Qiyosiy tahlil asosida
29.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Erkin Xolbo‘tayev.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida demokratik huquqiy davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida jamiyat hayotining barcha sohalarida chuqur islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Demokratik islohotlar hayotimizning iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy hamda mafkuraviy sohalarini to‘liq qamrab oldi. Binobarin, mustaqil taraqqiyotimiz mobaynida demokratik yangilanish va siyosiy islohotlarning huquqiy asoslarini yaratishda muhim yutuqlarga erishildi.

Bunda Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, «Biz, eng avvalo, huquqiy asosni tayyorladik, jamiyatimizning asosiy aqidalari, uning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy yo‘nalishlari belgilab berilgan Konstitutsiyamiz ham ana shu asosga qurilgan. Biz qonunchilik bazasini barpo etib, butun davlat tuzilmasini o‘zgartirdik».

Aytish joizki, bu fikrlar mohiyatida uzoq yillik mehnat va mashaqqat yotibdi. Ayniqsa, bunda qonun hujjatlarining zamon talabiga mos bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Bu esa o‘z o‘rnida, amaldagi qonunlarni muntazam tahlil qilib borish, o‘rganish va hayot talablariga moslab borishni taqozo etadi. Bir so‘z bilan aytganda, qabul qilinayotgan qonunlarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, sud-huquq islohotlarining borishiga ta’sirini oshirishdagi roli va ahamiyatini kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lmoqda. Shu maqsadda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi amaldagi ayrim qonunlarning «ishlamayotgan» yoki «ikki tomonlama talqin qilinayotgan» normalarini tahlil qilib chiqish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Ma’lumki, so‘nggi o‘n yillikda ko‘plab mamlakatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda o‘zaro munosabatlarga asoslangan jamiyat shakllanishi munosabati bilan butun jahonda ushbu sohadagi qonunchilikni huquqiy tartibga solish keskin yangilanishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu, ayniqsa, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, fuqarolar va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga keng imkoniyatlar yaratmoqda.

O‘tgan davr davomida qo‘mitaning 2015-yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy tadbirlari, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari dasturi asosida axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalariga aloqador Qonun hujjatlarini har tomonlama tahlildan o‘tkazish va uning natijalariga ko‘ra amaldagi qonunlarning bugungi kun talablariga javob bermaydigan normalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida qo‘mita a’zolari tomonidan o‘ndan ziyod qonunlar bo‘yicha muhokamalar tashkil etildi.

Muhokamalarda qonunlar xorij mamlakatlarining qonunchiligi bilan qiyosiy tahlil etilib, bugungi kun talablarini inobatga olgan holda, ularga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Xususan, deputatlar muhokamalar davomida O‘zbekiston Respublikasining «Aloqa to‘g‘risida»gi, «Jur-nalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi, «Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi, «Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida»gi, «Tijorat siri to‘g‘risida»gi hamda «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlarini o‘rganib chiqdilar.

Qiyosiy tahlil va o‘rganishlar davomida keltirilgan qonunlarning ayrimlarida bugungi kun talablariga mos mantiqiy ketma-ketlik yo‘qligi, tegishli tushunchalarning keltirilmaganligi, amalda ikki xil talqin etilishi, qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik masalasi belgilanishiga qaramay, tegishli kodekslarda ularning aks ettirilmaganligi yoki ayrim normalarning amalda umuman qo‘llanilmayotganligi qayd etildi.

Ma’lumki, qonunlarni o‘rganib borish, ayniqsa, uning muhokamasiga keng jamoatchilikni jalb etish amaliyoti dunyo mamlakatlari tomonidan keng qo‘llanib kelinmoqda. Bu ayniqsa, ochiqlik va oshkoralik prinsipini amalda qo‘llash, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, qo‘mita a’zolari o‘rganishlar davomida muammoli normalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha tegishli soha mutaxassislari, malakali amaliyotchi ekspertlar bilan hamkorlikda takliflar tayyorlash ustida ishlamoqdalar. Qo‘mita tomonidan bunday ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilib, qonunlarni o‘rganish amaliyoti qo‘mita a’zolarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

O‘z o‘rnida, bunday o‘rganishlar kelgusida Yurtboshimiz tomonidan shu yil boshida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida deputatlar oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq