Soliq idorasiga kelmasdan STIRni aniqlash mumkin
06.08.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadallik bilan rivojlanib, har jihatdan turmush tarzimizga kirib keldi. Shu nuqtai nazarda mamlakatimizda mazkur soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1730-sonli Qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qarorda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari axborot tizimlarini loyihalashtirishda, zimmalariga yuklatilgan funksiya va vazifalar doirasida tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun majburiy tartibda shart-sharoitlar yaratilishi nazarda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida qator interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Jumladan, «STIRni aniqlash va guvohnomasini shakllantirish» interaktiv xizmati yordamida jismoniy shaxs soliq idorasiga kelmasdan, internet tarmog‘i orqali o‘ziga tegishli bo‘lgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini aniqlashi va STIR berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani shakllantirish mumkin. Shuningdek, ushbu ma’lumotnomaning haqqoniyligini davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali tekshirish imkoniyati ham mavjud.

STIRni aniqlash uchun pasport seriyasi va raqami ma’lumotlarini ko‘rsatish kifoya. Interaktiv xizmat davlat soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar yagona reyestridan so‘rov shartlarga to‘liq mos keladigan qaydni tezlik bilan topib, natija foydalanuvchiga ko‘rsatiladi. «Guvohnomani shakllantirish» tugmasi bosilganda STIR berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning elektron nusxasi shakllantiriladi va foydalanuvchiga taqdim etiladi.

Ushbu guvohnoma nusxasi foydalanuvchi tomonidan chop etilishi va STIR berilganligi haqidagi guvohnoma talab qilingan tashkilotlarga taqdim etilishi mumkin. Elektron xizmatdan shuningdek, zamonaviy smartfonlar uchun ishlab chiqilgan mobil dastur yordamida ham foydalanish mumkin. Smartfonlar uchun maxsus ishlab chiqilgan dastur Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti, AppStore va Google Market tizimlariga joylashtirilgan. Elektron xizmatdan foydalanish bepul hamda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi.

Interaktiv xizmatdan uyali telefon vositalari orqali «1077» qisqa raqamiga SMS so‘rov jo‘natish yo‘li bilan ham foydalanish mumkin.

O‘rni kelganda aytish joizki, joriy yilning olti oyi davomida «STIRni aniqlash va guvohnomasini shakllantirish» interaktiv xizmatiga 302 mingdan ortiq murojaatlar bo‘lgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq