Qоnun oshkoralikka xizmat qilmoqda
28.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jamshid Pirmatov.

Bu yil mamlakatimiz davlat mustaqilligiga 24 yil to‘ladi. O‘tgan davrda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilib, dunyoda taraqqiyotning “O‘zbek modeli” deb tan olingan strategik taraqqiyot dasturi asosida mamlakatimizda davlat qurilishi va konstitutsiyaviy tuzum tubdan o‘zgartirildi. Jamiyat hayoti yangilandi. Iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi ta’minlanmoqda. Davlatning bosh islohotchi vazifasini o‘z zimmasiga olishi, ya’ni islohotlar tashabbuskori bo‘lishi va ularni muvofiqlashtirib borishi jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashga, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga va islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil olib borishga asos bo‘lib, xizmat qilmoqda.

Yurtboshimizning «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»da ilgari surilgan g‘oya, taklif va tashabbuslarning amaliyotga izchil joriy etilayotgani islohotlarimizni mazmunan boyitib, mamlakatimizni demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Xususan, Konsepsiya asosida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonun loyihasining qabul qilinishi izchil islohotlarning matniqiy davomi bo‘ldi.

Aholining axborotdan erkin foydalana olishi uchun keng imkoniyat yaratmasdan, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni hal etishda xalqning fikrini muntazam hisobga olib bormasdan, haqiqiy demokratiyani tasavvur etib bo‘lmaydi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish, kuchli huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish jarayonida aholi barcha qatlamining mas’uliyati, dahldorligi va to‘laqonli ishtirokini ta’minlash imkoniga to‘liq erishish uchun axborotdan erkin va ochiq foydalanishni ta’minlash kerak. Bunday vaziyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash juda muhim ahamiyatga ega. Fuqarolik jamiyatida hokimiyat barcha shaxslar uchun ochiq bo‘lishi, ular bilan ikki tomonlama aloqa vositalariga ega bo‘lishi, ularning muammolarini bilishi va ular bilan qiziqishi lozim. Qonunda fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, va jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati hamda qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida xabardor etish tartiblari nazarda tutilgan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilishning huquqiy tartib va mexanizmlari aniq tartibga solinishi belgilangan.

Konstituttsiyamizda har kimning axborotni moneliksiz izlashi, axborotni olishi va tarqatishining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi, o‘z navbatida, axborot sohasida jahon standartlariga mos, mukammal milliy qonunchilik bazasi shakllantirilganligidan dalolatdir. Yaratilgan barcha huquqiy, iqtisodiy va texnologik shart-sharoitlar tufayli mamlakatimizda axborot erkinligi, fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirda yurtimizda 1417dan ortiq OAV, 800ta Internet tarmog‘iga ulanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi operator va provayderlar, 783ta Internet-kafelar faoliyat ko‘rsatib, Internetdan foydalanuvchilarning umumiy soni 10,5 mln.dan ortdi. Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari Internet global tarmog‘ida o‘z veb-saytlariga ega, Interaktiv davlat xizmatlari 1202tani, ro‘yxatga olingan jami resurslar soni 97 582tani tashkil etmoqda.

Mazkur qonun davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, jamiyatning xabardor bo‘lish huquqini ta’minlashga, davlat organlarining faoliyati to‘g‘risida, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar haqida aholining, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining xabardor bo‘lishi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Qonun qabul qilinishi bilan fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki, xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi bo‘yicha zaruriy ma’lumotlarga ega bo‘lish mexanizmlarining mustahkam qonuniy asoslari hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida, aholining, jamoat birlashmalari va OAV tegishli axborot resurslari va bazalari, ma’lumotlar va boshqalardan keng foydalanishini ta’minlash haqida jamoatchilikni xabardor qilishga qaratilgan salmoqli qonunchilik bazasi yaratildi.

Qonunning yana bir muhim jihati, unda davlat organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot manbalari yaqqol ko‘rsatib berilgan. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy nashrlari, mazkur davlat organlari rahbarlarining hamda ushbu organlar tomonidan vakolat berilgan mansabdor shaxslarning chiqishlari va bayonotlari, davlat organlari axborot xizmatlarining xabarlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rasmiy veb-saytlarining materiallari, OAVning materiallari kabi normada belgilangan manbalarning aniq sanab o‘tilishi axborotdan foydalanuvchilarga nafaqat zarur bo‘lgan axborotdan erkin foydalanishga imkon beradi, balki ishonchli va tezkor axborot bilan ta’minlashga hamda o‘zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatish bo‘yicha obyektiv imkoniyatni yaratishga keng sharoitlar ochib beradi. Davlat hokimiyati organlari qabul qilayotgan qarorlar, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar, ularning bajarilishi to‘g‘risidagi axborotlar bilan ta’minlash fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faolligiga ta’sir etuvchi omillardan biri hisoblanadi. Bu davlat hokimiyati organlari faoliyati, yo‘nalishlari va ahamiyati haqida fuqarolarda tushuncha-tasavvur uyg‘otadi. Shunda qabul qilinayotgan qarorlar va dasturlar hayotga samarali tatbiq etiladi. Istiqlol sharofati bilan ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash borasida muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgan ushbu Qonun kelgusida fuqarolarning yanada yangi shakl va yo‘nalishlarda o‘zlariga qulay tarzda axborotlarni olishlari va undan foydalanish imkonini berishi shubhasiz.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq