Axborotlashgan jamiyat mezonlariga turli yondoshuvlar
28.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Zuxra Otaqo‘ziyeva.

axb_28_08_2015

XX asrning oxirida yaqqol iqtisodiy hodisalar namoyon bo‘lib, rivojlangan davlatlarning jamiyati hayotida belgilovchi o‘rin egallay boshladi. Bu hodisaning mohiyati ijodiy mehnat ijtimoiy shart-sharoitlarining ishlab chiqarishda, ne’matlar yaratishda ustunligida ko‘rindi. Axborotlashgan jamiyatga ta’rif berishda iqtisodchilar turli: texnologik, iqtisodiy, mehnat, fazoviy, iste’mol va kreativ mezonlardan foydalanadilar. Quyida ularni har birini batafsilroq ko‘rib o‘tamiz.

  1. Texnologik mezon. Yangi texnologiyalar axborotlashgan jamiyatning tug‘ilish belgisi deb qabul qilinadi. Bunda kabelli va yo‘ldosh orqali televideniye, kompyuter tarmoqlari, shaxsiy kom­pyuterlar, yangi ofis texnologiyalari va boshqalar nazarda tutiladi. Texnologik yangiliklarning bunday hajmi ijtimoiy qayta qurishga olib keladi deb tasavvur qilinadi, chunki ularning jamiyatga ta’siri juda ham sezilarli darajada bo‘ladi. Texnologik mezonga qarshi quyidagi e’tirozlar ilgari suriladi:
  • jamiyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hajmini o‘lchashning oqilona birligi mavjud emasligi;
  • texnologik daraja ko‘rsatkichda jamiyatni axborotlashgan deb atash mumkin bo‘lgan nuqtani aniqlashning qiymatli yechimi topilmaganligi muammosi;
  • texnologiyalar ijtimoiy sohadan ajralmasdir, ular ijtimoiylik­ning tarkibiy qismi hisoblanadi. Misol uchun, u yoki bu tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalar masalasida qabul qilinadigan qarorlar ijtimoiy ustuvorliklarni ifodalaydi va bu baholovchi mu­lohazalar asosida turli texnologiyalar rivojlanadi. Texnologik determinizm texnologiyaga asossiz muhim o‘rin ajratib beradi, biroq texnologiya noijtimoiy hodisa sifatida jamiyat rivojla­nishining asosiy, ijtimoiy omili bo‘lib xizmat qila olmaydi.
  1. Iqtisodiy mezon axborotning iqtisodiy qadr-qimmati o‘si­shini hisobga olishni nazarda tutadi. Yalpi ishlab chiqarishning ichki mahsulotida axborot biznesi ulushining ko‘payishi jamiyat rivojlanishining axborotlashgan jamiyat tomon harakatlanishini bildiradi. Iqtisodiy mezonni eng birinchilardan bo‘lib avstriyalik va amerikalik olim Frits Maxlup (1902-1983) taklif etgan bo‘lib, u axborot sohalariga ta’lim, huquq, noshirlik ishi, ommaviy axborot vositalari va kompyuterlar ishlab chiqarishni kiritdi. Axborot jamiyatini aniqlashning iqtisodiy mezoni amerikalik olim professor Gerbert Shiller (1919-2000) ishlarida ham o‘zining nazariy asosi­ni topgan. U axborot va kommunikatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday innovatsiyalarga nisbatan bozorning o‘rni hal qiluvchi bo‘lib qoladi, axborotlar tovar bo‘lib qolishi kerak, ya’ni ularga kirish yo‘li faqat tijorat asosida bo‘ladi degan xulosaga keladi. Bunday holatda axborot ko‘proq har qanday boshqa tovarlarga o‘xshab qoladi. Shillerning ta’kidlashicha, bozor tamoyillari (foydani ko‘paytirishga intilish) axborot sohasida ham to‘laligicha ishlaydi. Shu mezonga mos holda, ishlab chiqarilgan axborotlarning miqdori va sifati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularni foyda olib sotish imkoniyati mavjudligiga bog‘liq bo‘ladi. Bunda bozor tamoyillariga asosan, qanday ko‘rinishdagi axborotni ishlab chiqarish kerak, kim uchun va qanday shart-sharoitlarda, degan savollarga duch kelinishi tabiiy hol hisoblanadi. Iqtisodiy mezonga qarshi quyidagi e’tirozlar ilgari surilmoqda:
  • axborot sektoriga nimani kiritmoq kerakligi haqidagi masalani hal etishda, yashirin sharh va baholovchi fikr yuritishni chetlab o‘tish mumkin bo‘lmay qoladi. Natijada, axborot sektorining iqtisodiy ahamiyati bo‘rttirib ko‘rsatilishi mumkin. Misol uchun, F. Maxlup o‘zining «bilimlar sohasi»ga «axborot binolari»ni qu­rishni kiritadi, bu esa bunday binolar, masalan, universitetlar va kutubxonalar qurilishini oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan omborxona inshootlari qurilishidan kes­kin farq qilishini nazarda tutadi;
  • axborot hajmlarini o‘lchashga qiymatli yondashuv ijtimoiy ahamiyatga ega iqtisodiy faoliyatning har xil turlarini tenglashtirib qo‘yadi. Bunday yondashuvda masalan, reklamaga sarflangan $1 ilmiy jurnalni nashr qilish uchun sarflangan $1ga teng­lashtiriladi.
  1. Mehnat mezoni. Bu yerda aholi bandlik tuzilmasi va bu tu­zilmaning o‘zgarish tendensiyasi ko‘rib chiqiladi. Faoliyat yurituvchi jamiyat a’zolarining ko‘p qismi axborot sohasida ishlaganda, jamiyat o‘z rivojlanishining axborotlashgan bosqichiga kirib boradi deb tushuniladi. Bunday yondashuvda axborot jismoniy bo‘lmagan mehnat uchun xom-ashyo vazifasini bajaradi. Zamonaviy iqtisodi­yotning harakatlantiruvchi kuchi insonlar bo‘lib, ularning asosiy va­zifasi axborot yaratish va undan foydalanishdan iborat bo‘ladi.

Mehnat mezoni amerikalik sotsiolog Deniel Bell (1919–2011) asarlarida o‘z nazariy asosiga ega bo‘ldi. U har qanday bosqichda butunlay va yaxlit holda mehnatning ustuvor yo‘nalishi bilan belgilanadigan ijtimoiy tuzilish turkumlarini taklif qildi. Bell bo‘yicha mehnat faoliyatining eng ko‘p tarqalgan turi har qanday jamiyatning asosiy belgilovchi xususiyati hisoblanadi. Uning fikricha, industrial rivojlanish davrigacha bo‘lgan jamiyatlarda qishloq xo‘jalik mehnati asosiy faoliyat turi bo‘lgan, industrial jamiyatlarda eng ko‘p tarqalgan mehnat manufakturalardagi mehnat bo‘lsa, industrial rivojlangan (postindustrial) jamiyatda bandlikning asosiy turi xizmat ko‘rsatish sohasi ustuvorligida namoyon bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlarning asosiy sababini Bell ishlab chiqarish samaradorligining o‘sishi tufayli deb tushuntiradi. Ishlab chiqarish unumdorligining o‘sishi sababli, jamiyatda o‘qituvchilar soni, shifoxonalar va shu kabilar sonining oshishi imkoniyati paydo bo‘ladi. Industrial jamiyat qanchalik ko‘p ne’matlar yaratsa, shunchalik ko‘p xizmat ko‘rsatish turlari ko‘payadi va industrial soha ishchilari xizmat ko‘r­satish sohasiga o‘tadi. Xizmat ko‘rsatish sohasida mehnatni avtomatlashtirish murakkab bo‘lgani sababli, ushbu sohada ishlay­digan ishchilar soni industrial ishlab chiqarish unumdorligi o‘sgan sayin oshib boraveradi. Shuning uchun bandlik keskin pasayib keti­shiga mutlaqo o‘rin qolmaydi, deb hisoblaydi D.Bell. Mehnat mezoniga qarshi quyidagi e’tirozli mulohazalar bildirilgan:

  • mehnatni axborot va noaxborot turlarga ajratishning obyektiv usuli mavjud bo‘lmaydi. Masalan, temiryo‘ldagi yo‘lga so­luvchilar (strelkachilar) yo‘llar, poyezdlarning harakatlanish jadvali, marshrutlar haqida katta hajmdagi ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Shunga qaramay, ular industrial asri xodimlariga kiritiladi;
  • mehnat mezoni bandlik sohasida markaziy strategik o‘rinni egallagan ishchilarni ajratish imkonini bermaydi. U axborot ishlarini tabaqalash uchun vosita bo‘lmaydi hamda axborot faoliyatining ma’lum turlari jamiyat uchun muhim oqibatlarga olib kelishini hisobga olmaydi. Axborot ishchilarini oddiy hisob­lab chiqish jamiyatda iyerarxiyani va u bilan bog‘liq vakolatlar va bu ishchilarning maqomini tushunishiga imkon bermaydi;
  • axborot jamiyatida intellektual va texnik ziyolilardan tashkil topgan yangi sinf rivojlanish omili bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu a’zolar sinfining soni qanchalik oshmasin, ularning soni aholining band qismidan juda kam bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun rasmiy statistika ma’lumotlarida ifodalangan miqdor asosiy belgilovchi omil hisoblanmaydi.
  1. Fazoviy mezon geografik tamoyilga asoslangan. Asosiy urg‘u har xil hududlarni birlashtiruvchi axborot tarmoqlariga beriladi, shuning uchun ijtimoiy hayotning o‘rin-joy va vaqt masalalariga katta va chuqur darajada ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bunday yondashuvda zamonaviy jamiyat tarmoqli axborot deb qaraladi. Ispa­niyalik va amerikalik olim Manuel Kastels axborot tarmoqlaridan bevosita ishlab chiqarishda ish yuritish uchun hamda butun dunyo bo‘yicha marketingni olib borish uchun foydalaniladi, deb tushun­tiradi. Tarmoqli jamiyatda ishbilarmonlik hududiy chegaralarsiz real vaqtning o‘zida ro‘y beradi, buni esa rivojlangan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yirik transmilliy korporatsiyalarda byurokratiya axborot bilan ta’minlangan ishchilarga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi, ular o‘z o‘rnida tarmoqlarda faoliyat yuritib, butun dunyo bo‘ylab bitimlar tuzadilar va bunday xodimlar o‘z kompaniyalariga qaraganda, o‘zlariga o‘xshaganlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘ladilar. Korporatsiya o‘z vakolatini markazdan qochish, qatnashish va muvofiqlashtirish tamoyillariga suyangan o‘zini-o‘zi dasturlaydigan va o‘zini-o‘zi boshqaradigan tashkiliy birliklarga beradi. Raqobatning globallashuvi katta korporatsiyani xilma-xil tarmoqlar to‘riga aylantiradi. Kastels global axborot tarmoqlari milliy mamlakatlar tanazzulini anglatadi degan fikrdan yiroq, chunki globallashuvga intilishlar kuchli bo‘lishiga qaramay, ushbu jarayon ishtirokchilarining yuqori darajada unga moslashishiga ehtiyoj katta, deb hisoblaydi. Fazoviy mezonga qarshi quyidagi e’tirozli mulohazalar bildirilgan:
  • so‘nggi yuz yillikda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faoliyatni ushbu axborot tarmoqlarisiz tasavvur qilib bo‘lmasligini hisobga olsak, industrial jamiyatni ham tarmoq jamiyatidek qarash mumkin;
  • tarmoq tushunchasiga ikki xil talqin beriladi. Tarmoq texnologik tizim sifatida qismlari, tarkibi va tuzilmasi hamda o‘zining foydalanish imkoniyatlari bilan tavsiflanadi. Tarmoq tashkil qilingan axborot oqimlari tizimi sifatida axborotni uzatish tezligi va hajmi bilan ifodalanadi. Agar birinchi talqinni qabul qilsak, axborot jamiyatining rivojlanishini baholash uchun tarmoq ti­zimlarining yagona texnik-iqtisodiy xususiyatlari tavsifini kiri­tish lozim bo‘ladi. Agar ikkinchi talqinni qabul qilsak, savol tug‘iladi: axborotning qanday hajmi va uning uzatish tezligi axborot jamiyati boshlanganini belgilaydi?
  1. Iste’mol mezoni hozirda dunyoda mahsulotlarni iste’mol qilish borgan sari bilvosita axborot faoliyati tufayli yuzaga kelayotganini anglatadi. Ushbu hodisa iste’molni axborotlashtirish deb nom oldi. Uning namunasi sifatida kiyim-kechak axborot mazmunining muntazam oshib borishini ko‘rsatish mumkin, chunki kiyim-kechak orqali inson o‘ziga xos timsol yaratadi va shu orqali boshqalarga axborot xabarlarini yuboradi. Agar asrlar davomida ko‘pchilikning kiyimi bo‘lgan dehqonning usti-boshi atrofdagilarga kam ma’lu­motlar bergan bo‘lsa, zamonaviy jamiyatda arzon va keng tarqalgan kiyimning mavjudligi insonga atrofdagilarga o‘zining ma’lum ijtimoiy guruhga tegishliligini, uning madaniy qarashlari, shaxsiy fazilatlari va shunga o‘xshashlar to‘g‘risida axborot berishga imkon yaratadi, shu bilan shaxslararo muloqot uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Iste’mol mezoniga qarshi quyidagi e’tiroz mulohazalar bildirilgan:
  • axborot iste’mol qilish hajmi ortib borishi insonning axborot zo‘riqishiga olib keladi, natijada axborot har bir birligining u uchun ahamiyati kamayib boradi. Insonlar ma’lumotlarning ko‘pligi tufayli har tomondan hujumga duch kelgan, bu esa axborotni anglash va tushunishni doimo qiyinlashtiradi. Axborot hajmi ko‘payadi, ma’nosi esa kamroq bo‘lib ketaveradi;
  • axborot iste’mol qilish oshib borgan sayin axborotning haqiqatni aks ettirish xususiyati kamayib boradi, chunki ma’lumotlar har xil manbalardan kelib tushadi, tez o‘zgarib bir-biriga zid bo‘lib, to‘g‘riligini tekshirib bo‘lmaydi. Belgi xususiydan tashqari biror haqiqatni ifodalashi mumkinligi to‘g‘risidagi tushuncha o‘z dolzarbligini yo‘qotadi. Inson bundan buyon haqiqiy belgilarga ehtiyoj sezmaydi, chunki u haqiqat nisbiyligini tushunadi. Shu nuqtai nazardan, axborot jamiyati «tomoshalar davri» bo‘lib, unda inson barcha qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar sun’iy ekanligiga ishonch hosil qiladi;
  • axborotni yaratish va tarqatish ko‘p hollarda reklama kompani­yalari va siyosiy partiyalar maqsadlariga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. XX asrdan keyingi davrining xususiyati insonlarni ongli foydalaniladigan ishontirish vositalarining tarqalganligida bo‘ldi. Bu vositalar siyosatda keng foydalaniladi va iste’molchilik sohasiga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Bu yerda bilimni tovarga aylanib borishini, urg‘uni muhokamaga emas, balki ommaviy axborot vositalarini reklama qilishga berilishini, ko‘proq tashviqotga yo‘naltirilganligini ta’kidlash kerak. Media korporatsiyalar, birinchi navbatda, sotish bozori haqida qayg‘uradilar, ular ishlab chiqargan mahsulotlar reklama beruvchilarga ko‘p­chilikni jalb etishga mo‘ljallangan. Natijada esa ular faqat yaxshi sotiladigan, ammo juda ham kam yangi axborotni o‘z ichiga olgan ko‘ngilochar mahsulotlarning har xil turlarini ishlab chiqaradilar. Bunday mahsulotlarning mualliflari o‘z oldilariga hech qanday jiddiy ijtimoiy masalani qo‘ymaydilar, shu orqali ko‘pchilikni faqat ko‘ngilochar mahsulotlarni iste’mol qilishga undaydilar. Axborot orqali turli nayranglar ishlatadigan jamiyat demokratiyaga xavf tug‘diradi, chunki saylovchilardan saylov jarayonida mas’uliyatli, ongli va ma’rifiy yondashuvni kutish qiyin bo‘lib qoladi.
  1. Ijod (kreativ) mezoni. Axborotlashgan iqtisodiyot jamiyat hayotida oliy ijod faoliyatining (inglizcha creative — ijod) ustuvor turishini nazarda tutadi. Vaqt birliklarida ifodalangan ijod faoliyati umumiy hajmining ortganligi axborotlashgan iqtisodiyotning o‘sganlik darajasini aks ettiradi. Ijod mezoni avstriyalik va amerikalik iqtisodchi, siyosiy arbob, sotsiolog Yozef Shumpeter (1883–1950) asarlarida nazariy asoslab berilgan, u birinchi bo‘lib iqtisodiyot fanida ijodni iqtisodiy rivojlanishning bosh omili sifatiga kirita­di. Y. Shumpeter bo‘yicha tadbirkorning muvaffaqiyati, birinchi navbatda, uning «yangi kombinatsiyalar»ni, ya’ni yaratuvchisiga daromad keltirishini ta’minlab beruvchi o‘ziga xos axborot mahsulotlarini yaratish qobiliyati bilan bog‘liqdir deb hisoblaydi. Ma’lum vaqt o‘tishi bilan yangi g‘oya raqobatchilar tomonidan o‘zlashtiriladi, natijada uning muallifi daromadi keskin kamayib ketadi va uning oldida ijodni davom ettirish zarurligi masalasi paydo bo‘ladi. Shunday qilib, ijod tadbirkor faoliyatining ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Ijod mezoniga qarshi quyidagi e’tirozli mulohazalar bildirilgan:
  • ijod insonning oliy faoliyat turiga to‘g‘ri keladimi — yo‘qmi, degan savol olimlar o‘rtasida bahsli bo‘lib qolmoqda. Ba’zi mualliflar ijodiy qobiliyat kam uchraydi va ko‘pchilik odamlarda mavjud emas, deb hisoblaydilar;
  • insonning har qanday faoliyati tarkibida past va oliy vazifalar mavjud va ko‘p hollarda ularni ajratib olish qiyin bo‘ladi. Undan ham murakkab masala amalda inson ijod faoliyatini ma’lum vaqt davomida umumiy davomiyligini o‘lchash bo‘lib hisoblanadi;
  • axborotga texnokratik ta’rif berish tarafdorlari axborotni ixti­yoriy belgilar to‘plami sifatida ta’riflaydi. Bu holda axborot inson oliy faoliyat mahsuli hisoblanmaydi, uni mashinalar ham ishlab chiqarishi mumkin. Sun’iy tafakkur sohasida muvaffaqiyatli olib borilgan ishlar ushbu yondashuvni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Yuqorida keltirilgan mezonlar ichida faqat ijod mezoni axloqiy hisoblanadi va u insonning ijodiy faoliyati hajmini jamiyat uchun qadrli deb talqin qiladi, shuning uchun mazkur mezon axborotlashgan jamiyatning asosida yotadigan axborotlashgan iqtisodiyot nazariyasining dastlabki tayanch g‘oyalaridan biri bo‘lib, axborotlashgan iqtisodiyotning kreativ nazariyasi yoki oddiyroq kreativ nazariya sifatida namoyon bo‘ladi.

axb_28_08_2015_1

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Б. В. Корнeйчук. Информационная экономика. Учeбноe пособиe. — СПб.: Питeр, 2006. — 400 с.
  2. Л. Н. Ивин, В. М. Куклин. Информационная экономика. Харьков: изд-во Кроссроуд, 2005. — 436 с.
  3. Э. С. Спиридонов, М. С. Клыков, М. Д. Рукин, Н. П. Гри­горьев, Т. И. Балалаева, А. В. Смуров. Информационная экономика 2010. — 288 с.
  4. Ф. Уэбстер. Теории информационного общества. — М.: Аспект Пресс, 2004.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq