Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasining 2015 yil 9 oy yakunlari bo‘yicha faoliyati sarhisob qilindi
29.10.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

col_28_10_2015

Joriy yilning 27 oktabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2015 yilning 9 oy yakunlari bo‘yicha faoliyatiga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Vazirlikning rahbar va mas’ul xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat yurituvchi aksiyadorlik kompaniyalari, korxonalar va tashkilotlar va ularning hududiy rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek sohaning hududiy tashkilotlari xodimlari yig‘ilishni videokonferensiya shaklida kuzatib borishdi.

Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 2015 yilning 9 oyi mobaynida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi oldingi yilning shu davriga nisbatan 16,4 % ga oshib, 3,4 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Jumladan, aholiga bu yo‘nalishda 2,38 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan (o‘sish hajmi 17,5 %).

Bugungi kunda xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi yil boshiga nisbatan 27,7 % ga o‘sib, 21,25 Mbit/s.ni tashkil qilmoqda.

Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, keng polosali internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi simli portlar soni 716,9 mingga, portlardan foydalanish ko‘rsatkichi 21,5 foizga ko‘tarilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar foydalanuvchilarga videotelefoniya, internet-televideniye, yuqori tezlikdagi internet, HDTV-kanallar va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkoni yanada kengayganini ko‘rsatmoqda.

Hududlarda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan mazkur portlardan foydalanish darajasi tahlil qilinib, FTTx texnologiaysidan foydalanishni ommalashtirish, telekommunikatsiya iste’molchilari murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish yuzasidan texnik xizmatlarni yanada rivojlantirish vazifalari yuklandi.

Mamlakatimiz hudularining raqamli televideniye signallari bilan qamrovini kengaytirish yuzasidan ham bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda yurtimiz hududining 54 %i qamrab olingan bo‘lsa, yil oxiriga qadar o‘rnatish nazarda tutilgan 19 ta raqamli teleuzatkichlar orqali bu ko‘rsatkichni 70%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Operator va provayderlar uchun internet-xizmatlari (tashqi kanal) tarifi Xalqaro kommutatsiya markazi paketlari bilan birga, yil boshi bilan solishtirganda 2,2 foizga, aniqrog‘i 1 Mbit/s. uchun 202,9 AQSh dollarigacha, 2014 yilning shu davri bilan solishtirganda 28,7 %ga arzonlashtirilgan.

“UZ” hududidagi domenlar soni bu davrda 24,4 mingtaga yetib, o‘sish 134,5%ni tashkil qilgan. Yil boshidan buyon Milliy domendagi veb-resurslarga internet foydalanuvchilari tomonidan qariyb 273 million marotaba murojaat qilingan. Mazkur ko‘rsatkichlar milliy internet hududining jadal rivojlanayotganidan darak beradi. Hay’at majlisida Milliy kontentni rivojlantirish, xususan ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish yo‘nalishida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish kerakligi qayd etildi.

Davlat interaktiv xizmatlarini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida:
— elektron raqamli imzodan foydalanuvchilar soni 1,4 millionga yetdi;

— davlat axborot resurslari soni 296 taga, axborot tizimlari 465 taga yetdi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga 600 dan oshiq davlat idoralari ulangan bo‘lib, uning orqali ko‘rsatilayotgan onlayn xizmatlar soni 250 dan oshgan.

Shuningdek, Hay’atda mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish sifatini ta’minlash masalasi alohida ko‘rildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida davlat inspeksiyasi tomonidan “COSCOM” MChJ, “Uzbektelekom” AK, “RWC” XK MChJ hamda “UNITEL” MChJ tomonidan mobil aloqa xizmatlarining ko‘rsatilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar asosida operatorlarning O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasi, 3-bandi (ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati belgilangan standartlar, qoidalar va normalarga muvofiq bo‘lishini ta’minlash)ni buzganligi aniqlangan. Shu munosabat bilan, mazkur operatorlarga qonunchilikka muvofiq, sifatli mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan zarur choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Samarqand viloyatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarinig joriy qilinish holati tanqidiy muhokama qilinib, hududiy boshqarma boshliqlariga hamda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi rahbariyatiga hududlarda, mahalliy davlat organlari faoliyatida AKTni joriy qilish jarayonlari sur’atini oshirish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Hay’atda Mahalliy dasturiy mahsulotlar bozori, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, “elektron hukumat” tizimini keng joriy qilish, internet tarmog‘idagi milliy kontentni yanada boyitish yuzasidan soha oldida turgan istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq