“Innovatsiyalar asri”da muzey audiogidlarining ahamiyati
29.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Mohira Abdullayeva.

inno_29_09_2015

Bugungi global taraqqiyot sharoitida axborot texnologiyalari ahamiyatini oshirishning yanada zamonaviy, innovatsion usullarini izlab topish, axborotlashtirish jarayoniga har tomonlama ko‘maklashish, ularni hayotga keng joriy etish davlat faoliyatining muhim strategik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Barcha sohalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal qo‘llash, mazkur tarmoqni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, muzeylar sohasida ham hozirgi kunning ilg‘or axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda yangi yo‘nalishlarda ish olib borish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Muzey tarixiy va madaniy yodgorliklarni o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish ishlarini amalga oshiruvchi ilmiy-ma’rifiy muassasadir (Qurbonova D. O‘zbekiston muzeylari istiqboli. — T.: Akademnashr, 2013. — B. 36). Muzeylarning asosi ekspozitsiya hisoblanadi. Muzey ekspozitsiyasi kompozitsion tashkillashtirilgan, sharhlar bilan boyitilgan, texnik va badiiy bezatilgan muzey predmetlarini maqsadli va ilmiy asoslangan namoyishi hisoblanadi (Л. Г. Гужова, Н. В. Мягтина. Музееведение. — В.: Владим. гос. ун-та, 2010. — Б. 95).

Hozirgi kunda dunyo muzeylarida ekspozitsiya amaliyotida informatsion texnologiyalardan jadal foydalanib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida, muzeylarga keng ommaning qiziqishi ortishi hamda innovatsion ma’rifiy materiallarni va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun vositalar yaratish imkonini beradi. Muzey ishining yetakchi va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri sifatida madaniy-ma’rifiy faoliyatni ko‘rsatish mumkin. Muzeyning madaniy-ma’rifiy faoliyatining avvali va yetakchi shakli ekskursiyadir (O‘sha asar. — B. 104). Ekskursiya o‘tkazishda namoyish ekskursovod orqali olib boriladi. Ekskursovod o‘z ma’rifiy faoliyatida tomoshabin oddiy ko‘rib qabul qilishda ololmaydigan ma’lumotlarni beradi (Reymbayev R. Muzeyshunoslik fanidan ma’ruza matnlari. — Nukus, 2012. — B. 18). Ekskursiya har xil sifatga ega bo‘ladi. U bayon qilish xarakterida bo‘lishi mumkin. Bunda ekskursovodlardan ma’lumotlarni yetkazishda xatolikka yo‘l qo‘ymaslik, notiqlik mahorati va auditoriyaga moslashish kabilar talab etiladi. Ekskursiyalar esa o‘z navbatida, muzey hamda muzey binosidan tashqaridagi obyektlarga sayohatlarga bo‘linadi. Bu o‘rinda ekskursovod-gidlar doim yuqori ish sur’atida bo‘lishlari lozim. Ular tomonidan yo‘l qo‘yiladigan kichik xato tinglovchilar e’tiborini tarqatib yuborishi hamda keyingi jarayonlarga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirishi mumkin. Mazkur vazifani amalga oshirishda dunyo muzeylarida zamonaviy ko‘makchiga aylanib ulgurgan audiogidlar tashrifchilar bilan jonli muloqotning o‘rnini bosa olmasa-da, ammo ma’lumotlarni tinglovchilarga chiroyli, notiqlik san’ati darajasida yetkazishi, bir vaqtning o‘zida, bir yerdagi turli tilda muloqot qiluvchi tashrifchilarga o‘zlari istagan tilda mazkur ma’lumotlarni shu sifatda eshitish va ma’lumotlarni keng qamrovli va to‘g‘ri qabul qilish imkoniyati bilan, shubhasiz, tashrifchilarga qulaylik yaratmoqda.

Audiogid nima? «Audiogid» — bu maxsus moslama bo‘lib, tashrifchi vaqtinchalik foydalanish uchun olib, faqatgina ma’lum auditoriya uchun ma’lumotni ovoz shaklda yetkazilishidir. Mazkur ta’rif XX asr audiogidlarga berilgan bo‘lib, hozirgi XXI asrda mazkur ta’rif biroz o‘z mohiyatini yo‘qotganini ko‘rish mumkin. Mazkur davr oralig‘ida audiogidlar katta o‘zgarishlarga uchradi. Jumladan, audiogidlarni muomalaga kiritishning dastlabki tarafdorlaridan Marshall Maklyuen va Villem Sandbergni aytib o‘tish joiz. Ular audiogidlarni muzeylarda qo‘llash ahamiyatini yuqori baholaganlar hamda o‘zlari faoliyat yuritgan (1945–1962 yillar) Stedelijk muzeyida dastlabki audioturlarni taqdim etganlar (Tallon L. Walker K. Digital Technologies and the Museum Experience: Handheld Guides and Other Media. Alta Mira Press, 2008. — B. x.). Audiogidlarning ko‘p nusxada keng ommaga ilk namoyishi 1952-yil Amsterdam muzeyida, 1953-yil Nyu-Yorkda va boshqa davlatlarda foydalanilib, ommalashgan.

inno_29_09_2015_1

Birinchi muzey audiogidlari Philips Radio Tour, Stedelijk muzeyi 1952 yil, Amsterdam.

Dastlabki audiogidlarga ultraqisqa to‘lqinlar orqali yopiq halqa doirasida ma’lumotlar uzatilgan. To‘lqin galere-yalar atrofiga o‘rnatilgan antenna orqali tarqatilgan, tashrifchi magnitofon yordamida ma’lumotlarni naushnikda eshitishi mumkin bo‘lgan. Golland, fransuz va nemis tillaridagi ma’lumotlar esa magnit lentalarga yozilgan bo‘lib, halqa doirasidagi tinglovchilar ayni shu doiradagi ma’lumotlarni eshitishlari mumkin bo‘lgan (O‘sha asar. — B. XII). Texnologiyalar rivojlangani sari ularning ham imkoniyatlari kengayib bordi. 1960-yillarga kelib, audiogidlarda endi raqamlar orqali ma’lumotlarni tanlash qulayligi kiritildi (Tallon L. AAM Annual Conference, Baltimore. May 21, 2013).

inno_29_09_2015_2

Amerika tabiatshunoslik muzeyi, Nyu-York 1961 yil.

1990-yillarga qadar foydalanilgan audiogidlarning aksariyat modellari magnitofonlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, faqatgina audio sharhlarni uzatish uchun xizmat qilgan (С. Игнащенко. Мобильные экскурсионные проекты в музеях мира. Вчера-Сегодня-Завтра. 2012 — С. 4).

inno_29_09_2015_3  inno_29_09_2015_4

1990-yillarga qadar foydalanilgan audiogidlar namunalari.

Mobil texnologiyalarning vujudga kelishi bilan muzeylar multimediya vositalarining yangi imkoniyatlariga ega bo‘ldilar. iPod-iPhone-iPad-smartfonlar muzeylardagi ekskursion texnologiyalarni yangi bosqichga ko‘tardi. Hozirgi kunda audiogidlarning bir necha turlari mavjud bo‘lib, turli sistemalarda ishlashga mo‘ljallangan, biroq ularning yagona umumiy maqsadi muzeylar uchun: qulaylik, sifat, iqtisod, reklama, kengroq yoritish, tashrifchini faollashtirish bo‘lsa, tomoshabinlarga esa individuallashish, qulaylik, iqtisod, o‘yin shaklining mavjudligi, ma’lumotlarning ko‘pligini ularning yagona birlashtiruvchi maqsadlari sifatida sanab o‘tish mumkin. Bular jumlasiga QR kodlar yordamida ishlovchi mobil gidlar, Flash Card texnologiyasida hamda GPS tizimida ishlovchilar, turgidlar (ekskursovod mikrofonda gapirayotganda tinglovchilar ularni naushniklar orqali eshitishi), ma’lum eksponatlarning yaqiniga joylashtirilgan audiogidlar kabi turlari mavjud. Hozirgi kunda dunyoning qator rivojlangan mamlakatlari muzeylarida quyidagi audiogidlardan foydalanadilar.

inno_29_09_2015_5

Dunyo muzeylarining audiogidlar bilan jihozlanganligini o‘rganish jarayonida o‘tkazilgan 2012-yildagi so‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo muzeylarining 32 foizida mobil ekskursion loyihalar amalga oshirilgan bo‘lsa, 30% muzeylar uni rejalashtirayotganliklarini, 38% muzeylar umuman rejalariga kiritmaganlarini qayd etib o‘tganlar (С. Игнащенко. Мобильные экскурсионные проекты в музеях мира. Вчера-Сегодня-Завтра. 2012 — С. 6). Bunday texnologiyalarni joriy etgan muzeylar sohaviy tahlil etilganda tasviriy san’at muzeylari va galereyalar hamda fan-texnika muzeylari kesimiga mobil loyihalar to‘g‘ri kelishini kuzatish mumkin (С. Игнащенко. Мобильныe экскурсионные проекты в музеях мира. Вчера-Сегодня-Завтра. 2012 — С. 9). Mazkur muzeylarda ikki turdagi mobil ekskursiya loyihalari tashrifchilarga taqdim etiladi. Birinchisi: tashrifchilarga vaqtinchalik foydalanish uchun uskuna olib foydalanish; ikkinchisi: tashrifchilar faqat o‘zlarining shaxsiy smartfonlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

inno_29_09_2015_6

Hozirgi kunda, yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sohalarga keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, Toshkent bo‘ylab sayohat avtobusi 8 tilda ekskursiyani tinglash imkoniyatini beruvchi audiotur bilan jihozlangan, Samarqand shahri bo‘ylab tashkil etiladigan ba’zi turlarda mikrofonli audiogidlardan foydalanadilar. Muzeylar qatorida dastlabkilardan bo‘lib, «Aloqa tarixi muzeyi»da ham mobil audiogidlardan foydalanish joriy etilgan. Muzey mutaxassislari va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan «android» tizimida ishlovchi smartfonlar va planshetlar uchun «Mobil audiogid» dasturi ishlab chiqildi. Mazkur dastur yurtimizda bunday yo‘nalishda qilinayotgan ishlarning dastlabki qadamlaridandir (O‘zbekiston Respublikasi elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar davlat reyestrida 2015-yil 16-iyunda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Raqami DGU 03194). Muzeyga tashrif buyuruvchiga mazkur dastur o‘rnatilgan mobil qurilmasi vaqtinchalik foydalanishga beriladi. Dastur tugmasi ishga tushirilganda muzey haqidagi qisqacha ma’lumot oynasi ko‘rinadi.

Tashrifchida ekskursiya matnini 3 tilda, ya’ni o‘zbek, rus va ingliz tillarida eshitish imkoniyati mavjud. Dastur imkoniyati doirasida boshqa xorijiy tillarni ham qo‘shish mumkin.

Foydalanuvchi muzey eksponatlarining identifikatsiya raqamini kiritib ekskursiya ma’lumotlarini tanlangan tilda eshitishi hamda shu eksponatning turli ko‘rinishdagi rasmini ham ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.

inno_29_09_2015_7

Dastur bu yo‘nalishda yurtimiz yosh mutaxassis kadrlari tomonidan amalga oshirilgan dastlabki shakli bo‘lganligi sababli ma’lum kamchiliklardan ham holi emasligi tabiiy. Lekin mazkur ish ko‘lamini kengaytirish ishlari hamda hozirgi kunning talablari doirasiga yetkazish ustida ish olib borilmoqda. Buning natijasida dasturning yanada yangi qulayliklar bilan boyitilgan versiyasi yurtimiz muzeylari tashrifchilari e’tiboriga havola etilib, ularga qulaylik yaratiladi. Dasturning afzalligi shundan iboratki, dastur ommalashgan smartfon va planshetlarda ishlashi bilan bir qatorda, maxsus audiogidlar uchun mo‘ljallangan qurilmalarni chetdan sotib olish muammosining yechimi hamdir. Bu esa o‘z navbatida, hozirgi kunda yurtimizda ishlab chiqarilishi amalga oshirilayotgan milliy mahsulotimiz orqali mazkur masala arzon va qulay yechimini topadi. Bundan tashqari, mamlakatimiz muzeylarida audiogidlardan foydalanish ekskursovod xodimlarga bo‘lgan talabni birmuncha kamaytirib, ularni ilmiy tadqiqot ishlariga keng jalb etishga imkon yaratadi. Shuningdek, muzeylarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi ilmiy xodim-mutaxassislar sonining ortishiga, jahon muzeylarida faoliyat yurituvchi ilmiy xodimlar bilan amaliy tajriba almashinishiga, jahon tajribalarini yurtimiz muzeylarida yanada keng joriy etilishiga zamin hozirlaydi.

Xulosa qilib aytganda, XX asrga qadar turli kashfiyotlar, yangiliklar yillar davomida amalga oshirilgan bo‘lsa, XXI asrda ma’lum sohalardagi yangiliklar qisqa muddatlarda hayotga tatbiq etilayotganligi asrimizning tom ma’noda, innovatsiyalar asri ekanligini tasdiqlaydi. Mana shunday kunlarda yurtimiz yosh mutaxassislari tomonidan muzeylar sohasini bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarish yo‘lida qilinayotgan ishlar esa O‘zbekiston yoshlari jahon yoshlari bilan bemalol bellashishga tayyor ekanini namoyon etadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq