Xodimlar hayoti farovonligi uchun
30.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hafiza Salyahova.

xod_30_08_2015

“O‘zbekiston pochtasi” AJ Farg‘ona filiali boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi mehnat munosabatlarini tartibga solish va muvofiqlashtirib borish, jumladan, mehnatga haq to‘lash, bandlikni ta’minlash, mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoya bo‘yicha takliflarni o‘rganib, tahlil qilib bormoqda. Maqsad yagona – xodimlar mehnatini qadrlash, shu bilan tizim taraqqiyotini ta’minlashdan iborat.

Kasaba uyushma faoliyati 2012–2014 yillar uchun qabul qilingan jamoa shartnomasining 2014-yilda bajarilishi bo‘yicha jamoa konferensiyasi qarorida o‘z aksini topgan. Unda barcha bandlar to‘la bajarilgani qayd etilgan. Undagi eng diqqatga sazovor o‘rinlar haqida to‘xtalsak: ikki yoshgacha farzandi bo‘lgan 83 nafar onalar ko‘mak pullarini olmoqdalar. Bundan tashqari, ular bola uch yoshga to‘lguncha ta’tilda o‘tirish huquqiga egalar. Xodimlarning farzandlari salomatligi yo‘lidagi sarf-xarajatlar yilma-yil oshirilmoqda. O‘tgan yilda xodimlarning 204 nafar farzandlari yozgi oromgohlarda miriqib dam olgan bo‘lsa, bu yil 210 nafar bola shunday imkoniyatdan foydalandi. Bundan tashqari, 2013–2014 yillarda 17 nafar yosh ishchi-xodimlar yangi namunali uy-joylar sohiblari bo‘lishgani nihoyatda quvonarlidir. Ularga 2013-yilda 7 nafarining har biriga 35,0 mln. so‘mdan, 2014-yilda 10 nafarining har biriga 45,0 mln. so‘mdan, jami 665,0 mln. so‘mlik imtiyozli kredit (jamiyat kafilligi ostida) ajratilib, «Qishloqqurilish» bankiga o‘tkazib berildi va bu xodimlarning oylik maoshlariga 40 foiz miqdorida qo‘shimcha ish haqi to‘lanmoqda. O‘tgan yili birinchi marta qonuniy nikohdan o‘tayotgan 17 nafar yoshlarga sal kam 18 mln. so‘mlik moddiy yordam puli to‘landi. Bu yil esa shu kungacha 14 nafar yoshlar oila qurdilar va ular ham moddiy ko‘makdan bahramand bo‘ldilar. Ehtiyojmand yosh oilalar ham kasaba uyushma muruvvatidan manfaatdor bo‘lib turibdilar. Soha ta’lim muassasalarini bitirib, ishga joylashgan 36 nafar yosh mutaxassislarga bir martalik yordam puli to‘landi. Filialda ishlayotgan 38 nafar xodimga boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi mablag‘laridan 8 mln. 905 so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

«Ha, misollardan ko‘rib turibsizki, filialda barkamol avlod tarbiyasiga ham eng dolzarb masala sifatida qaralmoqda, — deydi filial boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Alijon Ibragimov. — Zotan, aziz va muqaddas O‘zbekistonimizning istiqboli yoshlarimizning aqliy va jismoniy kamolotiga bog‘liq. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi bo‘yicha ham qator ishlarni rejalashtirib, amalga oshirmoqdamiz. Uch nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga jamiyat tomonidan berilgan 400 ming so‘mlik mukofot pullarini topshirish bilan birga, ularga filial tomonidan ham sovg‘alar taqdim etdik. 9-may «Xotira va qadrlash kuni» hamda 7-may «Aloqachilar kasb bayrami kuni» munosabati bilan Farg‘ona tumanidagi «Bo‘ston» to‘yxonasida o‘tkazilgan tantanada 50 nafardan ko‘p faxriylarimizga ham izzat-hurmat ko‘rsatdik. Ushbu umumxalq bayramlari arafasida sohada uzoq yillar mehnat qilgan 52 nafar faxriylarimizga «O‘zbekiston pochtasi. Tarix va taraqqiyot» albom-kitobini hadya etdik. Faxriylarimizni sanatoriylarda dam oldirishdek ezgu-niyatlarni dilimizga tugib qo‘yganmiz. Yana shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, xodimlarimiz qutlug‘ yoshga to‘lganlarida, pensiya yoshiga yetganda, uzluksiz ish stajlari sanalarida ham rag‘batlantirilmoqda.

xod_30_08_2015_1

Darhaqiqat, shunday — kasaba qo‘mitasi raisining hayoti qizg‘in, turli-tuman voqea-hodisalarga boy kechadi.

Xodimlar quvonchi — uning quvonchi, xodimlar tashvishi — uning tashvishi. Odamlar bilan birga, quvonib, birga qayg‘urish — uning burchi, vazifasi. Rais filialda sport-sog‘lomlashtirish ishlariga ham katta mablag‘ ajratila-yotganidan, ayniqsa, g‘ururlanadi. Bo‘lmasamchi, sport uchun yelib-yugurishlardan aslo charchamaslik kerak. Chunki o‘zi ham sportni juda yaxshi ko‘radi. Sport inson sog‘lig‘i uchun qanchalar katta ahamiyatga egaligiga o‘zi guvoh bo‘lgan. O‘tgan yili tashkil etilgan stol tennisi musobaqalari viloyat bosqichida faxrli o‘rinlarni olgan uch nafar xodim hamda respublika bosqichiga chiqqan bir nafar xodim pul mukofoti bilan taqdirlandilar. 2014-yilning noyabr oyida o‘tkazilgan mini futbol musobaqalarida sport formalari va qimmatbaho sovg‘alar uchun sal kam to‘rt mln. so‘m mablag‘ sarflandi.

Kasaba qo‘mitasi raisi mehnatda g‘ayrat-shijoat ko‘rsatganlar munosib rag‘batlantirilayotganidan, o‘tgan yilda 19 nafar xodimlar sanatoriylarda sog‘lig‘ini tiklanganidan, bu yil 30 nafar xodim «Kosonsoy», «Chimyon», «Rapqon» kabi sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamlab olganlaridan qoniqish bilan so‘zlaydi. Yaypan PAT aloqa bo‘limi boshlig‘i Mahamadxon Alimovning Axborot tenologiyalari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanganligi barcha pochta xodimlarining ruhiyatini ko‘tarib yubordi. Obuna mavsumi pochta tizimida eng mas’uliyatli davr.

Bu mavsumda dam olish kunlarisiz, halovat bilmay ishlaydigan xodimlarimiz juda ko‘p. Filialda Gulnoraxon Raykenova boshchigida yetakchi mutaxassis Asalxon Halilova, yosh mutaxassis Nozimbek G‘oziyevlar sa’y-harakatlari samarali bo‘ldi. 2015-yil obunasi uchun jon kuydirgan, rejani yorug‘ yuz bilan bajargan Yaypan va Quvasoy, Qo‘qon, Bag‘dod Yangiqo‘rg‘on PAT boshliqlari No‘monjon Toshqo‘ziyev, Tatyana Masina, Muxsinjon Mir-tojiyev, Shuhratjon Qambarov, Zafarjon Muxomovlar kabi 17 nafar rahbar va xodimlar bir oylik maosh miqdorida mukofotganligidan, besh nafar xodimning filial Faxriy yorlig‘ini olishga sazovor bo‘lganidan o‘zimiz ham behad mamnunmiz. Binobarin, xodimning korxona yutuqlaridagi ulushi aslo bee’tibor qolmasligi darkor.

Mehnatda muvaffaqiyatlari nazardan chetda qolsa, xodimlarda tashabbuskorlik asta so‘nib borishi, yo‘q bo‘lib ketishi ham hech gap emas. Zotan, xodimning qadrlanishi, har jihatdan ijtimoiy himoyalanganligi korxona va umuman jamiyat hayotida faol ishtiroki hamda osuda turmush kechirishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, filialda ischi-xodimlar salomatligiga alohida e’tibor qaratiladi. Boshqalarning salomatligi haqida qayg‘uradigan tibbiyot xodimlarini mehr-muhabbat xizmatchilari deydilar. Filialda faoliyat yuritib kelayotgan Kanizaxon Ismoilova ana shunday fidoiylarning biri. Chehrasida doimo samimiyat yog‘ilib, jilmayibgina yuradi. Filialdagi tibbiyot xonasiga kirsangiz, mehribon nigohidan dilingizga xotirjamlik inadi. Huzuriga kirgan xodimlar nafaqat dardlariga davo oladilar, balki shifobaxsh mehridan ham ko‘ngillari ko‘tarilib, ketadilar. Xodimlarning turli shikoyatlarini tinglab, dardlariga dardmand bo‘lish qon-qoniga singib ketgan. Hamisha jo‘yali maslahatlar beradi, mutaxassis shifokorlarga yo‘llaydi. Sira og‘rinmaydi. Vaqtingizni oldim, desalar, ishim shu-ku, deydi kulimsirab.

Ajabo, ba’zan uning ikki og‘izgina maslahati, shirin kalomi kishiga taskin-tasalli bo‘ladi, qushdek yengil tortib ketasiz. Shirin so‘z — shifo, deganlari shu bo‘lsa kerak. Ko‘zingizga dunyo yana qaytadan go‘zal va maftunkor bo‘lib ko‘rina boshlaydi.

«Filialimizda «hamshira» shtati saqlab kelinayotganining ahamiyati juda katta, — deydi filial fuqarolar arizalari va shikoyatlari bo‘yicha muhandisi Ziyodaxon Rahmonova, — Sog‘lig‘imizni asrab-avaylashda, hatto yaxshilashda hamshiramizning xizmatlari beqiyos bo‘lmoqda. Hamshiramizga: «Doimo sog‘ bo‘ling, omon bo‘ling, Kanizaxon! — deymiz. Shunday odamlar borki, ularning so‘zlaridan ko‘nglingiz yayraydi. Kanizaxon ham ana shundaylar sirasidan».

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq