Yagona portal – davlat xizmatlaridan qulay foydalanish internet sarhadi
15.10.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

yagona_15_10_2015

Kundalik ish yoki turmush taqozosi bilan turli xizmat ko‘rsatish shahobchalari yoki davlat idoralariga ishimiz tushadi. Bu yerda esa aksariyat vaqt navbat kutish yoki qog‘oz to‘ldirish bilan o‘tadi. Odatda birinchi tashrif jarayoni ma’lumot olish va savollarimizga oydinlik kiritishdan iborat. Ishni bitirish uchun yana alohida vaqt ajratish zarur bo‘ladi. Bugungi tezkor zamonda esa vaqt juda ham oz.

Yangi asr axborot texnologiyalari insonga ko‘chaga chiqmasdan turib jamiyatning turli jabhalari uchun qo‘l telefoni yordamida to‘lovni amalga oshirish. Bank xizmatlaridan foydalanish imkonini bermoqda. Bu qulayliklarni umumiy qilib davlat boshqaruvini yangicha usulda amalga oshirish — “elektron hukumat” tizimi deb jahonda e’tirof qilinmoqda. Bugungi kunda elektron murojaatlarimizning e’tibordan chetda qolmasligiga kafolat bormi? Bu yil “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi asosida elektron hukumat tizimi doirasida qanday ishlar amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bir qancha savollarga quyida javob topishga harakat qildik.

“Elektron hukumat” tizimida amalga oshirilgan yirik loyihalardan biri — internet tarmog‘ida “yagona oyna” rejimida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushirilganiga 2 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Portal fuqarolarga, tadbirkorlik sub’ektlariga, tashkilot va muassasalar vakillariga vaqt hamda mablag‘ini tejagan holda, davlat hokimiyatining barcha elementlari bo‘yicha to‘liq axborot olish, u yoki bu davlat organiga elektron shaklda murojaat qilish imkonini bermoqda.

E’tirofli tomoni, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga hozirgi vaqtga qadar 600 dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyatlar ulangan. Unda turli jabhalarni qamrab oluvchi 260 ga yaqin xizmatlar joriy qilindi. Davlat organlari rahbarlari qabuliga onlayn yozilish, davlat organlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari uchun ma’lumotnomalarni yuborish, biometrik pasportni olish yuzasidan onlayn arizani taqdim etish, biometrik pasport olish uchun navbatga yozilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yo‘qolgan pasport o‘rniga yangi pasportni rasmiylashtirish kabi qulayliklar aholida katta qiziqish uyg‘otayotir. Shu bilan birga, davlat organlari mas’ul xodimlari uchun Yagona portalda ishlash bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilgani, sohaga oid bilim va ko‘nikmalari oshirilayotgani o‘z natijasini bermoqda.

O‘tgan yildan xizmat ko‘rsata boshlagan Yagona portal orqali davlat organlariga aholi tomonidan 350 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu murojaatlarning 87 foizi jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan va ularning asosiy qismini arizalar, qolganini taklif hamda shikoyatlar tashkil qiladi. Qayd etish lozimki, Yagona portaldan murojaat yo‘llayotgan aholining 85 foizi tegishli davlat organlarining javobini elektron pochta orqali olishni afzal bilmoqda.

Bugungi kunda Yagona portal xizmatlaridan aholi, ayniqsa, sudlanganlik yoki sudlanmaganlik holati to‘g‘risidagi,  mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni olishda, tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun onlayn ariza yuborishda keng foydalanmoqda. Bundan tashqari portalda “SMS-To‘lov” tizimi mavjud. Ushbu to‘lov tizimi orqali elektr energiyasi, maishiy chiqindilar, sovuq suv va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Bunda YaIDXPdan foydalanuvchi o‘z bank kartasini portaldan ro‘yxatdan o‘tkazib, portaldagi shaxsiy kabineti orqali menyuda tasvirlangan “Xizmatlar to‘lovi” bandidan “SMS-To‘lov” tugmasini bosib ushbu xizmatdan foydalanishi mumkin. Yaqin kelajakda Yagona portalda yana boshqa turdagi to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish rejalashtirilmoqda. Zero, “Elektron hukumat” tizimi rivojlangan mamlakatlarda, xususan, Janubiy Koreyada fuqarolar to‘lov tizimini elektron shaklda mobil vositalar orqali yoki infokiosklarda amalga oshirishadi. O‘zbekiston o‘z “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish jarayonida Koreya tajribasini o‘rganib, mamlakat shart-sharoitlariga mos holda aholiga qulaylik tug‘dirish ko‘zda tutilgan.

yagona_15_10_2015_1

Shu kungacha imkoniyati cheklangan kishilar, nogironlar uchun Portalda qanday yangi xizmatlar yaratilgan?
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalariga alohida toifadagi fuqarolarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus yo‘llanma (order) olish uchun ariza yuborish, 16 va undan katta yoshdagi nogironlarni protez-ortopediya mahsulotlari va realibitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash talonini rasmiylashtirishda tibbiy xulosa olish uchun elektron ariza yuborish, 16 va undan katta yoshdagi nogironlarni realibitatsiya qilishda yakka tartibdagi dasturdan dublikat olish uchun elektron ariza yuborish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu xizmatlardan uchun imkoniyati cheklangan jismoniy shaxslar yoki ularning yaqinlari Yagona portal orqali murojaat etish orqali foydalanishlanri mumkin. Xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan aholi qoniqayotganligini qanday bilish mumkin?
Yagona interaktiv xizmatlari portaliga ulangan tashkilotlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish va ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha reyting joriy qilingan. Ta’kidlab o‘tish kerakki, foydalanuvchilar xizmatlar sifatini “5” baholik tizimda baholab faol ishtirok etishmoqda.

Baholash “Eng ko‘p murojaat etilgan tashkilot”, “Murojaatlar ko‘rib chiqish muddati”, “Eng ko‘p murojaat qilingan xizmatlar”, “Eng yuqori baho olgan xizmatlar” mezonlari asosida amalga oshiriladi. Eng ommabop va yuqori baho olgan xizmatlar, bular “Mehnat faoliyatini tasdiqlash to‘g‘risidagi aprxiv ma’lumotnomalarini berish”, “Sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni berish”, “Bojxona to‘lovlari bo‘yicha solishtiruv dalolatnomalari”, “Oylik maoshini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomalarini berish”, Davlat organlari tomonidan “Murojaatlarni ko‘rib chiqish” xizmatlari hisoblanadi.

Yolg‘iz keksalar va nogironlar uchun Yagona portalda shart-sharoitlar hamda kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, tizimda amalga oshirilishi nazarda tutilgan chora-tadbirlar doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda keksa avlod vakillariga sifatli aloqa xizmatlarini ko‘rsatish, uluarni muhofaza qilishga oid yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.

Xususan, 2015-2017 yillar mobaynida mamlakatimizda Idoralararo yaxlit nafaqa ta’minoti axborot tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha “Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish hamda UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Natijada, keksalarni ijtimoiy himoya qilish, nafaqa ta’minoti tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratib beriladi.

yagona_15_10_2015_2

Chora-tadbirlar doirasida yoshi ulug‘ insonlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan “Nuroniy” internet-portali ham ishga tushirildi. “Elektron hukumat” axborot tizimi tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi, keksa yoshli internet foydalanuvchilarini hukumat tomonidan keksalarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, imtiyoz va qulayliklarga oid ma’lumotlar, yangilik va xabarlardan boxabar qiladi. Portal faoliyati doirasida keksa yoshli insonlar uchun ijtimoiy tarmoqni ishga tushirish ham ko‘zda tutilmoqda. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziriligi va uning hududiy boshqarmalari, “Saxovat” hamda “Muruvvat” internat-uylari, keksalarga mo‘ljallangan sanatoriya va sog‘lomlashtirish markazlari, axborot-resurs markazlarini mazkur portalga ulash orqali yagona, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga qulay platformani yaratish maqsad qilingan.

“Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, keksa insonlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifatini yanada oshirish, “elektron hukumat” tizimining elementlari, xususan Yagona portal – www.my.gov.uz da ularni muhofaza qilishga oid yangi xizmatlarni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari my.gov.uz portalida “Yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklanganlar uchun uy sharoitida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yuzasidan arizalarni elektron ravishda taqdim etishga oid interaktiv xizmati”, “Yolg‘iz keksalarni hamda imkoniyati cheklangan insonlarni “Saxovat” hamda “Muruvvat” internat-uylariga joylashtirish yuzasidan ariza yuborish va kerakli hujjatlar ro‘yxatini olish yuzasidan interaktiv xizmati” ishga tushirildi. Kelgusida “1941-1945 yillardagi urushda hamda mehnat frontida ishtirok etgan faxriylarni sog‘lomlashtirish sanatoriy-kurortlarga yozdirishning elektron hisobi kompleks dasturi”ni amalga oshirish, “Imkoniyati cheklanganlarni protez-ortopedik buyumlar hamda reabilitatsiyaning texnik vositalari bilan ta’minlashning avtomatlashtirilgan «Protez» axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar Elektron hukumat” tiziminin rivojlantirish markazi hamda UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish markazi tomonidan AKTni rivojlantirish fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. Natijada, keksalarga mo‘ljallangan xizmatlar sifatini yanada oshirish, keksa va imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy ta’minot va muhofaza tizimidagi qulayliklardan samarali foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Foydalanuvchilarning mulohazasi:
Berdiyorov M.A.
Assalomu alaykum!
Sizlarga juda katta rahmat. Qizim bugun maktabda. Kecha kitob bilan ta’milandi. To‘g‘ri ayrim noroziliklar bo‘ldi, O‘ylaymanki, bu o‘tguvchi, lekin menday ota onalar kup. Sizlar bilan bog‘lanishdan ko‘z yumib o‘tayapti. Iltimos, kelajak farzandlarimiz qo‘lida unutmaylik! (“Murojaatlarni ko‘rib chiqish” xizmati. – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi).

Allaberdiyev S.F.
Murojaat qilingan kunning ertasiga kelib barcha kamchiliklarni bartaraf etishdi. Sizlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. (“Murojaatlarni ko‘rib chiqish xizmati” — «O‘zbektelekom» Aksionerlik kompaniyasi).

Hoshimov S.T.
Tezkorligingiz uchun yana marta rvahmat. Qanchadan-qancha odamlarning vaqtini tejaydigan ish qildingiz. Birgina shu ma’lumotni olish uchun uzoq navbat kutilar edi. Mana endi bunga hojat qolmadi. (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilishi qo‘mitasining “Bino buzilishi haqida ma’lumot olish” xizmati).

Hojimurodov B.R.
Sayt mutassaddilariga va IIV xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Navbatlarsiz hujjatimni yuborishga muvaffaq bo‘ldim. Shuningdek, masofadan murojaatimni yuborish orqali ancha vaqtimni tejadim. Keyingi ishlarga rivoj tilayman. (“Sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish” – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xizmati).

“Elektron hukumat” tizimi rivojlantirish markazining mutaxassisi Nigora Umarova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq