Qonun ijrosi nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi
29.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Shu yilning 28-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikalar to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan olib borgan nazorat-tahlil faoliyati yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qonun ijrosini o‘rganish huquqni qo‘llash amaliyoti tahliliga asosan mamlakatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatlari hududlarida olib borildi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent viloyati hokimiyati, shuningdek, malakali ekspertlar, telekommunikatsiya sohasi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati instituti va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ta’kidlash joizki, nazorat-tahlil faoliyati davlat boshqaruvi organlari tomonidan qonunlar, mamlakat hayotidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy davlat dasturlari ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyati ustidan parlament nazoratini olib borishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Zero, mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov ham parlamentning nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini doimiy oshirib borish uning muhim vazifalaridan biri ekanligini ko‘p bora ta’kidlab kelganlar. Xususan, joriy yil 23-yanvardagi parlament palatalarining qo‘shma majlisida davlat rahbari “Yangi konstitutsiyaviy sharoitda parlament eshituvlari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunchilik talablarining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish, deputatlarning so‘rovlariga atroflicha javob qaytarishni ta’minlash parlamentning kundalik ishi bo‘lmog‘i zarur”, deya mazkur masalaning ahamiyatini yana bir karra ta’kidlab o‘tgan edilar.

Shundan kelib chiqqan holda aytish joizki, nazorat-tahlil faoliyati avvalo, Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan parlament faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining amalga tatbiq etish jarayonini chuqur o‘rganish, axborot sohasidagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan.

Yig‘ilish ishtirokchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni foydalanuvchilarni zamonaviy aloqa va davlat interaktiv xizmatlari bilan ta’minlash, milliy telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va shakllantirish bilan bog‘liq munosabatlarni tizimli va kompleks tartibga solishga xizmat qiladi. Qonun normalari bilan axborot kommunikatsiya xizmatlari sektori hisoblangan yuqori texnologiyali milliy iqtisodiyotning iqtisodiy asoslari shakllantirildi. Shu bois, qonun talablarini amalda so‘zsiz ijrosini ta’minlash muhim ijtimoi-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga egadir.

O‘z o‘rnida, nazorat-tahlil faoliyati telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash maqsadida monitoring amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, bunda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining eng muhim talablaridan biri bo‘lgan axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli davlat interaktiv xizmatlari ko‘rsatish uchun joylarda telekommunikatsiya tarmoqlarining faoliyat yuritishi va ularni rivojlantirish borasida davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganishga qaratildi.

Ahamiyatli jihati shundaki, qonunning amalga tatbiq etilishi keng jamoatchilik fikriga tayangan holda, telekommunikatsiya tarmoqlari foydalanuvchilari, aholining keng qatlamlari, ekspertlarning baholari asosida tizimli, ilmiy asoslangan ravishda o‘rganildi.

Davlat statistik ma’lumotlarini tahlil qilish bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan telekommunikatsiya hamda davlat interaktiv xizmatlari ko‘rsatilishidan iste’molchilarning qoniqish darajasini o‘rganish bo‘yicha sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazildi.

O‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdiki, telekommunikatsiya sohasidagi vakolatli organ, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan Qonun talablarini bajarish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, aloqa infratuzilmasi va tarmoqlari, telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi Dasturlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, turli siyosiy partiya vakillari hisoblangan deputatlar nazorat-tahlil faoliyatini olib borish davomida partiya elektorati bilan yaqindan ishladilar. Shu bois, ular o‘zlari a’zo bo‘lgan siyosiy partiyalarining saylovoldi plastformasida belgilangan ustuvor vazifalar va saylovchilarining manfaatlaridan kelib chiqqan holda qonunning amaldagi holatini tahlil qilib chiqdilar. Bu o‘z o‘rnida, axborot sohasidagi ushbu muhim qonunning ijro samaradorligini ta’minlash bo‘yicha unga ijtimoiy-siyosiy jihatdan baho berish, zamonaviy talablar doirasida yanada takomillashtirish bo‘yicha asosli taklif va tavsiflar ishlab chiqishga imkon yaratdi. Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi azolari partiya Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, aloqa va axborotlashtirish sohasini qo‘llab-quvvatlash xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, uning jahon talablariga mos ravishda yalpi ichki mahsulot o‘sishidagi ulushini oshirishga hissa qo‘shishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunidagi telekommunikatsiya tarmog‘ininng milliy iqtisodiyotning o‘sishi, mazkur yo‘nalishda qulay biznes muhitini yaratishga oid normalarning ijrosiga alohida e’tibor qaratdilar.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari muhokamalar davomida asosiy e’tiborni “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining amalga tatbiq etilishi mamlakatda idoralararo kompleks axborot tizimi sari integratsiyalashib borayotgan milliy axborot tizimi va resurslari, ayniqsa, Internet global tarmog‘ini rivojlantirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdilar.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda, aholi puktlarida zamonaviy axborot texnologiyalari tizimini joriy etish doirasida kam ta’minlangan aholi qatlamlari uchun yagona davlat interaktiv xizmatlari portalidan bepul foydalanish va boshqa zarur tizimlar orqali qonunlar va normativ hujjatlar bilan tanishish imkonini yaratish masalalariga urg‘u berdilar.

O‘z chiqishlarida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlari mamlakatimiz jahonning ilg‘or axborot texnologiyalari rivojlangan davlatlar qatoriga kirish yo‘lida rivojlanib borayotganligini ta’kidladilar. Shundan kelib chiqqan holda, partiya aholiga davlat interaktiv xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jarayonlarini kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish tarafdori.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha aholi keng qatlamlarining manfaati uchun xizmat qiluvchi milliy axborot makonini rivojlantirish maqsadida mazkur sohadagi qonunchilikni, ayniqsa, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunini yanada takomillashtirishga oid bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq