Elektron hukumat tizimini rivojlantirishda Davlat bojxona qo‘mitasining samarali va qulay xizmatlari
04.08.2015
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

gov_4_08_2015

Davlat bojxona qo‘mitasida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish jarayonida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berish uchun Qo’mita Axborot xizmati mas’ul xodimi Huseyn Tangriyevga murojaat qildik.

— Bojxona organlari faoliyatini xalqaro tarmoqda yoritishda ma’lumotlarning tezkorligi, sifati va davriyligini ta’minlash, bojxona sohasiga doir axborotlarni taqdim etishda samarali usullarni joriy etish, internet foydalanuvchilari, xususan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun saytdan o‘zlariga tegishli axborotlarni qisqa fursatda va qulay tarzda qo‘lga kiritish maqsadida 2015- yilning 1- avgustidan boshlab, Davlat bojxona qo‘mitasi Internet tarmog‘ida yangi takomillashtirilgan veb-saytini ishga tushirdi. Saytni takomillashtirish jarayonida Elektron hukumatning rivojlanish subindeksida O‘zbekiston reytingini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash doirasida DBQ rasmiy veb-saytining texnik imkoniyatlarini yanada oshirish, saytda mukammal ro‘yxatdan o‘tish (autentifikatsiya) tizimini va kompleks elektron xizmatlarni joriy etish, shu jumladan pullik bo‘lmagan davlat xizmatlarini onlayn tarzda ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, bojxona organlari faoliyatiga doir ochiq ma’lumotlarni samarali usulda taqdim qilishga alohida e’tibor qaratildi.

www.customs.uz manzilida joylashgan mazkur sayt “UZINFOCOM” Markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, avvlagi versiyalaridan tubdan farq qiladi. Eng avvalo, sayt ortiqcha grafika, murakkab struktura, haddan tashqari bezaklarga burkangan dizayn, ko‘zni charchatuvchi yorqin ranglardan holi ekanligi bilan diqqatga sazovor. Sayt 8 ta bo‘limda 120 dan ortiq sahifalarda axborotlarni taqdim qilib, sodda navigatsiya orqali foydalanuvchi o‘ziga kerakli axborotni sanoqli soniyalarda topishi mumkin. Bunda axborotlarning turi, yo‘nalishi va eng muhimi kimga mo‘ljallangani alohida inobatga olingan. Masalan, bojxona organlari faoliyatini yoritishni ko‘zlagan jurnalistlar va muxbirlar “OAV uchun”, bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar “Jismoniy shaxslar uchun”, tovarlar eksporti yoki importi bilan shug‘ullanadigan yoki bojxona sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari esa “Yuridik shasxlar uchun” bo‘limiga murojaat qilishsa, kifoya!

gov_4_08_2015_1

“Ochiq ma’lumotlar” bo‘limida esa bojxona organlari faoliyatiga oid 19 turdagi ma’lumotlar tegishli formatlarda va pasporti ilova qilingan holda taqdim qilingan. Shuningdek, saytning “Elektron xizmatlar” bo‘limida foydalanuvchilar uchun 9 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatiladi. Masalan, elektron raqamli imzo orqali yuridik shaxslar “Tadbirkorning shaxsiy kabineti” elektron xizmatidan foydalanishlari mumkin. Mazkur xizmat orqali tadbirkorlik sub’ektlari bevosita o‘z faoliyatlariga oid 11 turdagi interaktiv xizmatlar va ma’lumotlarni qo‘lga kiritishlari mumkin. “Elektron xizmatlar” safidan joy olgan yana bir ineraktiv xizmat turi bu – tovarlarni bojxona elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘lib, ushbu xizmat orqali tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘z xonalaridan chiqmasdan masofadan turib, bojxona yuk deklaratsiyalari va unga tegishli boshqa hujjatlarni elektron tarzda bojxonaga taqdim qilishlari mumkin. Quvonch bilan ta’kidlash mumkin-ki, birgina 2015 yilning I yarim yilligida rasmiylashtirilgan jami 191164 ta bojxona yuk deklaratsiyalarning 191154 tasi (99,9%) sayt orqali elektron tarzda taqdim etildi. Bu kabi interaktiv xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va takomillashtirish esa tadbirkorlik sub’ektlariga qulay sharoitlar yaratish, ular bilan ishlashda inson aralashuvi omili va salbiy oqibatlarini kamaytirishga hissa qo‘shishi shubhasiz! Saytning “Normativ hujjatlar” bo‘limida esa sohaga oid normativ hujjatlar ularning shakli va qabul qilingan sanasiga ko‘ra tasniflangan holda joylashtirildi. Bu esa albatta foydalanuvchiga zarur hujjatlarni qisqa muddatda izlab topish imkonini beradi.

Sayt orqali yangi qonun yoki biron normativ-hujjatlar loyihalari taqdim qilinganda, ularni muhokama qilish imkoniyati ham joriy qilindi. Jumladan, ayni vaqtda saytda “Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi” loyihasi joylashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchilar bemalol o‘z fikr-mulohazalarini mazkur sahifaning o‘zida qoldirishlari mumkin. Foydalanuvchilar sayt o‘lchamlari, rangi, ko‘rinishi, shriftlarini o‘zlari istagan shaklda o‘zgartirish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, rasmiy veb-saytda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun matni ovoz orqali o‘qib berish imkoniyati ham joriy etildi.

Oldinda esa saytning rus va ingliz tilidagi versiyalarini to‘liq ishga tushirish, foydalanuvchilarga sayt orqali bojxona organlari faoliyatiga oid atamalar lug‘atini taqdim qilish, saytning kompleks qidiruv tizimini yanada takomillashtirish ishlari yakunlanmoqda. Umid qilamiz-ki, yangi veb-sayt tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, respublikamiz bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar va umuman olganda bojxona sohasiga qiziqqan har bir fuqaro uchun virtual hamkorga aylanadi.

gov_4_08_2015_2

Eslatib o‘tamiz, bojxona organlari faoliyatini Internet tarmog‘i orqali yoritishda Davlat bojxona qo‘mitasi 14 yillik tajribaga ega. Qo‘mitaning www.customs.uz veb-sayti ilk bor 2001- yilda tashkil qilingan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida 4 marotaba yangilangan. Sayt faoliyati keng jamoatchilik tomonidan munosib e’tirof etilib, UZ milliy domeni Internet-festivalining “Davlat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasida 2011- yilda 3-o‘rinni, 2013- yildan 2 o‘rinni qo‘lga kiritgan. Sayt 2012- yil 6 iyunda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan №0902 sonli raqam bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan.

Nigora Umarova suhbatlashdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq