Aql ko‘pga yetkazar, hunar — ko‘kka
30.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hafiza Salyahova.

fer_30_09_2015

Yaqinda e’lon qilingan, “El-Visti” axborot markazi uzoq umr ko‘ruvchi insonlar yashaydigan mamlakatlar reytingini o‘rganish bo‘yicha tahlil o‘tkazib, O‘zbekistonimiz dunyo mamlakatlari o‘rtasida yuz yosh va undan oshgan insonlarning umumiy soni bo‘yicha qiyoslanganida, O‘zbekiston jahonda oltinchi o‘rinda qayd etilganligi, umumiy aholisi soniga nisbatan Buyuk Britaniya va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallaganligi haqidagi ma’lumot barchamizni quvontirdi.

Mamlakatimizda katta avlod, ya’ni nuroniy otaxon va onaxonlar doim el ardog‘ida, ularga alohida hurmat va e’tibor ko‘rsatiladi. O‘tib borayotgan 2015-yilning «Keksalarni e’zozlash yili» deb atalishi ham ana shu e’tiborning amaliy ko‘rsatkichidir. Aholimiz orasida o‘zining ajoyib sharqona donishmandligi, mehnatsevarligi, ijobiy xislatlari bilan yosh avlodga namuna bo‘ladigan buvi va buvajonlarimiz juda ko‘p. Farg‘onalik Yunusali aka Elmurodov ham ana shundaylardan biridir. Yunusali aka Elmurodov faxriylar safidan o‘rin olganlar. Hozirda faxriylik gashtini surib, yashamoqdalar, biroq ularni uzoq yillar mehnat qilgan «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialida tez-tez uchratib qolaman. Yaqinda otaxonni ofis zinapoyalaridan tushib kelayotganida ko‘rib qoldim. Egnilarida korjoma, bir ish bilan shoshilib turgan ekanlar.

  • Hormang, Yunusali aka, ishga qaytdingizmi? — deyman har doimgiday. Bilamanki, yordamga kelganlar.
  • Chaqirishdi, — deydilar, kulimsirab. Boshqa bir so‘z demay, yanada ildamlashib yo‘lda davom etadilar.

Otaxon hamma bilan shunday — doimo bir xil kayfiyatda gaplashadilar. Hurmat, e’tirof ham talab qilmaydilar. Xayolda faqat ish. Yangi texnika, texnologiyalar shunchalik tez takomillashib borayotgan bo‘lsada, birinchi marta duch kelishning o‘zidayoq uning mohiyatini darrov anglab yetadilar. Rosti, qurilmalar ta’mirida otaxonning oldiga tushadigani yo‘q. «Tajribalar qaymog‘i, temir, texnikalar tilsimi ularning qo‘llarida», — bu ko‘p sonli shogirdlari-ning ta’rifi. Hududiy boshqarma boshlig‘i Halimjon Qurbonov, «O‘zbektelekom» AK Farg‘ona filialining texnik direktori Vladimir Ejkov, filial bo‘lim boshlig‘i Enver Andjigeldiyev, Quva TB boshlig‘i Azizaxon Abdullajonova kabi mohir aloqachi rahbarlar ham uning tajriba maktabini o‘taganlar. Ustoz aloqachi kamtarligi, yosh mutaxassislarga mehribonligi bilan hurmat qozongan. TATUni yangi tugallab kelgan, yosh mutaxassislar ham «temir bilan munosabat»ni Elmurodovdan o‘rganib olishga intiladilar. «Yangi avlod aloqachilar qalay?» — deb so‘rasangiz javobi qisqagina, — «TATU’chilarmi? Yaxshi. Bari istiqbolli yoshlar. Biroz shitobroq. Temir esa shoshqoloqlikni yoqtirmaydi. Temirga vazmin aql, bosiq muomala ma’qul».

Otaxonning kasb tanlashi o‘yinqaroq bolaligi bilan bog‘liq ekan. Badiiy filmlardagi telefonlaru radiolalar butun fikri-zikrini o‘g‘irlagan, tunlari telefonlar radiolarning ishlash sir-sinoatini bilish dardi sira tinch qo‘ymagan. Hatto tushlarida ham aqli-idroki telefon olamida charx urgan. Institutda o‘qiyman, deya otlanganda, «Toshkentda nima bor, ana Farg‘onada o‘qi, har hafta kelib-ketib turasan» — desalarda hech kishi yo‘ldan qaytara olmagan. Taqdirga tavakkal qilib, bundan hech qachon afsus chekmaganlar. Tanlagan kasbiy soha bo‘yicha faqat poytaxtdagi aloqa institutida o‘qitishardi. Talabalikka erishish omadli kunlari bo‘ldi. Bunday omadli kunlar umr daftarini ko‘p bezagan. Askar yigitni qadrdon Quva shahrida aloqa bo‘limi boshlig‘i Yunus aka Sodiqov quchoq ochib kutib olgandi. Radiolashtirish avj olgan, televideniye keng tarqalayotgan yillar.

Qanchalar ishtiyoq bilan o‘qigan bo‘lsalar, shunchalar g‘ayrat bilan mehnat fasliga kirishdilar. Bir gal rahbar Abduvohid Jo‘raboyev «Quva–Farg‘ona, Farg‘ona–Quva» yelib-yugurishlari joningizga tegmadimi? Ertadan viloyatda ish boshlaysiz. Siz Farg‘onaga juda keraksiz» — dedi. Bu ta’kidda ehtirom aralash buyruq ohangi ustun ediki, asl inson, ajoyib rahbarning so‘zini yerda qoldirib bo‘lmasdi. Qoldilar. O‘shanda Farg‘onada xalqaro stansiyalar qurishga kirishilgan bo‘lib, birma-bir sakkizlikka ulash ishlari jadallik bilan olib borilgan edi. Yana bir taqdirning tuhfasini qarangki, diplom ishi mavzusi ham shu Farg‘ona shahrida xalqaro stansiya qurishga oid bo‘ldi! 1994-yilda ma’naviy eskirgan ATS’larni Janubiy Koreyadan keltirilgan elektron stansiyalar bilan almashtirishda, keyingi olamshumul o‘zgarishlarda, umuman, sohaga eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etishda Yunusali akaning xizmatlari beqiyos bo‘lgandi. Uzoq yillar shaharlaro ATS sexi boshlig‘i, o‘rinbosari vazifalarida fidoiylarcha xizmat qildilar. O‘ttiz yildan ko‘proq samarali mehnatlari uchun taqdirlangan bo‘lsalarda, eng oliy mukofot xalq mehri deb biladilar. Yaqinda Yunusali akani bir guruh faxriylar davrasida uchratdim. Salomlashdim, javoban odatdagiday «Chaqirishdi» deb qo‘ya qoldilar. Hayotning eng asosiy quvonchi — odamlarga keraklikni his etish tuyg‘usi bo‘lsa kerak… Nuroniy yoshga yetgan bo‘lsalarda, maslahatlariga ehtiyoj katta, chaqirishadi, hurmatlashadi, qadrlashadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq