Idoralararo pensiya ta’minoti yaxlit axborot tizimini joriy qilishga oid Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi
27.10.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda keksa avlod vakillariga sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish, ularni muhofaza qilishga oid chora-tadbirlar doirasida yaxlit nafaqa ta’minoti axborot tizimini joriy qilish rejalashtirilgan edi.

Joriy yilning 19 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2015-2017 yillar mobaynida mamlakatimizda Idoralararo yaxlit nafaqa ta’minoti axborot tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi №297-son qarori imzolandi.

Qarorga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari “Pensiya” jamg‘armasi tomonidan “Nafaqa” avtomatlashtirilgan axborot tizimi dasturiy kompleksi ishga tushirilishi, mazkur tizimga biriktirilgan yaxlit ma’lumotlar bazasida 2,7 milliondan ziyod pensionerlar hamda 237 mingdan oshiq pensiya va ijtimoiy ko‘mak oluvchi fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning shakllantirilishi belgilab berilgan.

Shu bilan birga, byudjetdan tashqari “Pensiya” jamg‘armasi “Nafaqa” axborot tizimi faoliyatini takomillashtirib borish, kengaytirish uchun mas’ul qilib tayinlangan.

Ushbu dasturiy kompleks yordamida pensiya hamda ijtimoiy ko‘maklarni tayinlash, hisob-kitob qilish, qayta hisoblash, shuningdek oylik nafaqalarni yozish jarayonlarini avtomatlashtirish imkoni yaratildi.

Mazkur tizim keksalarni ijtimoiy himoya qilish, nafaqa ta’minoti tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratib berish, ma’lumot va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni elektron olish, nafaqa va yordam pullarining o‘z vaqtida ajratilishiga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq byudjetdan tashqari “Pensiya” jamg‘armasi tomonidan 2015-2017 yillarda “Nafaqa” axborot tizimini joriy qilishga oid reja-jadvali tasdiqlangan.

Unga ko‘ra jamg‘arma tomonidan 2018 yil mobaynida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan tizim uchun qonunchilikka muvofiq, o‘rnatilgan tartibda “Nafaqa” tizimining ma’lumotlarini saqlashga, faoliyatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan server uskunalarini sotib olish vazifasi yuklatilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq