Radioaloqa xizmati qutlug‘ sanami nishonladi
28.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov, Marufa Azizova.

rad_28_08_2015

Tong otishi bilan barvaqt uyqudan turib, o‘z kundalik mehnat faoliyatini yangiliklardan xabardor bo‘lish hamda musiqa ohanglari bilan hamohang tarzda boshlash ko‘pchilikka xos odat. Aholiga mazkur imkoniyatni taqdim etuvchi radioaloqa xizmati bu yil bir asrlik qutlug‘ sanani qarshi oldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston “Aloqa tarixi muzeyi” da aloqachilar kasb bayrami arafasida yangi ko‘rgazma tashkil etildi. Muzey bo‘ylab sayohatimizni mazkur ko‘rgazmani o‘rganishga bag‘ishladik. Navbatdagi sahifamizda shu haqda so‘z boradi.

O‘zbekistonda bu yil radioaloqa xizmati tashkil etilganiga 100 yil bo‘ldi (1915–2015). Ushbu muborak sana soha mutaxasislari qatorida, O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi»da ham munosib nishonlandi. Shu munosabat bilan «Aloqa rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ixtirochilar» mavzusida yangi ko‘rgazma tashkil etildi. Mazkur yangi ko‘rgazma muzeyning ikkinchi qavatidan joy oldi. Ko‘rgazma tashkilotchilari: «O‘zbekiston–Germaniya» Do‘stlik jamiyati va «Aloqa tarixi muzeyi» jamoasidir.

Ko‘rgazmaning tashkil etilishida radioaloqa tarixida muhim o‘rin tutgan buyuk olim-ixtirochilar hayot va faoliyatiga oid materiallardan foydalanildi. Ma’lumki, radiotexnika sohasining rivoji haqida fikr yuritilganda eng avvalo, britaniyalik mashhur fizik, matematik va mexanik Jeyms Maksvell, nemis fizigi va ixtirochisi Genrix Gerts, avstro-vengriyalik muhandis va ixtirochi Nikola Tesla hamda rus fizigi va elektrotexnigi Aleksandr Popov, shu-ningdek, amerikalik ixtirochi va rassom Samyuel Finli Briz Morzelarning nomi tilga olinadi. Mazkur olim va ixtirochilar soha asoschilari bo‘lib hisoblanadi.

rad_28_08_2015_1

Jeyms Maksvell (1831–1879) — britaniyalik fizik, matematik va mexanik hozirgi kundagi klassik elektrodinamikaga (Maksvell tenglamasi) asos soldi, fizikada tok siljishi va elektromagnit maydoni tushunchasini kiritib, o‘zinig nazariyasi orqali bir qancha natijalarga erishib, ularni bashorat qildi (elektromagnit to‘lqinlari, yorug‘likning elektromagnit xususiyati, yorug‘lik bosimi). Maskvell o‘zining boshqa ishlari qatorida-mexanika bo‘yicha tadqiqotlar ham olib bordi.

Genrix Rudolf Gerts (1857–1894) — fizik, elektrodinamikaning asoschilaridan biri, (1886–1889) elektromagnit to‘lqinlari mavjudligini ilmiy-tajriba asosida (gerts tebratgichidan foydalangan holda) isbotlab elektromagnit va yorug‘lik to‘lqinlarining asosiy xususiyatlarini aynan o‘xshashligini aniqlab bergan. Gerts fundamental asos bo‘lgan Maksvellning elektromagnit to‘lqinlar tarqalishi tenglamasini amalda tasdiqladi. Tashqi fotoeffektni kashf etdi (1887). Gerts oliy ilmiy ta’limni Berlin universitetida, mashhur fizik German Gelmgolts qo‘l ostida oldi. Gelmgolts unga shunday ta’rif bergandi: «Tabiat doim ham insonlarga bunday yorqin va betakror qobiliyat bilan in’om etavermaydi. Gerts — haqiqatdan ham yaratuvchining arzandasidir».

Aleksandr Stepanovich Popov (1859–1905) — Fizik va elektrotexnik. U jahonda birinchi radio qabul qilgich uskunasini ixtiro qilib, telegraf lentasiga yozilgan ilk radiogrammani uzatishga muyassar bo‘lgan olimdir. Gertsning ma’lumotni masofaga uzatish g‘oyasini amalga oshirishga erishgan, ya’ni qabul qilgichni takomillashtirib (kogerer bilan), kogererni tinimsiz ishlashini ta’minlagan. Radioaloqaning nazariy asosi va ishlash tamoyillari (asosiy qonun va qoidalari)ni ifodalab berdi. Dengiz flotining uzoqdagi aloqasi uchun yerga ulanuvchi va qabul qiluvchi antennalarni ixtiro etgan hamda ularni amalda qo‘llashga muyassar bo‘lgan. Radioning ixtiro qilingan sanasi 1895-yil 7-may bo‘lib hisoblanadi. Ushbu kun mamlakatimizda ham an’anaviy tarzda «Aloqachilar kasb bayrami» sifatida nishonlanadi.

Samyuel Finli Briz Morze (1791–1872) — ixtirochi va rassom. Uning eng ko‘p tanilgan ixtirolari: elektromagnitli telegraf apparati hamda nuqta va tire tizimida harflarni uzatuvchi jahonga mashhur Morze kodi bo‘lib hisoblanadi.

rad_28_08_2015_2

Nikola Tesla (1856–1943) — fizik, muhandis va ixtirochi. Tesla o‘zgaruvchan tok, fluorestsentli yorug‘lik, elektromagnit to‘lqinlari orqali quvvatni simsiz uzatishdek, jahonshumul kashfiyot muallifi bo‘lib, ilk elektr soat, turbina, quyosh energiyasida ishlaydigan dvigatelni ishlab chiqqan. Uning ilmiy izlanishlari zamonaviy elektrotexnika sohasiga yo‘l ochib berdi. Teslaning zamondoshlari uni mazkur ilmiy izlanish va kashfiyotlari uchun daho hisoblab, uni «XX asrni ixtiro etgan inson» deb ataganlar.

Ko‘rgazmada Genrix Gertsning ixtirolari, Samyuel Morzening telegraf apparati hamda Morze alifbosi yordamida ma’lumotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish jarayoni, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarining 3D grafika asosida ko‘rgazma tematikasiga oid qilgan ishlari namoyish etilgan. Mazkur ko‘rgazma bilan yaqindan tanishishga qiziqishi uyg‘onganlar O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyurishlari mumkin.

Maqola O‘zbekiston «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali tahririyatining hamkorlikdagi loyihalari asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq