Axborot texnologiyalarini joriy etishning amaliy natijalari
28.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

ict_26_09_2015

ICTWEEK Uzbekistan 2015 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi “Axborot texnologiyalarini joriy etishning amaliy natijalari uchun” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda xo‘jalik sudlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni talablaridan kelib chiqqan holda 2013-yil 1-yanvardan boshlab xo‘jalik sudlariga da’vo arizalari va iltimosnomalarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratildi.

Bu maqsadda Oliy xo‘jalik sudining rasmiy saytida (www.oxs.uz) da’vo arizalar va iltimosnomalarni qabul qilish bo‘yicha markazlashtirilgan elektron tizim ishga tushirilgan. Ayni paytda xo‘jalik yurituvchi subyektlar Oliy xo‘jalik sudining rasmiy sayti orqali respublikaning istalgan xo‘jalik sudiga nafaqat da’vo arizalari va iltimosnomalarni, balki apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari, nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi arizalarni ham o‘z xohishlariga ko‘ra elektron shaklda taqdim etmoqdalar.

Hozirga qadar 82 000ta da’vo ariza va arizalar xo‘jalik sudlariga elektron shaklda jo‘natilgan.

2013-yil 1-iyundan sudga elektron shaklda murojaat qilgan shaxslarga sud hujjatlarini elektron yuborish tizimi ishga tushdi. Hozirga qadar 89 000ga yaqin sud hujjatlari sudlar tomonidan taraflarga elektron shaklda jo‘natilgan.

Sud majlislarini videokonferensaloqa orqali o‘tkazish imkoniyatining yaratilishi ushbu ishlarning davomi bo‘ldi. Sud muhokamasi ishtirokchilari boshqa hududda joylashgan xo‘jalik sudiga bormasdan, o‘zlari joylashgan hududdagi xo‘jalik sudining binosiga kelib, videokonferensaloqa tizimi orqali sud majlisida ishtirok etishlari mumkin.

2014-yilning sentabr oyidan hozirgacha 8400 nafar sud protsessi taraflari ishtirokida 4600 dan ortiq sud majlislari videokonferensaloqa orqali o‘tkazildi va bu ularning 2 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘larining tejalashiga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, hozirda Oliy xo‘jalik sudi tomonidan sud majlislarini audio-video qayd etish tizimini joriy etish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq