Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik qonun himoyasida
06.10.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Mustaqillik yillarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida iqtisodiyotimizda xususiy sektorning roli tobora ortib bormoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, 2014- yil yakunlari ko‘ra O‘zbekiston biznesni yuritish sharoiti bo‘yicha dunyoda olib borilgan reytingda 8 pog‘onaga, soliqqa tortish borasida esa 61 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining bahosiga ko‘ra, mamlakatimiz ushbu yillarda biznes yuritishni yengillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bo‘yicha yetakchi o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish, eksport faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar hamda xorijiy investorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Joriy yilning 20 avgustida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-391-son Qonuni mana shu islohotlarning uzviy davomi bo‘ldi.

Mazkur qonun 45 moddadan iborat bo‘lib, amaldagi 33 qonun va 10 kodeksga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yanada rivojlanishini rag‘batlantirishni kuchaytirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror faoliyat yuritishida uning rolini oshirish, yangi ish joylarini shakllantirish va aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, xususiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda yuritish uchun qo‘shimcha ravishda qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlarga bog‘liq alohida XIII-1 bob bilan hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi shu mazmundagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilagan XVI-1 bob bilan to‘ldirilib, unda belgilangan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, tadbirkorlikni himoyalashga qaratilgan.

Masalan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi moddaga binoan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yo‘li bilan ularga zarar yetkazish, ya’ni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qo‘yish, uni o‘z mol-mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majburlash harakatlari sodir etilgansa jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jinoyat kodeksiga yangitdan kiritilgan moddalarda tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va o‘tkazish tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini va ularning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish, tadbirkorlik sub’ektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishning belgilangan tartibi hamda muddatlarini buzish, shu jumladan, litsenziyalarning va ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlarini qonunga xilof ravishda joriy etish holatlari jinoiy javobgarlikka tortish uchun sabab bo‘lishi belgilangan.

Ma’lumki, bugungi bugungi kunda qonunchiligimizda tadbirkorlik sub’ektlariga qator muhim imtiyozlar va preferensiyalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga kiritilgan yangi moddalar bilan tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llashni g‘ayriqonuniy ravishda rad etilishi, qo‘llamaslik yoki qo‘llashga to‘sqinlik qilinilishiga javobgarlik belgilangan.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonida davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot, faoliyat maqsadi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hisoblangan nodavlat tuzilmalar, jamoat tashkilotlar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini o‘rni beqiyosdir. Shuni hisobga olgan holda 2015 yil 20 avgustda qabul qilingan ushbu qonunda davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni qonunga xilof ravishda amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat yoki huquqbuzarlik uchun javobgarlik ham belgilangan.

Amaldagi qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalarda mansabdor shaxslar harakati va vakolatlari yuzasidan normalar mavjudligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining atamalarning huquqiy ma’nosi belgilovchi sakkizinchi bo‘limida mansabdor shaxsga berilgan tushuncha aniq va belgilari lo‘nda tavsiflangan ma’noda berilmoqda. Ya’ni, mansabdor shaxs deganda doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs tushunilishi qonun darajasida belgilanmoqda. Mazkur keng qamrovli, ravshan izohlangan tushunchani berilishi xususiy tadbirkorlik va xususiy mulk huquqlarini, fuqarolar, davlat va jamoatchilik manfaatlarini har tomonlama muxofaza etishga qaratilgan. Ushbu qonunga kiritilgan tijoratda pora evaziga og‘dirib olish, nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish kabi normalar aynan qonun bilan ko‘riqlanayotgan davlat hokimiyati va xizmati manfaatlariga bevosita juda katta zarar yetkazadi. Chunki mansabdor shaxslar tomonidan hokimiyatni yoki mansab vakolatini har qanday suiiste’mol qilishga oid sodir etilgan jinoyati har bir fuqaro, davlat, jamoat huquq va qonuniy manfaatlariga qarshi qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarni yana bir ahamiyatli tomoni shundan iboratki, kodeksga tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi va muddatlarini, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlarini buzish, xuddi shuningdek davlat xizmati ko‘rsatishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish yoxud uni ko‘rsatishdan bo‘yin tovlash kabi huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik belgilanayotganligi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kredit olish, xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqish, biznesni tugatish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnomalar berish, elektr tarmoqlariga ulanishda «bir darcha» tamoyillarini ommaviy joriy etish bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Kodeksga bunday normani kiritilishi «Elektron hukumat» tizimi doirasida idoralararo axborot hamkorligini takomillashtirish, aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, xususiy tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda yuritish uchun qo‘shimcha ravishda qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat organlari bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning kontaktsiz shakllarini samarali joriy etish imkoniyatlarini to‘liq hajmda ishlatishga qaratilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yangitdan kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika, moliya, soliq hisobotini va boshqa hisobotni, shuningdek o‘zga hujjatlarni talab qilish uchun ma’muriy jazo sifatida jarima solishga oid modda ham aynan yuqorida qayd etilgan maqsadlarga yo‘naltirilgan. Ushbu qonun bilan bir qatorda amaldagi boshqa qonun va kodekslarga kiritilgan ko‘shimcha va o‘zgartirishlar ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mustaqil faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, shu orqali ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga qaratilgandir.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq