Yurtimiz hududida radioaloqa rivoji
28.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Оmon Abduazizov.

yurt_28_08_2015

Bu yil mamlakatimiz hududiga radiotelegraf va radiotelefon aloqasining kirib kelganiga 100 yil bo‘ldi. Insoniyatning buyuk yutuqlaridan biri – radioning ixtiro etilishi tarixi 1895-yilning boshida Rossiyalik A.S. Popov (bu yil 120 yilligi nishonlandi), keyinchalik esa, 1896-yilda Angliyada italiyalik G. Markoniga taalluqli ekanligini ko‘p eshitganmiz.

O‘sha davr sanoatidagi va ijtimoiy rivojlanishidagi holatga qaramay, mazkur qudratli axborot uzatish vositasi eng chekka hududlargacha tatbiq etilib, rivojlana bordi va xavfsizligi ta’minlandi. Ma’lumki, A. S. Popov radiostansiyaning birinchi sanoat namunalarini 1898-yil Fransiya firmasi «Dyukrete»ga buyurtma qilishga majbur bo‘lgan. Faqatgina 1902-yilda u Kronshtadtda (Sankt-Peterburg) kichkina ustaxona tashkil etishga muvaffaq bo‘lgan. Mazkur ustaxona yiliga 12 komplekt radiostansiyalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu radiostansiyalardan Rossiyaning Dengiz boshqarmasi kemalarini jihozlash uchun foydalanilgan. Rossiya Dengiz boshqarmasi rahbariyati tomonidan A. S. Popovning ixtirosi — radioga katta e’tibor qaratishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan [Фортушенко А.Д. 50 лет радио. ГИЛ по вопросам связи и радио. М.: 1945].

Rossiyada Dengiz harbiy floti 1900-yilga kelib, o‘zining radiozavodi va laborotoriyasiga ega bo‘ldi. 1910-yilda Dengiz boshqarmasida «Radiotelegraf ishi» ishlab chiqarish korxonasi va laboratoriyasi tashkil etilgan. Bu korxona va laboratoriyalarda o‘sha vaqtning eng yaxshi muhandislari: M. V. Shuleykin, V. P. Ivanovskiy, L. D. Isakov, A. A. Petrovskiy, V. P. Vologdin, N. N. Siklinskiy, I. G. Freyman va boshqalar ishlashgan edi. Keyinchalik M. V. Shuleykin va V. P. Vologdinlar radiotexnikaning asoschilaridan biri, soha akademiklari bo‘ldilar. Keyinchalik «Radiotelegraf ishi» korxonasi tomonidan qurilgan radiostansiyalar mazkur turdagi xorijiy mahsulotlarni flotdan siqib chiqardi. 1910-yildan Harbiy vazirlik radiostansiyalar tarmog‘ini yaratishni rejalashtirdi. Mazkur rejaga asosan Rossiyaning eng chekka hududlarida, shu bilan bir qatorda, janubiy chegaralarida ham radiostansiyalar tarmog‘ini kengaytirish nazarda tutilgan bo‘lib, mazkur rejaga muvofiq 1910-yilda Moskvani Baku, Toshkent va boshqa shaharlar bilan bog‘lovchi radiostansiya qurilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, Moskva Toshkent orqali Afg‘oniston chegarasida joylashgan Kushka bilan, Baku orqali esa Ashxabod va Kars bilan bog‘lanishi kerak edi. Ammo davr talabi bilan bu reja amalga oshmadi. 1913-yilda «Radiotelegraf ishi» korxonasi qayta tashkil etilib, Dengiz Harbiy floti «Radiotelegraf zavodi» deb o‘zgartirildi. Birinchi Jahon urushi boshlanishi bilan radiotelegraf aloqasi — radiostansiyalarni joriy etish ishlari jadallashdi.

yurt_28_08_2015_1

1914-yilda Rossiyaga Petrograd va Moskvada (Xodinsk maydonida) 100 kVt.li uchqunli radiostansiyalar qurildi. Keyinchalik katta quvvatli radostansiyalar harbiy boshqarma tomonidan Nikolayev, Toshkent, Chita va Kushka shaharlarida ham o‘rnatildi va 1915-yil ishga tushirildi. Toshkent va Kushkadagi radiostansiyaning qurilishi bilan, u orqali Afg‘oniston va Eron davlatlari bilan aloqa bog‘lash, ular orqali esa Osiyoning boshqa davlatlari bilan aloqa o‘rnatish ham e’tibordan holi emas edi. XX asrning 20-yillarigacha radiotexnikaning rivojlanishida radioto‘lqinlarning uzunligini kattalashtirishga e’tibor qaratilgan. Bunday jarayonning amalga oshirilishidan maqsad, birinchidan, uchqunli va kuchli generatorlar yordamida uzun to‘lqinlar signallarini shakllantirish nisbatan oson edi, ikkinchidan, o‘sha vaqtlar to‘lqin uzunligi qancha katta bo‘lsa radiosignal shuncha uzoqqa yetib boradi deb noto‘g‘ri fikrga borganlar [А. С. Попов и современное радио. Стенограмма публичной лекции академика Б. А. Введенского, прочитанной 16 февраля 1945 года в Доме ученых в Москве. М.: 1945].

1918-yil boshiga kelib, simli aloqa holati juda yomon edi. Simli telegraf axborot o‘tkazuvchanligi sifatining va ishonchli ishlashining keskin yomonlashuvi sababli Pochta va telegraf ma’lumotlarining asosiy qismini radiotelegraf orqali uzatishga majbur bo‘lganlar. Bunday aloqa chekka hududlar bilan bog‘lanishda muhim edi. Bu vaqtda sobiq ittifoqning radiouzatish tarmog‘i bor-yo‘g‘i 4ta kam quvvatli uzatuvchi stansiyalarga va 67ta qabul qiluvchi radiostansiyalarga ega edi. [А. Д. Фортушенко. 50 лет радио. ГИЛ по вопросам связи и радио. М.: 1945]. 1918-yil 1-aprelda mamlakatdagi radiotelegraf ishini markazlashtirish va barcha radioaloqa vositalarini bitta bosh-qarmaga to‘plash haqida qaror loyihasi muhokama qilinib, qator yuqori quvvatli uzatuvchi radiostansiyalarga oid qaror loyihasi ko‘rib chiqilgan, yuqori quvvatli radiostansiyalarni qurish bo‘yicha ishlar olib borila boshlangan. 1918-yilning birinchi yarim yilligida radiotelegraf bo‘limi zaruriy tumanlarda radiostansiyalarni montaj ishlarini boshlab yuborilgan. Shu davrda zudlik bilan Kaspiy dengizi va Volga bo‘yi hududini Toshkentdagi yuqori quvvatli radiostansiya orqali Moskva va Turkiston bilan radioaloqasini ta’minlangan. Buning uchun avvallari Harbiy boshqarmaga tegishli bo‘lgan radiostansiyalardan foydalanilgan. 1909-yilda ishlab chiqarilgan Fransiyaning uchqunli radioqabul qilgichi Orenburgga o‘rnatilgan hamda ushbu stansiyaning ikkinchi uzatuvchisi Saratovda o‘rnatilgan. Mazkur uzatgich Saratov–Moskva–Toshkent radioaloqasini ta’minlar edi. Qo‘shimcha qismlarsiz bittagina komplekt mashina, radiouzatkichi bir kecha-kunduzda 15 soatlab to‘xtovsiz ishlardi [В. И. Шамшур. Первыe годы радиотехники. Изд-во «Знание». М.: 1969].

Rossiya Federatsiyasining Mehnat va Radiotexnik kengashi tavsiyanomasi asosida, 1920-yil 21-iyunda radio-telefon aloqasini tashkil qilish haqida farmoyish qabul qildi. Ushbu farmoyishga asosan yaqin 2–3 yil davomida radiotelefon stansiyalarini qurish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, uning uchinchi bandiga asosan ichki radiotelegraf aloqasi tarmoqlarini yanada rivojlantirish maqsadida Moskva (Xodin maydoni), Toshkent, Odessa va Omsk shaharlaridagi radiostansiyalarni muhandis Vologdin tomonidan yaratilgan yuqori chastotali mashina (radiouzatkich)lar bilan jihozlash tavsiya etilgan edi.

1920-yil dekabrda Nijegorod radiolaboratoriyasida yaratilgan chiqish quvvati 5 kVt bo‘lgan radiotelefon uzatkichining tajribaviy nusxasi Xodin maydoni (Moskva) radiostansiyasiga o‘rnatildi. Ushbu radiostansiya orqali 1920-yil 17-dekabrda ertalab, Moskva vaqti bilan soat 7da radioeshittirish tashkil etildi va Moskvadan radio-eshittirishlarni tajriba sifatida davom ettirish uchun bu stansiya Xodin maydoni radiostansiyasida qoldirildi. Bu radiostansiya orqali eshittirishni tashkil etishda birinchi suhandon, yoqimli tovush va talaffuz egasi, ushbu radiostansiya radiotexniklaridan biri I. S. Xomich bo‘lgan. Xodin maydoni radiostansiyasi orqali efirga tarqatilgan signallarni muvaffaqiyatli qabul qilinganligi Toshkent, Semipalatinsk, Irkutsk, Rossiya federatsiyasi va chet ellardagi boshqa bir qator shaharlardan olingan telegrammalar orqali tasdiqlangan.

XX asrning 20-yillari o‘rtalariga kelib, qisqa to‘lqin (to‘lqin uzunligi 20–80 metr) signallari uzun va o‘rta to‘lqin signallariga nisbatan uzoq masofalarga tarqalish xususiyati aniqlangan bo‘lib, shu davrdan boshlab radiostansiyalar tarqatadigan signallar to‘lqin uzunliklarini kichiklashtirish jarayoni boshlandi. Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi (XEI) tomonidan chastotasi 3–30 MGts (to‘lqin uzunligi 10–100 m) bo‘lgan radiosignallarni qisqa to‘lqin yoki dekametr chastotalar diapazoni deb atash qabul qilingan. O‘tgan asr 20-yillari boshida butun dunyoda, shu jumladan, Nijegorod radiolaboratoriyasida ham qisqa to‘lqin diapazonidan foydalanish ustida izlanishlar olib borildi. Ushbu laboratoriya tomonidan 1920–1921 yillarda olib borilgan izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, chiqish quvvati 50–100 Vt, to‘lqin uzunligi 100 m bo‘lgan radiouzatkich yordamida butun tun davomida 2000–3000 km masofada radiotelegraf aloqasi o‘rnatilgan.

Nijegorod radiolaboratoriyasi olimlari va muhandislari tomonidan 1923-yilda lampali chiqish quvvati 15 kVt, nurlatuvchi elektromagnit to‘lqinlari uzunligi 96 m bo‘lgan qisqa to‘lqin radiouzatkichi yaratildi. Bu radiostansiya nurlatayotgan elektromagnit to‘lqinlar Yerning deyarli hamma nuqtasida muntazam ravishda, qabul qilingan. 70–100 m to‘lqin uzunligiga mos chastotalar diapazonida chet el va rossiyalik mutaxassislar nisbatan qisqa to‘lqinlarda radioaloqa o‘rnatish vositalarini o‘rganishga kirishdilar. To‘lqin uzunligi 10–50 m bo‘lgan radiosignallar nisbatan uzun to‘lqinlardek tarqalish xususiyatiga ega bo‘lish bilan birga, radiosignal quvvati keskin kichik bo‘lgan «o‘lik hudud»ga ega ekanliklari aniqlandi. Shundan so‘ng mutaxassislar dekametr diapazonining 10–30 m to‘lqin uzunligiga mos keluvchi qismidan foydalanish foydasiz deb hisoblab, bu chastotalar diapazonini radiohavaskorlar ixtiyoriga berdilar.

Mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki tajribalar muvaffaqiyatsiz bo‘lib, qisqa to‘lqin (10–50 m) chastotalar diapazonida radioaloqa uzun va o‘rta to‘lqin diapazonidagiga nisbatan kam barqarorlikka va ishonchlilikka ega ekanligi aniqlandi. Olingan dastlabki natijalar asosida qisqa to‘lqin chastotalar diapazonining bu qismidan foydalanish haqida tajribalar olib borish ishlari to‘xtatildi. XEI qarori bilan 10–50 m uzunlikdagi chastotalar diapazoni davlatlar tomonidan professional radioaloqa o‘rnatish uchun yaroqsiz deb topildi va ushbu chastotalar diapazonida radiouzatish va radioqabullash vositalarini yaratish uchun radiohavaskorlar ixtiyoriga topshirildi. Radiohavaskorlar nisbatan kichik quvvatli bir necha Vt dan bir necha 10 Vt largacha chiqish quvvatiga ega bo‘lgan radiouzatkichlar yaratib, ulardan foydalanib, qisqa vaqt orasida qisqa to‘lqin diapazoni radiosignallari uzun va o‘rta to‘lqin radiosignallaridan keskin farqlanuvchi tarqalish xususiyatiga ega ekanliklarini aniqladilar. Yaqin masofada qisqa to‘lqin radioaloqasi barqarorligi yomon bo‘lib, ushbu masofa kattalashgan sari qabul qilinayotgan to‘lqin sathi keskin kichiklashgan. Shu bilan birga, uzoq masofalarda uzun va qisqa to‘lqinlar tarqalishi masofasini aniqlashda foydalanilgan formulalar orqali aniqlanganiga nisbatan katta masofalarda ishonchli va barqaror radioaloqa o‘rnatilgan. 1924-yilga kelib, bir necha o‘n ming kilometr masofada qisqa to‘lqinlardan foydalanib, aloqa o‘rnatish mumkinligi ayon bo‘lib qoldi. Qisqa to‘lqinlarda faoliyat olib boruvchi radiohavaskorlarning erishgan natijalari radio mutaxassislarini qiziqtira boshladi va ko‘pgina tadqiqot laboratoriyalarida radioaloqaning qisqa to‘lqin chastota diapazonida keng miqyosda izlanish ishlari boshlab yuborildi.

yurt_28_08_2015_2

1924-yillardan boshlab butun jahonda keng ko‘lamda radioaloqaning tijorat va professional qisqa to‘lqinli liniyalarining qurilishi boshlanadi hamda bir vaqtda, quyosh faolligi va boshqa xususiyatlarini inobatga olib, kunning turli vaqtida (kechasi va kunduzi) qisqa to‘lqinlarning tarqalish xususiyatlari o‘rganib chiqildi. 1923-yildan boshlab, sobiq ittifoqning Moskva va Toshkent o‘rtasida tajriba asosida qisqa to‘lqinli radioaloqani o‘rnatish amalga oshirildi [В. М. Родионов. Зарождение радиотехники. М.: Наука, 1985]. Moskva va Toshkent o‘rtasida tajriba asosida qisqa to‘lqinli radioaloqa o‘rnatish ishini Nijegorod radiolaboratoriyasining xodimi V. V. Tatarinov boshqargan bo‘lib, u bu ishlarni amalga oshirishda M. A. Bonch-Buriyevich bilan hamkorlikda ishlab chiqqan yo‘naltirilgan qisqa to‘lqin antennasidan foydalangan, bunda ilk marotaba metalldan iborat «chorak to‘lqinli» izolyatorlardan foydalanigan bo‘lib, bu antenna machtasini mustahkam o‘rnatishga imkoniyat bergan. Shunday qilib, 1924-yil birinchi bo‘lib, qisqa to‘lqindan foydalanib, uzoq masofada radioaloqa o‘rnatishga asos solindi. Bundan so‘ng 1925-yil Moskva va Tomsk shaharlari o‘rtasida qisqa to‘lqinli radioaloqa liniyalari qurildi. 1927-yil Toshkent viloyatining yaqin hududlarida qisqa to‘lqinli qabul qiluvchi-uzatuvchi stansiyalar qurilgandan so‘ng Toshkent orqali uzoq masofalardagi shaharlar bilan qisqa to‘lqinli radioaloqa o‘rnatish uchun radioliniyalar qurildi hamda Qobul, Deli, Pekin, Karachi, Xanoy, Xabarovsk, Vladivostok kabi shaharlar bilan retranslyatsiyasiz aloqa amalga oshirildi. «Quyoshli» qishlog‘ida joylashgan 3-radiostansiyadagi quvvati 1 kVt.li qisqa to‘lqinli uzatgich muhandis B. P. Terentev va X. X. Xaydarovlar tomonidan 1927-yil aprel oyida o‘rnatilgan. Keyinchalik X. X. Xaydarov ko‘p yillar davomida ushbu radiostansiyaning boshlig‘i lavozimida ishlagan. 1927-yil «Quyoshli» qishlog‘idagi radiostansiya qisqa to‘lqinli o‘ta uzoq masofa radioaloqa tizimi tarkibiga kirgan. Moskva–Toshkent va Moskva–Xabarovsk o‘ta uzoq masofa radioaloqa liniyalari foydalanishga tushgandan keyin radiotarmoqlari qayta tashkil etildi. 1927-yil davomida 70taga yaqin shunday aloqa liniyalari foydalanishga topshirildi [Э. К. Первышин, А. А. Русаков, E. Г. Федоровский. Индустрия передачи информации. М.: Радио и связь, 1984]. Markaziy Osiyo hududida radiotelegraf va radiotelefon aloqasi vositalari asosan Toshkent va Kushka shaharlaridagi radiostansiyalarda o‘rnatilgan.

XX asrning 20-yillari oxirlarida pochta aloqasi, simli aloqa va radioaloqani texnik xodimlar bilan ta’minlash maqsadida, 1929-yil Markaziy Osiyo hududida ilk bor Toshkent shahrida Toshkent aloqa politexnikumi tashkil etildi. 1927-yil Toshkent shahrida Toshkent «Radio uyi» tashkil etilib, unda keng aholiga mo‘ljallangan radio-eshittirishlar o‘rta to‘lqin diapazonidagi chastotada tarqatilgan (to‘lqin uzunligi 695 m). 1929-yilgacha radioaloqadan Aeroflotda umuman foydalanilmagan. Aeroportlar orasidagi aloqa esa «Pochta va telegraf»ga tegishli simli liniyalar yordamida amalga oshirilgan. XX asrning 30-yillarida Aeroflot tomonidan radioaloqaga bo‘lgan qiziqish keskin oshgan va undan foydalana boshlagan.

Aeroflot turli shaharlar, birinchi navbatda, poytaxt shaharlar orasida yangidan-yangi uchish liniyalarini ochib, ularning qamrovi kengayib bordi. Radio orqali amalga oshuvchi tezkor aloqa hayotiy zaruratga aylandi. Aeroflot rahbariyati tomonidan Moskva qisqa to‘lqin stansiyasining radiohavaskori va «Dobrolet» jamiyatining radiohavaskori N. A. Baykuzov hamda V. B. Vostryakovlarga fuqaro havo floti uchun qisqa to‘lqin radiostansiyalarini yaratish (ishlab chiqish) topshirildi. So‘ngra N. A. Baykuzov va V. B. Vostryakovlar tomonidan loyihalashtirilgan va ishlab chiqilgan qisqa to‘lqin radiostansiyalari Aeroflotning yaqinda ochilgan liniyasida Moskva va Toshkentda o‘rnatildi. Radiostansiya benuqson, bir shahardan ikkinchi shaharga operativ xabar va ob-havo ma’lumotlarini yetkazib bera boshlaydi. Aeroflot boshliqlari radiostansiyalar ishlab chiquvchilarning iste’dodini yuqori baholab, N. A. Baykuzovga Aeroflotga ishga o‘tishni taklif etadilar. N. A. Baykuzov Aeroflotning birinchi radistiga aylandi. Shu tariqa, Moskva va Toshkent aeroportlari o‘rtasida fuqaro havo flotining ilk bor qisqa to‘lqinli radioaloqa tizimi tashkillashtiriladi. N. A. Baykuzov XX asrning o‘ttizinchi yillaridan boshlab, fuqaro va harbiy havo flotida samolyotlarni radiostansiyalar bilan jihozlash ishida faol ishtirok etadi.

Dastlab radiotelefon aloqasi sobiq ittifoqda 1920-yilda Moskva shahri bilan Peterburg, Nijniy Novgorod va Berlin shaharlari orasida Moskva viloyatining Xodin maydoni radiostansiyasiga o‘rnatilgan 2 kVt.li radiouzatkich orqali amalga oshirildi. Asta-sekin uzun, o‘rta va qisqa to‘lqin diapazonlarida o‘rnatilgan radiotelefon aloqasi natijalari o‘rganilib, umumiylashtirilib, 1932-yilda Moskva va Toshkent shaharlari orasida radiotelefon magistral aloqa liniyasi tashkil etildi. 1934-yildan boshlab, Moskva shahri bilan Olmaota, Tbilisi, Baku, Bishkek va Dushanbe shaharlari orasida ham uzluksiz radiotelefon aloqasi o‘rnatildi. 1920-yil sentabrda radiosignallarni uzatish va qabullash uchun hududlarda alohida-alohida stansiyalar qurish haqida qaror qabul qilindi va Moskva viloyatining Lyuberts shaharchasida maxsus radioqabullash stansiyasi tashkil etdi. Ushbu stansiya Angliya, Fransiya, Italiya, Germaniya kabi chet el davlatlarining shaharlari, shuningdek, Toshkent radiostansiyasi signallarini ham doimiy qabul qilishni ta’minlagan [Развитие связи. Под общей ред. Н. Д. Псурцева. — М.: Связь, 1967].

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda radio aloqa xizmati yuz yillik tajribaga ega. Bir asrdirki, xalqimizga jamiyat hayotining turli sohalarida muhim ahamiyatga molik xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq