Yig‘ma elektron katalog yaratish: muammolar, yechimlar
31.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hilola Islomova.

yig_31_08_2015

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi axborot-kutubxona muassasalarida elektron kataloglarning yaratilishiga olib keldi. Keyingi yillarda Internet, Intranet texnologiyalarining inson faoliyatining turli sohalarga jadallik bilan kirib kelishi axborot-kutubxona muassasalarida yaratilgan elektron kataloglar asosida yig‘ma elektron kataloglar yaratishga imkoniyat berdi.

Yig‘ma elektron katalog — bu axborot-kutubxona muassasalarining elektron kataloglari majmuidir. Yig‘ma elektron katalog (YEK) yaratishdan maqsad:

  • axborot-kutubxona muassasalarining axborot-kutubxona fondiga kelib tushayotgan hujjatlarni hamkorlikda klassifikatsiyalash va kataloglashtirish;
  • yig‘ma bibliografik ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish hamda unga Internet/Intranet tarmog‘i vositalari orqali on-line kirishni ta’minlash;
  • axborot-kutubxona muassasalari orasida MARC-formatlar (MARC 21, UNIMARC, UZMARC) asosida bibliografik yozuvlarni almashtirish.

Yig‘ma elektron katalogning samaradorligi:

  • axborot-kutubxona muassasalariga lokal elektron katalog bazasini shakllantirishning samarali usullarini taqdim qilish.
  • YEK bazasini shakllantirishda ishtirok etayotgan har bir ishtirokchi boshqa axborot-kutubxona muassasasining resurslaridan (elektron katalogidan) foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
  • yig‘ma elektron katalog bazasidagi tayyor yozuvlardan foydalanish hisobiga kataloglashtirish xarajatlarini keskin kamaytirish.
  • tezkor bibliografik qidiruv imkoniyatini taqdim qilish.
  • axborot fondlari va resurslari bilan samarali almashtirish imkoniyati.
  • turli axborot mahsulotlarini (ko‘rsatkichlar, metodik qo‘llanmalar, muammoga yo‘naltirilgan ma’lumotlar bazalari va boshqalar) shu jumladan, milliy nashrlarning yilnomasini ham yaratish imkoniyatini beradi. YEK tarkibi quyidagi modullardan iborat bo‘lishi mumkin:
  • 1. Nashrlarning bibliografik tavsifidan iborat yig‘ma relyatsion ma’lumotlar bazasini yuritish va korporativ kataloglashtirish;
    2. Normativ-ma’lumotnoma axborotlari, sinonimlar va ochqich so‘zlar lug‘atlari, deskriptorli tezaurus-lug‘atlar, klassifikatsiyalashning unifikatsiyalashgan tizimlari, normativ (avtoritet) yozuvlar;
    3. Yig‘ma va lingvistik ma’lumotlar bazasiga WWW-tarmoq (Intranet tarmoqlari) orqali on-line kirish;
    4. Unifikatsiyalashgan bibliografik tavsif va bibliografik yozuvlarni almashtiruvchi format.

YEK yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan OSLS loyihasi e’tiborga loyiq. AQSH’ning Ogayo shtatida joylashgan va Jahon elektron katalogi (WorldCat) nomini olgan yig‘ma elektron katalogdagi bibliografik yozuvlar soni 50 mln.dan ortib ketgan bo‘lib, u 864 million nusxadagi hujjatlar to‘g‘risidagi bibliografik ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. YEK tarkibidagi ma’lumotlar insoniyatning 4 ming yillik tarixiga oid 400 tildagi materiallarni qamrab olgan.

Respublikamizda ham bugungi kunda axborot-kutubxona muassasalarining yig‘ma elektron katalogini yaratish ishlari olib borilmoqda. Respublika Oliy ta’lim muassasalari(OTM)ning yig‘ma elektron katalogi «Respublika OTMlarida elektron ta’limni joriy qilish markazi» qoshida tashkil qilingan bo‘lib, optik tolali kabellar bilan birlashtirilgan Korporativ tarmoq tarkibidagi bu katalogda bibliografik yozuvlar soni 800 000dan oshib ketgan. Yig‘ma elektron katalog ma’lumotlar bazasi ARMAT-U tizimi asosida tashkil qilingan. Respublika FA Asosiy kutubxonasi va unga qarashli 18ta ilmiy-tadqiqot institutlari qoshidagi kutubxonalar yig‘ma elektron katalogi tarkibidagi bibliografik yozuvlar 50 000dan ortiq. Yig‘ma elektron katalog ma’lumotlar bazasi ARMAT-U tizimi asosida tashkil qilingan bo‘lib, u http://armatfban.uz manzilida joylashtirilgan.

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga qarashli axborot-resurs markazlari yig‘ma elektron katalogi Internet tarmog‘ida taqdim qilingan bo‘lib, uning tarkibida 100dan ortiq ARMlarga qarashli 50 000 bibliografik yozuv mavjud. Yig‘ma elektron katalog ma’lumotlar bazasi ARMAT-U tizimi asosida tashkil qilingan. Yig‘ma elektron katalog http://armat.uz manzilida joylashtirilgan. Respublikamizda tashkil qilinayotgan yig‘ma elektron kataloglar tarkibidagi bibliografik yozuvlar tahlil qilinganda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
OTM ga qarashli ARM’lar elektron katalogi kamchiliklari:

    1. Ayrim ARM’larning elektron katalogidagi bibliografik tavsif elementlari to‘liq kiritilmagan.
    2. Chiqish ma’lumotlarini kiritishda ham ba’zi xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, hujjatning nashr etilgan joyi, yili va nashriyot nomi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilganda bibliografik yozuv to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan davlat standartlariga rioya qilinmagan.
    3. Iyerarxik, dinamik va statik kabi tizim ma’lumotnomalaridan to‘liq foydalanilmagan. Bu esa ish sifatini keskin pasaytiradi. Masalan, kiritilayotgan hujjatning «fanlar bloki» bo‘yicha qaysi fanga tegishli ekanligi ko‘rsatilmasa, birinchidan, statistik ma’lumot to‘liq shakllanmaydi, ikkinchidan, foydalanuvchi biror-bir fanga tegishli o‘quv adabiyotini qidirib topa olmaydi.
    4. Ko‘p tomlik asarlarni kataloglashtirish jarayonida, xususan, analitik tavsif berishda va ko‘p tomlik nashrning alohida raqamini kiritishda kamchiliklar mavjud.
    5. Seriali nashrlarni kataloglashtirishda ko‘plab xatoliklar mavjud. Masalan, seriya raqami va ko‘p tomlik nashr raqamini kiritishda xatoliklar uchraydi, ya’ni kataloglashtiruvchi bu ikki raqamni almashtirib qo‘ygan yoki qaysidir birini tashlab ketgan.

Ko‘pchilik OTM ARM’da avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi IRBIS tizimidan foydalanilgan. ARM xodimlari tizim bilan ishlashga o‘qitilmaganligi tufayli bir-biridan IRBIS tizimida kataloglashtirishni o‘rgangan kataloglashtiruvchilar kataloglashtirishda ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yganlar. ARM’da ARMAT-U tizimi joriy qilingach, IRBIS tizimi ma’lumotlar bazasidagi bibliografik yozuvlar ARMAT-U tizimiga import qilindi, natijada yo‘l qo‘yilgan xatoliklar ham ARMAT-U tizimiga ko‘chib o‘tdi. Turli OTM ARM ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bibliografik yozuvlarning sifati turli darajada. Malakali mutaxassislarga ega ARM’lar tomonidan yaratilgan bibliografik yozuvlar talab darajasida bo‘lsada, ba’zi bir ARM’larga tegishli bibliografik yozuvlar tahrir talab qiladi.

Turli ko‘rinishdagi hujjatlarning bibliografik tavsif elementlarini tizimning elektron katalogi ma’lumotlar bazasiga kirish bo‘yicha maxsus seminar-treninglar tashkil etilgan, o‘quv qo‘llanmalar tayyorlangan, multimediali qo‘llanmalar va maxsus trenajerlar ishlab chiqilgan bo‘lsada, ARM’dagi kadrlar qo‘nimsizligi yaratilayotgan elektron katalog sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, yig‘ma elektron katalog yaratishdagi birinchi muammo — bu kadrlar malakasini oshirishdir. Yuzaga kelgan muammoni hal qilish uchun 2012–2013 yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va Oliy ta’lim muassasalarida e’lektron ta’limni joriy etish markazida maxsus kurslar tashkil qilindi. Yig‘ma elektron katalog bazasini shakllantirish bo‘yicha masofaviy ta’lim asosida 600dan ortiq ARM xodimlari ARMAT dasturida ishlashga, ya’ni Respublika Oliy ta’lim muassasalari yig‘ma elektron katalogi bazasini yaratish va foydalanishga o‘qitildi. 2015-yil aprel oyidan boshlab «OTM elektron ta’limni joriy etish markazi» qoshida maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan berilgan buyruqqa ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi ARM barcha Oliy ta’lim muassasalarining ARM’lari uchun «Metodologik markaz» sifatida tasdiqlandi. Mazkur «Metodologik markaz» OTM ARM’larida elektron kataloglashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi hamda avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini ARM’larda joriy qilish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga qarashli axborot-resurs markazlari xodimlari malakasini oshirish kurslarida ham avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimida elektron kataloglashtirish va ARM’da avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy qilish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etildi. Bu kurslarda hozirga qadar 150dan ortiq ARM rahbari malaka oshirdi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Asosiy kutubxonasi va unga qarashli 18ta ilmiy-tadqiqot institutlari kutubxonalari xodimlarining malakasini oshirish maqsadida «O‘zbekiston Fanlar Akademiyasiga qarashli asosiy kutubxona va ilmiy-tekshirish institutlari kutubxonalarining virtual korporativ tizimi» mavzusidagi Davlat granti asosida elektron kataloglashtirish va avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimini kutubxonalarda joriy qilish bo‘yicha (2013–2014 yillarda) maxsus seminar-treninglar tashkil etildi.

OTM ARM yig‘ma elektron katalogini yaratishdagi yana bir muammo ma’lumotlar bazasidagi «dublet» yozuvlarning mavjudligidir. Hozirgi kunda, OTM ARM’ning elektron katalogidagi bibliografik yozuvlar soni 800 000dan ortiq bo‘lsada, aslida, bu yozuvlarning ko‘pchiligi takroriy kiritilgan bibliografik yozuvlardir. Shu sababli ham, hozirgi kunda korporativ tarmoqqa joylashtirilgan yig‘ma elektron katalog — bu respublika oliy ta’lim muassasalari ARM elektron kataloglarining yagona tizim asosida birlashtirilgan majmuidir.

Bunday elektron kataloglar majmuidan yig‘ma elektron katalogga o‘tishda yig‘ma elektron katalog tarkibiga kiruvchi barcha elektron kataloglarga kiritilgan bibliografik tavsif elementlarining to‘g‘ri kiritilishi katta ahamiyatga egadir, zero yig‘ma elektron katalog yaratishda dastlab bibliografik yozuvlar «dubletlikka» tekshiriladi, so‘ngra yagona bibliografik yozuvga shunday bibliografik yozuv mavjud bo‘lgan boshqa ARM’lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bog‘lanadi. Natijada korporativ tarmoq orqali o‘ziga kerakli adabiyotni qidirayotgan foydalanuvchi tizimning ma’lumotlar bazasidan o‘zini qiziqtirgan adabiyot to‘g‘risidagi bibliografik ma’lumotni va bu adabiyot qaysi OTM ARM’da mavjud ekanligi hamda bibliografik yozuvga to‘liq matnning bog‘langan yoki bog‘lanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yig‘ma elektron katalog yaratishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsadlardan biri ham shu edi.

Shunday qilib, yig‘ma elektron katalog yaratishda dastlab amalga oshiriladigan ish — bu korporativ tarmoqda joylashtirilgan barcha elektron katalog ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bibliografik tavsif elementlarining to‘g‘ri kiritilishini tekshirish va tahrirlashdan iboratdir. Biz elektron katalogga kiritilgan quyidagi bibliografik tavsif elementlari bo‘yicha tekshirishni taklif etamiz:

    1. Ishchi sahifa to‘g‘ri tanlanganligini tekshirish.
    2. Sarlavha to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish.
    3. Birinchi va ikkinchi javobgar shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish.
    4. Chiqish ma’lumotlarini tekshirish (nashr etilgan joy, nashriyot nomi, nashr etilgan yil).
    5. Kataloglashtirilayotgan hujjat hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish.

Barcha ma’lumotlar bazasidagi bibliografik tavsif elementlari yuqorida keltirilgan tavsif elementlari bo‘yicha tekshirilib, elektron katalog ma’lumotlar bazasi xatolardan holi bo‘lgach, bibliografik yozuvlar «dubletlikka» tekshiriladi va yagona bibliografik tavsifga «hujjat egasi» to‘g‘risidagi ma’lumotlar bog‘lanadi.

Bugungi kunda Respublikamiz OTM ARM’laridan o‘quv adabiyotlari yig‘ilib, ular skanerlash va elektron kataloglashtirish orqali elektron kutubxona yaratishga kirishilgan. 2012–2013 yillarda yaratilgan elektron resurslar soni 8 000dan ortiqni tashkil etadi. Bu resurslar orasida takror raqamlashtirilgan adabiyotlar ham talaygina. Respublikaning turli OTM ARM’laridan to‘plangan kitoblarni «dublet nusxaga» tekshirishning amalda imkoni yo‘q. Demak, elektron resurslar yaratishda yana bir muammo, ya’ni avval elektron shaklga o‘tkazilgan o‘quv adabiyotlarni takror skanerlash va elektron kataloglashtirish muammosi paydo bo‘ldi. Bu muammoni hal etish uchun Respublika OTM ARM yig‘ma elektron katalogi tashkil qilinishi lozim va elektron shaklga o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan o‘quv adabiyotlari dastlab yig‘ma elektron katalog bazasida izlanishi, to‘liq matn bibliografik yozuvga bog‘langan yoki bog‘lanmaganligini tekshirish kerak. Olingan natijaga qarab adabiyot avval elektron shaklga o‘tkazilgan yoki o‘tkazilmaganligini aniqlash mumkin bo‘ladi. Bu usuldan foydalanib, elektron shaklga o‘tkaziladigan adabiyotlar ro‘yxatini aniqlash mumkin bo‘ladi. Quyida ma’lumotlar bazasiga kiritilgan bibliografik yozuvlarni tahrirlash usullarini ko‘rib chiqamiz.

Tizim elektron katalogidagi bibliografik yozuvlarni tahrirlashda quyidagi funksiyalardan foydalanishni tavsiya etamiz:

    1. Muallif familiyasi bo‘yicha qidirish va topilgan bibliografik yozuvlar orasidan muallif familiyasida yo‘l qo‘yilgan kamchilikni to‘g‘rilash.
    2. Hujjatlarni «Sarlavhasi» bo‘yicha qidirish va topilgan bibliografik yozuvlar orasidan hujjat sarlavhasida yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni to‘g‘rilash.
    3. Hujjatlarni nashr etilgan yili bo‘yicha qidirish va topilgan bibliografik yozuvlar orasidan hujjatning nashr etilgan yili bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilash.
    4. Hujjatlarni nashr etilgan joyi bo‘yicha qidirish va topilgan bibliografik yozuvlar orasidan hujjat nashr etilgan joyi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilash.
    5. Hujjatlarni nashriyot nomi bo‘yicha qidirish va topilgan bibliografik yozuvlar orasidan hujjatni nashr etilgan nashriyot nomida yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni to‘g‘rilash.
    6. Tizim maydonostiga «qo‘lda» kiritilgan ma’lumotlarni to‘g‘rilash. Masalan, 245 V «Sarlavha davomi» maydoniga kiritilgan ma’lumotni to‘g‘rilash, «Monografiya» so‘zi o‘rniga «mnografiya» yozilishi kerak.
    7. Kataloglashtirishda bo‘sh qoldirilgan maydonlarga ma’lumot kiritish. Masalan, «Axborot texnologiyalari kutubxonalarda» sarlavhali bibliografik yozuv «sarlavha davomi» 245 V maydoniga «o‘quv qo‘llanma» tavsif elementi kiritilishi kerak.
    8. Statik ma’lumotnomadan foydalanishda yo‘l qo‘yilgan xatoni to‘g‘rilash. Hujjatlar kataloglashtirilayotganda 901 T maydoniga menyudan foydalanib, tegishli kod kiritilishi kerak. Masalan, dissertatsiyalar kataloglashtirilganda 901 T maydoniga d — dissertatsiya kodi kiritilishi kerak. 901 T maydon bo‘sh qoldirilganda Kitobxonning avtomatlashtirilgan ish o‘rnida dissertatsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq aks etmaydi.
    9. Maydonostiga kiritilgan, ammo kerak bo‘lmay qolgan bibliografik tavsif elementlarini o‘chirish. Masalan, 090 A shifrlar maydoniga hujjatlarning shifrlari kiritilgan, ularni o‘chirib yuborish kerak.
    10. Maydon va maydonostilarga xato kiritilgan bir harf, so‘z yoki iborani to‘g‘risiga almashtirish. Masalan, Sarlavha maydoniga kiritilgan bir necha so‘zlarda bir nechta bir xil harfni o‘zgartirish kerak bo‘lsin.

Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib, aхborot-kutubxona muassasalarining YEK yaratishda quyidagi muammolar aniqlandi:

    1. Axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini elektron kataloglashtirish (MARS formatlar asosida) bo‘yicha malakasini oshirish.
    2. Axborot-kutubxona muassasalarida dasturiy texnika vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi talabga javob bermasligi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga qarashli ARM’larning ba’zilari kompyuterlar bilan ta’minlanmagan. Oliy ta’lim muassasalariga qarashli ARMlarda korporativ tarmoqqa ulangan kompyuterlar soni talab darajasida emas. Bu holat YEKdan foydalanish samarasini keskin pasaytirib yuboradi.
    3. Axborot-kutubxona muassasalarini optik tolali kabellar bilan birlashtirib, yagona korporativ tarmoqqa aylantirilmaganligi.
    4. O‘quv adabiyotlarini elektron shaklga o‘tkazish ishini talab darajasida emasligi. O‘quv adabiyotlarini elektron shaklga o‘tkazishda takrorlashga yo‘l qo‘yilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, elektron resurslar yaratish xarajatini keskin oshirib yuboradi.
    5. Oliy ta’lim muassasalariga qarashli ARM’larning barchasi avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lsa, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga qarashli 1400dan ortiq ta’lim muassasalarining 50 foizga yaqini avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari bilan ta’minlangan xalos. Ammo Respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalari soni 12 000dan ortiq ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, Respublikamiz bo‘yicha avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlari bilan ta’minlanganlik darajasi pastligini bildiradi.

Yuqoridagi muammolarni hal qilish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:

  • OTM qoshidagi ARM xodimlari malakasini oshirish uchun O‘zbekiston Milliy universiteti ARM huzuridagi «metodologik markaz» bilan Oliy ta’lim muassasalarida e’lektron ta’limni joriy etish markazida (ARM’da avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimlarini joriy etish bo‘yicha) maxsus kurslar tashkil etish lozim.
  • Axborot-kutubxona muassasalarini tegishli dasturiy texnika vositalari bilan ta’minlash kerak. Oliy ta’lim muassasalariga qarashli ARM’larda korporativ tarmoqqa ulangan kompyuterlar sonini oshirish lozim.
  • Axborot-kutubxona muassasalarini optik tolali kabellar bilan birlashtirib, korporativ tarmoqlar (Internet, Intranet) hosil qilish.
  • O‘quv adabiyotlarini elektron shaklga o‘tkazish.
  • Axborot kutubxona muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlarini bosqichma-bosqich joriy qilish kabi vazifalarni bajarish lozim.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq