Kasaba uyushmasi xodimlar manfaati uchun xizmat qiladi
31.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

kas_31_08_2015

O‘zbekiston aloqa sohasi xodimlari ijtimoiy himoyasini ta’minlash, davlat ijtimoiy kafolatlarini takomillashtirish, ularga rioya qilish, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, madaniy-ma’rifiy, sport-jismoniy tarbiya ishlarini tashkillashtirish O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining asosiy vazifalari bo‘lib hisoblanadi. O‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, Kasaba uyushmalari faoliyatiga taalluqli va boshqa muhim davlat hujjatlariga muvofiq olib boradi.

kas_31_08_2015_1

2015-yil 7-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi VIII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy tashkilotchilari: O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashidir. Anjumanda jami: VIII qurultoy delegatlari — 98 nafar bo‘lib, taklif etilgan faollar va faxriy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan jami 140 nafar ishtirok etdilar. O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining Ustaviga muvofiq Qurultoy oliy rahbar organi hisoblanib, har besh yilda bir martaba o‘tkazish belgilangan. Shunga ko‘ra joriy yil ham O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining navbatdagi VIll qurultoyi o‘tkazildi. Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2010 — 2015 yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlariga doir hisobot delegatlar va ishtirokchilar diqqatiga havola etildi. Shuningdek, O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining Taftish komissiyasi tomonidan hisobot davrida Ustav talablari va belgilangan me’yoriy hujjatlar asosida olib borgan moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi hisobot ting-landi. Shu bilan birga, Qurultoy ishida O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasining harakat Dasturiga hamda Ustaviga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan delegatlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va uning tizimidagi barcha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarning belgilab olinishi bilan bir qatorda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan strategik yo‘nalishlari loyihasi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ustaviga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan delegatlar fikrlari tinglandi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Qurultoy kun tartibida tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqilib, yangi muddatga kengash va rayosat a’zolari saylandi.

kas_31_08_2015_2

O‘tgan 5 yil yakunlari sarhisob qilinar ekan, birinchi navbatda, iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlari qatorida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish sohasi barqaror rivojlanib, yuqori o‘sish sur’atlariga erishmoqda. Bugungi kunda sohada barcha analog telefon stansiyalar to‘liq raqamli tizimga o‘tkazildi. Yangi bazoviy mobil aloqa stansiyalar soni ko‘payishi hisobiga abonentlar soni 20 milliondan oshdi. Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligi sezilarli darajada oshishi natijasida Internetdan foydalanuvchilar soni 10 milliondan oshib, aholini uchdan bir qismini tashkil etmoqda.

2013–2020 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi asosida Respublika kengashi va tizimdagi kasaba uyushma tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda sohada faoliyat yurita-yotgan aksiyadorlik kompaniya, jamiyat va korxonalar bilan ijtimoiy sheriklik borasida ishlar tashkil etib kelinmoqda. 2012-yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining tavsiyasi asosida tarmoq kasaba uyushmalari Markaziy kengashlari tuzilmasidagi viloyat, tuman kengashlari, birlashgan kasaba uyushma tashkilotlarida optimallashtirish ishlari bajarildi. Natijada, tuzilmada 13ta viloyat birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari faoliyatlari tugatildi.

kas_31_08_2015_3

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar kesimida «O‘zbektelekom» AK va «O‘zbekiston pochtasi» AJ filiallarida yangi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari tashkil etildi. Ish beruvchilar ko‘magida barcha boshlang‘ich tashkilotlarni samarali faoliyat yuritishlari uchun alohida xona, kompyuter jamlamalari bilan ta’min-landi va Internetga bog‘lanish orqali elektron hujjat almashish tizimi yaratildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining qarori bilan tasdiqlangan «Profkarta» asosida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi va uning tizimidagi 6ta nashriyot uylari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Respublika televideniye va radio kasb-hunar kolleji, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Ma’naviyat markazi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari jami 6453 nafar kasaba uyushma a’zosi bilan Respublika kengashining xizmat doirasiga olindi.

Tahlillarga ko‘ra, tizim xizmati doirasida 2010-yil yakunida 165ta boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashgan bo‘lib, ulardagi a’zolari soni 58899 nafardan iborat edi. 2015-yilning 1-yanvar holatiga xizmat doirasiga olingan boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari soni 2010-yilga nisbatan 12,2 foizga oshdi. Bugungi kunda Respublika kengashi 182ta boshlang‘ich tashkilot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri faoliyat yuritib, ulardagi a’zolar soni 64392 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakatimizda har yili aholi farovonligini mustahkamlash, xalqimizning hayot darajasini yuksaltirish, inson manfaatlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali turmush darajasini oshirish kabi dolbzarb vazifalarni o‘z ichiga olgan qator dasturlarning tatbiq etilishida kasaba uyushmalari bevosita ishtirok etib, ushbu dasturlar ijrosini ta’minlashda asosiy e’tibor ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, ayollar va yoshlar, yolg‘iz qariyalar manfaatlarini ifodalashga qaratildi. Jumladan, 2010-yilga nisbatan moddiy yordam pullari navbatdagi mehnat ta’tiliga chiqayotganda — 4 barobarga, 2 yoshdan 3 yoshgacha bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan ayollarga — 4,3 barobarga, ishlamaydigan faxriylarga — 4,4 barobarga oshdi.

kas_31_08_2015_4

2014-yilning o‘zida yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 601ta yosh oilalar vakillariga jami 58,5 mln. so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Ushbu maqsadlarga kasaba uyushmaning 9,7 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘lari sarflandi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli, kam ta’minlangan, ota-ona qaramog‘idan mahrum 130 nafar talabalarning 359,9 mln. so‘m miqdoridagi shartnoma pullari ish beruvchilar mablag‘i hisobidan qoplandi. Kasaba uyushma mablag‘lari hisobidan kasb-hunar kolleji talabalaridan 516 nafariga amaliyot o‘tash davrida jami 16,6 mln. so‘m, 260 nafar yosh mutaxassislarga jami 14 mln. so‘mlik bir martalik madad pullari berildi.

2013-yilda kasaba uyushma byudjeti hisobidan 239 nafar xodim, 2014-yilda a’zolik badallari hamda ish beruvchilar mablag‘lari hisobidan 1378 nafar sanatoriy va dam olish uylarida sog‘lomlashtirilib, 392 mln. so‘m sarflandi. 2010-yilda mehnat muhofazasi tadbirlari uchun 1,9 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, 2014-yil yakuniga ko‘ra mazkur maqsadlarga yo‘naltirilgan mablag‘ miqdori 3,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, umumiy mablag‘ miqdorini 1,8 barobariga oshishiga erishildi. Respublika kengashi tomonidan 10ga yaqin Qonun loyihasiga takliflar kiritildi. Jamoatchilik nazoratini olib boruvchi komissiyalar uchun 4ta qo‘llanma (eslatma), 5ta yo‘riqnoma, kasaba uyushma faollari uchun 14ta tavsiyanomalar tayyorlandi.

Soha tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat Qonunchiligi talablarining bajarilishi o‘rganilib, aniqlangan ayrim xato-kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ish beruvchilarga 60tadan ortiq taqdimnoma, taklif va tavsiyalar kiritildi. Hisobot davrida, xodimlarning jami 804ta murojaatlari ko‘rib chiqildi, jumladan, 114ta yozma, 690ta og‘zaki murojaatlar bo‘lib, barchasi yuzasidan mualliflarga tegishli xulosalar berildi. Soha xodimlarini ma’naviy dunyoqarashini o‘stirish, qadimiy shaharlar tarixi va yodgorliklari, milliy urf-odatlar va an’analar bilan yaqindan tanishtirish borasida Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Navoiy viloyati va respublikaning boshqa qadimiy qadamjolariga sayohatlar tizimli ravishda, uyushtirilib borildi. Mazkur tadbirlarga jalb qilinganlar soni 2011-yildagi 188 nafardan 2014-yilga kelib, 3207 nafarga oshdi. Ushbu maqsadlarga jami 600 mln. so‘mdan ziyod, shundan kasaba uyushmalari mablag‘i hisobidan 30 mln. so‘m yo‘naltirildi. Madaniy-ommaviy tadbirlar negizida 2012-yilda 8 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila a’zolari teatr, konsert, muzey va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etilgan bo‘lsa, 2014-yilda ularning soni 17 mingdan oshdi.

kas_31_08_2015_5

O‘tgan besh yil mobaynida xodimlarning 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan farzandlarini 25 mingdan ziyodi soha tasarrufidagi statsionar bolalar oromgohlarida, hududlarda tashkil etilgan maktab qoshidagi kunduzgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi. Hisobot davomida 60tadan ziyod «Kasaba uyushmalari o‘quvi kunlari» tashkillashtirildi. Shuningdek, «Eng namunali boshlang‘ich tashkilot», «O‘z kasbining mohir egalari», «Eng faol yosh dasturchi» kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib kelindi. Ommaviy axborot vositalari orqali respublika kasaba uyushmalari tashkilotlarining mamlakatimiz demokratik islohotlarini yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida muhim dastur va tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtiroklari, keng yoritib kelindi.

Qurultoy delegatlari tinglagan ma’ruzalarda hisobot davrida tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatlarida erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham alohida to‘xtab o‘tildi. Hisobot ma’ruzasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar belgilab olindi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator delegatlar so‘zga chiqib, kelgusi faoliyatni yanada takomillashtirishga doir qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdilar. Qurultoy kun tartibi bo‘yicha Kengash raisi etib, Asror Ishanxodjayev saylandi, Kengash va taftish komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlanib, tegishli qarorlar qabul qilingandan keyin, anjuman o‘z ishini yakunladi.

Shu kuni soha tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan «Eng namunali boshlang‘ich tashkilot» ko‘rik-tanlovi hamda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining qo‘shma buyruq-qarori asosida soha tizimidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar o‘rtasida tashkil etilgan «Eng faol yosh dasturchi» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirsabirovich ishtirok etdi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq