Barcha davlat xizmatlari uchun yagona kalit
16.10.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

2015 yilning 20 avgustida O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-391-sonli Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq, elektron raqamli imzodan foydalanish tartibiga ham o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonuni 6-moddasi quyidagi mazmundagi qism bilan to‘ldirildi: «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi ro‘yxatga olish markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalana oladi».

Ilgari xabar qilinganidek, respublika hukumatining qarori bilan elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish yagona markazi tashkil etildi. Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi hisoblanadi.

Ta’kidlash kerakki, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzo yordamida 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlardan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini qo‘llagan holda foydalanish mumkin bo‘ladi. Ushbu muddatga qadar xizmatlardan foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish yagona axborot tizimi yaratiladi.

Yuridik va jismoniy shaxslar yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi tomonidan berilgan elektron raqamli imzoni qo‘llagan holda xizmat ko‘rsatuvchilarning rasmiy veb-sayt va portallarida yagona identifikatsiya tizimi orqali bepul ro‘yxatdan o‘tib, avtorizatsiya va identifikatsiya qilinadi.

Qonunchilikdagi yuqorida keltirilgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun barcha turdagi ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq