Eng yaxshi loyihalar aniqlandi
17.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “ICTWEEK Uzbekistan – 2015” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Intellect2All” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov Yoshlar tashabbuslari markazi tomonidan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ko‘magida tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda ulkan salohiyatga ega va iqtisodiyotimizni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadigan milliy dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuqori texnologiyalar sohasini rivjlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Yosh dasturchilar faolligi oshib, ular tomonidan yaratilayotgan dasturlar hayotimizning turli jabhalarida qo‘llanilmoqda.

Zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning intellektual salohiyatini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan “Intellect2All” tanlovi natijalari buning yorqin tasdig‘idir.

Tanlovning respublika bosqichi to‘rt kun davom etdi. Birinchi kuni ta’lim seminarlari o‘tkazildi. Zamonaviy axborot texnologiyalari bozorining yetakchi mutaxassislari mahorat saboqlari o‘tkazib, ishtirokchilarga axborot texnologiyalari sohasidagi biznes, ushbu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish xususida so‘zlab berdi.

Tanlovning ikkinchi va uchinchi kunlari ishtirokchilar loyihalarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Hay’at a’zolari eng yaxshi ishlanma va loyiha takliflarini saralab oldi. Tanlov hamkorlari final bosqichi sovrindorlarini tanladi. Ta’kidlash joizki, yosh dasturchilar uchun ish beruvchilar mavjud. Chunonchi, tanlovda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining ekspert komissiyasi tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatish uchun IT-loyihalarni saralab oladi.

Sovrinli o‘rinlar uchun 20 jamoa uch yo‘nalish – veb-ishlanmalar, mobil ilovalar va virtual voqelik bo‘yicha ilovalar yaratish bo‘yicha bellashdi.

Toshkent shahridan yosh dasturchi Doston Yusupov «Futbol.uz» loyihasi bilan eng yaxshi veb-ishlanma sovriniga sazovor bo‘ldi.

Mobil ilovalar nominatsiyasida Farg‘onaning «FFIX» jamoasi «Ideal xizmatlar» mobil ilovasi bilan g‘olib bo‘ldi.

Virtual voqelik bo‘yicha ilovalar yaratish yo‘nalishida Toshkent shahrining «VR+» jamoasi zafar quchdi. Ushbu jamoaning «Mening aziz Toshkentim» loyihasi o‘z nominatsiyasida eng yaxshi, deb e’tirof etildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq