Axborot tizimlarida virtualizatsiyaning ahamiyati
03.11.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hilola Xoliyorova.
So‘nggi yillarda virtualizatsiya tushunchasiga axborot texnologiyalari sohasida eng muhim tushunchalardan biri sifatida qaralmoqda. Bunga asosiy sabablardan biri sifatida «bitta server — bitta dasturiy ilova» kabi qarashlarning yo‘qolib borishi va bitta fizik serverda bir necha dasturiy ilovalarning parallel ravishda, ishlay olish imkoniyatlarining paydo bo‘lishini ko‘rsatish mumkin. Bu turdagi ishlash holati simmetrik multiprotsessing deb ham yuritiladi va virtualizatsiyaning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Virtualizatsiya — axborot texnologiyalari sohasidagi xarajatlarni qisqartirishdagi eng yaxshi usullardan biri bo‘lib, tizim samaradorligi va moslashuvchanligini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu holat yirik kompaniyalar bilan bir qatorda, kichik biznes va tadbirkorlik sohalari uchun ham o‘rinlidir. Virtualizatsiya yordamida quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkin:
- bitta serverda bir necha operatsion tizim va ilovalarni ishlatish imkoniyati;
- kam sonli serverlarning ishlab chiqarish quvvatini sezilarli darajada oshirish uchun qurilmalarning konsolidatsiya qilinishi;
- axborot texnologiyalarining umumiy xarajatlarini 50% va undan yuqori miqdorda kamaytirish;
- axborot texnologiyalari muhitlarini boshqarish jarayonlarini tezlashtirish va mustahkamlash, yangi dasturiy ilovalarni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish;
- virtual mashinalarda fizik jihatdan mavjud bo‘lmagan qurilmalarning ham emulyatsiyasini hosil qilish imkoniyati va fizik resurslardan tejamkor foydalanish.
Virtualizatsiya hozirgi kunda turli axborot texnologiyalari uchun mo‘ljallangan infrastrukturalarda turli ko‘rinishlarda qo‘llanilishi mumkin. Quyida bir necha ko‘rinishdagi virtualizatsiyaning asosiy turlarini ko‘rib o‘tamiz:
Operatsion tizim virtualizatsiyasi: hozirgi kunda keng tarqalgan virtualizatsiya turi hisoblanadi. Virtual operatsion tizim (virtual mashina) bitta apparat tizimida bir necha operatsion tizimlarining o‘zaro mutanosib ishlashini ta’minlab beradi. Har bir virtual mashina VMM (Virtual Machine Manager) tomonidan alohida boshqariladi. Hozirgi vaqtda, axborot tizimlarida virtualizatsiya sohasidagi eng yirik boshqaruvchi lider kompaniyalar sifatida Microsoft, AMD, Intel va VMware kompaniyalarini ko‘rsatish mumkin.
Bir necha operatsion tizimlarning bitta serverda virtualizatsiyasi
Ilova dastur serverlar virtualizatsiyasi: ushbu ko‘rinishdagi virtualizatsiyada serverlardagi yuklanish intellektual jihatdan bir balansda ushlab turiladi. Tizimdagi balansni ta’minlovchi virtual mashina fizik jihatdan alohida bo‘lgan bir necha serverlardagi veb-serverlar va dasturlarning ishini muvofiqlashtirib, ularni bitta tizim sifatida ko‘rsatadi va foydalanuvchi faqatgina bitta serverni ko‘radi.
Tarmoqlar virtualizatsiyasi: bir necha apparat va dasturiy resurslardan foydalangan holda yagona virtual tarmoqni shakllantiradi.
Apparat ta’minot virtualizatsiyasi: ushbu holatda apparat ta’minoti bir-biridan mustaqil bo‘lgan bir necha segmentlarga bo‘linadi. Ko‘pgina hollarda dasturiy ta’minot virtualizatsiyasi apparat ta’minotining virtualizatsiyasisiz mavjud bo‘la olmaydi. Ushbu sohada Sun kompaniyasining so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirayotgan ishlarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. UltraSPARC protsessorlari asosida ishlab chiqilgan SunFire modellari server resurslari virtualizatsiyasida muhim o‘rin tutadi.
Sun SPARC Enterprise M9000
Ma’lumotlarni saqlash tizimlarining virtualizatsiyasi: bu turdagi virtualizatsiya ham o‘z navbatida, bloklar virtualizatsiyasi va fayllar virtualizatsiyasiga bo‘linadi. Fayllar virtualizatsiyasi odatda ma’lumotlarni saqlash tizimlarida qo‘llanilib, bunda ma’lumot saqlovchi qurilmalarda joylashgan fayl va kataloglarning holati qayd etib boriladi. Fayllar virtualizatsiyasida fayllarning joylashgan manzili ma’lumot saqlovchi qurilmalardagi haqiqiy manzillardan tubdan farq qiladi.
StorageTek Virtual Storage Manager
Xizmatlar virtualizatsiyasi: bu turdagi virtualizatsiyada yuqorida sanab o‘tilgan barcha virtualizatsiya turlarini birlashtirgan xizmatlar ko‘rsatiladi. Xizmatlar virtualizatsiyasida bir-biridan mustaqil bo‘lgan serverlardagi xizmatlarni birlashtirish va ularning o‘zaro muvofiq ishlashi ta’minlanadi.
Virtualizatsiyaning ustunliklari bilan bir qatorda, o‘ziga yarasha kamchiliklari ham mavjud va ularni quyidagi holatlarda ko‘rish mumkin:
- barcha qurilmalarning ham emulyatsiyasini amalga oshirish imkoniyatining mavjud emasligi;
- virtualizatsiya jarayonida qo‘shimcha qurilmalardan foydalanish talabining hosil bo‘lishi;
- bir qancha virtualizatsiya platformalarining aniq bir texnik ta’minotga bog‘lanib qolganligi;
- samaradorligi yuqori bo‘lgan virtualizatsiya platformalar tannarxining yuqoriligi.
Hozirgi kunda virtualizatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalarning daromadlari 100 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. 2016-yilgacha dunyoning axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalarining 65 foizi o‘zining e’tiborini gibrid bulutli texnologiyalarga qaratishi prognoz qilinmoqda. 2017-yilda yangi ilovalarning 35 foizi aynan virtuallashgan bulutli xizmatlarda ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, axborot texnologiyalari sohasida virtualizatsiyaning ahamiyati juda yuqori bo‘lib, ushbu soha «bulutli» texnologiyalarning rivojlanishiga juda katta turtki bo‘lmoqda. Shuningdek, virtualizatsiyani rivojlantirish orqali sohadagi apparat ta’minoti uchun sarflanadigan xarajatlarni 50–60%, elektr energiyasi xarajatlari 80%, apparat ta’minotiga ko‘rsatiladigan xizmatlar vaqtini 70% qisqartirish imkonini beradi.