Telekommunikatsiya infratuzilmasi – milliy axborot texnologiyalari istiqbolining poydevori
30.08.2015
Rukn: Texnologiya.
Muallif: No‘mon Akbarov.
Yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar orasida keyingi
yillarda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari boshqa sohalarga
nisbatan jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash joiz.
Ushbu xizmatlar hajmi so‘nggi besh yilda
3,3 barobar, o‘tgan yili esa 24,5 foizga o‘sdi.

Islom Karimov

Mustaqillik tufayli olib borilayotgan islohotlar zamirida xalq farovonligi, yurt obodligi, oilalar mustahkamligi, inson qadr-qimmati va haq-huquqlarining ta’minlanishi bois, O‘zbekiston xalqini tinchliksevar, bunyodkor xalq sifatida dunyoga tanitdi.

Bunday natijalarga xalqimizning bir tanu-bir jon bo‘lib, harakat qilishi bilan erishildi, albatta. Xalqimizning matonati, fidokorona mehnati, eng og‘ir damlarda ham sabr-bardosh bilan, kelajakka ishonchini so‘ndirmay olg‘a intilgani bugungi yorug‘ kunlarga yetkazdi. Shuning uchun ham biz Vatanning yagonaligi, onadek azizligi, betakrorligini ulug‘laymiz. Mamlakatimiz Mustaqilligining 24 yilligiga bu yil ham o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qarorida ham xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida bosib o‘tgan 24 yillik muzaffar yo‘lning mohiyati aks ettirilgan. Qarorda «O‘zbek modeli» sifatida tan olingan rivojlanish strategiyasining real natijalarini dunyo hamjamiyati tan olib, rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shayotgan xulosalarini biz avlodlarga yetka-zishning muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish xizmatlarini rivojlantirish va sifatini oshirish masalalariga ustuvor vazifasi sifatida ahamiyat qaratildi. Agar tarixga nazar solsak, sobiq ittifoq davridan bizga meros bo‘lib, zamon talablariga javob bermaydigan eski telefon stansiyalari va yaroqsiz holatga kelgan aloqa vositalari qolgan edi. Fuqarolar yillar davomida telefon o‘rnatish uchun navbatda turar, (10–15 yillab) shunda ham 100 aholi jon boshiga 1–1,5ta telefon to‘g‘ri kelardi. Yangi aloqa vositalarini o‘rnatish uchun Markazdan ruxsat olish kerak bo‘lgan. Shu bilan birga, talabgorlarning aloqaga bo‘lgan ehtiyoji oshib, muammolar o‘z vaqtida hal etilmasdi, shaharlararo, xalqaro so‘zlashuvlarni amalga oshirish uchun 3 kun oldin so‘zlashuv maskaniga borib, telegramma yuborib, shunda ham markazning ruxsatidan so‘ng gaplashish mumkin edi. Hozirchi… telefon orqali dunyoning istalgan yeri bilan xohlagan vaqtida so‘zlashish yoki Internet orqali kerakli ma’lumotlarni olish mumkin.

Bu avvalo, istiqlolning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli sohalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va foydalanish, telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirishga muhim vazifa sifatida qaralib, milliy iqtisodiyotni barqaror va to‘laqonli rivojlantirishda ushbu tizimning ahamiyati yuqori ekanligiga alohida e’tibor berilganligining samarasidir. Bugun mamlakat iqtisodiyotining mazkur sektori nafaqat YAIM hajmini oshirishga, balki korxonalarning ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati yuksalishiga, ichki va tashqi bozorlarni yaratish va kengaytirish, aholi turmush darajasini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan e’tibor natijasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari yordamida ma’lumotni masofadan turib, sifatli uzatish, qabul qilish va qayta ishlash jarayoni takomillashdi.

1992-yilda aloqani tashkil etish, tartibga solish va rivojlantirish sohasida umumiy-huquqiy munosabatlarni belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining «Aloqa to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Umuman, o‘tgan davr mobaynida, mamlakatda AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza shakllantirildi, ya’ni tarmoqqa oid 11ta qonun, 6ta turdosh qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3ta Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 40dan ortiq qarori hamda 600dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilindi. 1992-yilda mamlakatimiz tomonidan NEAX Xalqaro yo‘ldoshli aloqa stansiyasining ishga tushirilishi natijasida 20ta xalqaro ma’lumot almashish kanallari tashkil qilindi. Shu yili IBS tipidagi yo‘ldoshli kommutatsiya aloqa stansiyasi qurildi va yana qo‘shimcha 30ta ma’lumot almashish kanallari tashkil etildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida, yurtimizda mustaqil aloqa tizimi barpo etildi. Bu esa O‘zbekistonga xalqaro telekommunikatsiyalar tarmog‘iga chiqishni hamda mamlakatning aloqa sohasidagi mustaqilligini ta’minladi.

2000-yil qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Telekommunikatsiya sohasida boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilinishida muhim me’yoriy hujjat bo‘ldi. Mamlakatimiz telekommunikatsiya tarmoqlarida 2003-yildan boshlab simsiz CDMA-450 standarti asosida simsiz radioaloqa tizimi orqali ma’lumot almashish xizmati ko‘rsatila boshlandi. Mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan «O‘zbektelekomMobayl» tomonidan 2007-yilda O‘zbekiston hududi simsiz radioaloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olindi.

So‘nggi 10 yil ichida 2,5 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi amalga oshirilgan 40dan ortiq loyihalar natijasida yurtimizda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lgan holda, barcha shaharlararo va xalqaro telefon stansiyalarini hamda mahalliy telefon stansiyalarini raqamlashtirishga erishildi. O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmog‘ini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish, mavjud telefon stansiyalarining zamon talablariga javob berishini ta’minlash maqsadida 60dan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirildi. Respublikada o‘tgan yillar davomida barcha sobiq ittifoq davridan qolgan analog, kordinat stansiyalar va uzatish tizimlariga raqamlashtirildi. MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, raqamlashtirish Farg‘ona viloyatida amalga oshirildi va unda 50 000 raqamli telefon stansiyalar Qo‘qon, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida ishga tushirildi. Yaponiya bilan hamkorlikda 1997–2000 yillarda Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi Farmoni iqtisodiyotning turli tarmoqlari, boshqaruv, biznes, fan va ta’lim sohalariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda aholining turli qatlamlariga zamonaviy kompyuter va axborot tizimlaridan keng foydalanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratib berishda asosiy qadam bo‘ldi. Aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarida xDSL, FTTx hamda Wi-Fi WiMAX kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Mamlakatimiz bo‘ylab tortilgan optik aloqa tarmoqlari 16 ming kilometrni tashkil etmoqda. 2014-yilda yurtimizda, xususan, Qo‘ng‘irot, Boysun, Uzun, Mo‘ynoq kabi olis tumanlarda 2 ming kilometrdan ziyod optik tolali aloqa tarmoqlari barpo etildi.

Yuqorida qayd etilgan, bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan tadbirlarni mantiqan davom ettirish maqsadida, 2015-yilda qishloq joylarida aloqa xizmati, bank-moliya va kommunal xizmatlari sohasini rivojlantirish, telekommunikatsiya yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish, Internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, keng polosali optik tarmoqlarni kengaytirish va optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ishlarini davom ettirish, barcha hududlarni, shu jumladan, uzoq va chekka hududlarni raqamli televideniyega o‘tkazish ishlarini oxiriga yetkazish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olingan. Tahlillar 2014-yil mobaynida 500dan ortiq yangi mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilishi hisobiga abonentlari soni qariyb 20 milliondan oshib, xizmat ko‘rsatish hajmi 26 foizga ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning interaktiv shaklga o‘tayotgani, ulardan mobil aloqa vositalari orqali foydalanish imkoniyatining mavjudligi mobil internet xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirishni taqozo qiladi.

Yurtimizda 2007-yilda MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib, raqamli televideniyeni joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televidiniyega o‘tish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ayniqsa, Yurtboshimiz tomonidan 2012-yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Qarori bu borada muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda. Dastur doirasida mamlakatimizda teleuzatishlarni raqamli formatga o‘tkazish ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Xususan, birinchisi 2013–2015, ikkinchisi esa 2016–2017 yillarni qamrab olgan.

So‘nggi yillarda ko‘rilgan qator chora-tadbirlar natijasida televideniye va radioning zamonaviy texnik bazasi yaratildi. Teleko‘rsatuvlarni tayyorlash va tarqatish jarayoniga zamonaviy televizion uskuna va mediatexnologiyalar muntazam joriy etilmoqda. Mazkur yutuqlar yurtimizda aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiluvchi raqamli telekanallar sonini oshishiga xizmat qilmoqda. 2013–2018 yillarda qiymati 79,6 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston Respublikasida yer usti raqamli uzatish tarmoqlarini rivojlantirish» investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozir poytaxtimiz, Toshkent, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘plab tumanlarida raqamli televideniye dasturlarini yuqori sifatda tomosha qilish, interfaol xizmatlardan foydalanish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori telekommunikatsiya tizimini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatdir. Unga muvofiq amalga oshiriluvchi 22ta loyiha va 6ta tadbirlardan ko‘zlangan maqsad zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotimizning barcha sohalariga keng tatbiq etish, axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan interfaol davlat xizmati turlarini kengaytirish va yaxshilashni rag‘batlantirishdan iborat. Qarorda belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishi axborot-kommunikatsiya hamda telekommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy yuqori texnologiyali infratuzilmasini yaratish imkonini beradi.

Erishilgan natijalar va olib borilayotgan loyihalar zamirida birinchi o‘rinda, aholiga yaratib berilayotgan qulayliklar, kundalik turmush tarzi, davlat boshqaruvida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish imkoniyatlar yotadi. Bugun hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «elektron hukumat» tizimining samaradorligi, rivoji ham bevosita telekommunikatsiya infratuzilmasi bilan bog‘liq. Yuqoridagi sa’y-harakatlar natijasida, ayni kunda, soliq va statistika hisobotlarini taqdim etilishi, bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish va yangi tashkil etilayotgan xo‘jalik subyektlari nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘liq elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Soliq va boshqa majburiy to‘lovlar, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni on-layn amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirildi va masofaviy bank orqali amalga oshirilgan to‘lovlar summasi 203,0 mlrd. so‘mdan oshgan. Xo‘jalik sudlari tomonidan fuqarolarning da’vo arizalari va iltimosnomalarining 32,2 mingtasi elektron shaklda qabul qilingan.

Davr bilan hamqadam bo‘lish taraqqiyotning asosiy shartidir. Bu esa izchil harakat, uzoqni o‘ylab qabul qilingan strategik rejalarni jadal amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq. Mamlakatimizda istiqlol sharofati bilan Milliy telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar, loyihalar mamlakatimizda AKT tarmog‘ini barcha sohalarga izchil tatbiq etish bilan bir qatorda, yurtimizning ayni shu yo‘nalishda yuksak darajaga erishgan ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilishiga xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq