari 2015–2016 yillarda amalga oshirish belgilangan. «Elektron hukumat» tizimini yanada takomillashtirish, aholiga, tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish ham bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Ma’lumki, davlat interaktiv xizmatlari yagona portali (www.my.gov.uz) 2013-yilning iyul oyidan ishga tushirilib, dastlab 40ga yaqin xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda 250dan ziyod interaktiv xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Hozirda mazkur portaldan foydalanuvchilar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish, davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat bojxona qo‘mitasi xizmatlaridan foydalanish kabi xizmat turlari fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib bermoqda. Ishga tushirilgan loyihalaridan biri tadbirkorlik faoliyati yuzasidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini baholash tizimi bo‘lib, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan bog‘liq mazkur hujjatlarning qabul qilinishida bevosita tadbirkorlarning ham ishtirokini ifoda etadi. Mazkur tizim yordamida tadbirkorlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga amaliyotdan kelib chiqib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa qabul qilinayotgan mazkur hujjatlarning xalqchil bo‘lishini ta’minlaydi.

Soha rivoji uchun yetuk malakali mutaxassislarni tayyorlash muhim vazifa hisoblanadi. TATU va uning Qarshi, Nukus, Samarqand, Urganch va Farg‘ona viloyatlaridagi filiallarining ahamiyati beqiyosdir. Bugungi kunda TATU va uning hududiy filiallarida 10 467 talabalar, jumladan, bakalavrda 10 027, magistraturada 440 nafar talabalar ta’lim olmoqda. AKT sohasida o‘rta-maxsus ta’lim bo‘yicha kadrlarni tayyorlash 72ta aloqa, axborot va kompyuter texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kollejlarda amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-martdagi 2155-sonli Qaroriga asosan Janubiy Koreya Respublikasining Inxa universiteti tashkil etildi. Bu yerda yoshlarimiz «Kompyuter injiniringi» va «Programma injiniringi» yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladilar. Muxtasar qilib aytganda, kelgusida mamlakatimizda zamonaviy AKTdan foydalangan holda axborot olish, Internet global axborot tarmog‘i orqali interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yanada ta-komillashtirish mamlakatimiz rivojlanish strategiyasining muhim maqsadlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq