O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi
13.10.2015
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

lib_13_10_2015

2015 yil 9 oktabr O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yoshlarning ijtimoiy tarmoqda muloqotqilish mediasavodxonligini oshirish va ularning ko‘ngilochar saytlardagi ma’lumotlardan foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir “Yoshlarning ma’naviy immunitetini shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlarning tutgan o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Toshkent islom universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

lib_13_10_2015_1

Mediasavodxonlik seminarida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti Muhammadolim Muhammadsiddiqov yoshlarga ma’naviy immunitet tushunchasi va uni shakllantirishda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni haqida umumiy ma’lumot berdi va hozirgi kun global muammolari to‘g‘risida talabalar bilan suhbatlashdi. M.Muhammadsiddiqov milliy qonunchiligimizda yoshlarni nosog‘lom axborotlardan himoyalash maqsadida mukammal mexanizimlar ishlab chiqilganini, qolaversa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasiga asosiy e’tibor qaratish davlatimiz siyosatining eng ustvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini e’tirof etdi.

Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi, ijtimoiy-siyosiy targ‘ibot bo‘limi bosh mutaxassisi Jahongir Mallabayev esa mazkur muammo ustida alohida to‘xtalib, mafkuraviy immunitet, ijtimoiy tarmoq, ommaviy madaniyat tushunchalarini ta’rifladi, ijtimoiy tarmoqning bosqichlari, ijobiy va salbiy ta’siri, axborot xuruji turlari haqida keng ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, J.Mallabayev zararli axborot, axborot xurujlarining yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, ijtimoiy tarmoqlarning havfi muammolariga yoshlar e’tiborini qaratib ularning iste’molchi madaniyatini shakllantirish maqsadida buyuk allomalarimiz hayoti, merosini o‘rganishga, milliy qadriyatlarimizni qadrlashga, oila, vatan deb atalmish muqaddas tushunchalarni to‘liq anglashga chaqirdi.

lib_13_10_2015_2

Tadbir davomida bo‘lajak mutaxassislar kelgusida milliy axborot tizimimizni yanada mustahkamlash, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi dasturlar, saytlar ishlab chiqishni oldilariga maqsad qilib qo‘yganliklarini aytdilar. Ko‘rgazmali slaydlar yordamida o‘tgan seminar davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat etib keng qamrovli va asosli javoblar oldilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq