«LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini boshladi
16.09.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

lg_15_09_2015

Respublikamizda dasturiy mahsulotlar mahalliy bozorini rivojlantirish, davlat organlari va mamlakatimiz korxonalariga eng zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur ishning yo‘nalishlaridan biri dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, axborot tizimlari va texnologiyalarini joriy etish  bo‘yicha yirik chet el kompaniyalarini jalb etish bo‘lib hisoblanadi.

Shu maqsadda  «LG CNS» koreys kompaniyasining katta tajribasi va keng imkoniyatlarini hisobga olib  hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-sentabr  PQ-2237 sonli  «Axborot tizimlari va dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish sohasiga chet el investitsiyasini jalb qilish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq «LG CNS Uzbekistan» O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi tashkil etildi.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan AKT Haftaligi doirasida 14-sentabr kuni O‘zbekiston-Koreya  «LG CNS Uzbekistan» qo‘shma korxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda «LG CNS» kompaniyasi prezidenti Kim De Xun, shuningdek, kompaniya vitse-prezidentlari Pak Jin Kug va Li Chol  ishtirok etdilar.

Qo‘shma korxona faoliyatining asosiy yo‘nalishi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, apparatli-dasturiy komplekslarni o‘rnatish va joriy etish, shuningdek, «Elektron hukumat» tizimi va iqtisodiyotning real sektori korxonalari uchun loyiha va  texnik hujjatlarni shakllantirish  bo‘lib hisoblanadi.

«LG CNS Uzbekistan» korxonasi loyihalarni amalga oshirishda mahalliy kompaniya va ishlab chiquvchilar bilan hamkorlik qilish hamda jalb etishni rejalashtirgan, bu o‘z o‘rnida mamlakatimiz axborot texnologiyalari bozorining rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.

Hozirgi vaqtda qo‘shma korxona davlat organlarini hamda davlat interaktiv xizmatlariga zamonaviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini joriy etish uchun ishonchli infratuzilmalarning  shakllanishini ta’minlaydigan «Elektron hukumat» tizimi bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshira boshladi.

«LG CNS» Kompaniyasiga 1987-yilda «LG» korporatsiyasi tomonidan asos solingan. Janubiy Koreyaning axborot texnologiyalari xizmatlarini ko‘rsatish sohasida eng yirik kompaniyasi bo‘lib hisoblanadi. Kompaniya butun jahonda 10dan ortiq mintaqaviy ofislariga ega hamda unda faoliyat yurituvchi xodimlarining soni 10 mingdan ortiq. «LG CNS» kompaniyasi  axborot texnologiyalari, konsalting, tizimli va tarmoq integratsiyasi, biznes-jarayonlari va axborot texnologiyalari autsorsingi sohasida ixtisoslashgan.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq