“Axborotlashgan jamiyat” shakllanishining ilmiy va nazariy asoslari
30.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Surayyo Otaqo‘ziyeva.

axb_30_07_2015

Keyingi davrlarda axborotning tobora oshib borayotgani hamda ishlab chiqarishda AKT’ning keng qo‘llanilishi, rivojlanish asosini — bilim, ilm-fan, inson kapitali kabi nomoddiy intellektual resurslar tashkil etuvchi yangi turdagi jamiyat — «axborotlashgan jamiyat»ning shakllanishiga olib keladi. «Axborotlashgan jamiyat» tushunchasi XX asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan bo‘lib, ilk marotaba 1966-yilda Yaponiyada ilmiy-texnik va iqtisodiy yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini yuritgan bir guruh olimlarning ilmiy ma’ruzalarida qo‘llanilgan. Ma’ruzada axborotlashgan jamiyat o‘zida yuqori sifatli axborotni mujassam etuvchi, uni saqlash, tarqatish va foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan jamiyat sifatida aks etgan.

Axborotlashgan jamiyat mohiyatini o‘zida aks ettiruvchi uchta asosiy ilmiy-nazariy yondashuv mavjud bo‘lib, ularning birinchisini, amerikalik olimlar F. Maxlup [1], M. Porat, D. Bell [2]larning ilmiy yondashuvlari aks ettiradi. Ularning fikricha, axborotlashgan jamiyat mavjudligini asoslovchi mezon — bu axborotlashgan (nomoddiy) sektorning YAIM’dagi ulushidir. Ikkinchi ilmiy yondashuv «axborotlashgan portlash» nazariyasiga asoslanadi. Bu nazariyaga muvofiq, jamiyat qabul qila oladigan axborotning miqdoran oshishi iqtisodiyot taraqqiyotining sifat ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va bu o‘z-o‘zidan axborotlashgan jamiyatni shakllantiradi. Bunday konsepsiya yapon olimlari T. Umesao [3], YU. Xayoshi [4] va YU. Ito[5]larning ilmiy-tadqiqot ishlarida yoritilgan. Uchinchi yondashuvga ko‘ra axborotlashgan jamiyatning asosiy xususiyatlaridan biri — bu AKT’ning barcha sohalarda keng tarqalishidir. Bunday nazariya yevropalik iqtisodchilar E. S. Daff, S. Nor va A. Minkalarga tegishlidir [6].

Yaponiya axborotlashgan jamiyat instituti asoschisi va prezidenti Yonedzi Ma’suda axborotlashgan jamiyatni quyidagicha ta’riflaydi: «Kompyuter texnologiyalari va kommunikatsiya vositalarining yaratilishi natijasida kirib kelgan axborotlashgan davr sanoatlashgan jamiyatga shunchaki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ta’sir qilibgina qolmay, katta o‘zgarishlar natijasida tamomila yangi ko‘rinishdagi inson jamiyatini yaratadi. Ana shu jamiyat axborotlashgan jamiyatdir» [7].

D. Bell, O. Tofflerlar konsepsiyasiga muvofiq, axborotlashgan jamiyat — bu postindustrial jamiyatning bir ko‘rinishidir. Jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarini hisobga olib, ushbu konsepsiya tarafdorlari axborotlashgan jamiyatni, iqtisodiy taraqqiyot bosqichlarida asosiy fenomen sektorlar hisoblangan: qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat tarmoqlaridan keyingi bosqichda shakllangan axborotlashgan tarmoqning vujudga kelishi bilan bog‘laydilar. Ularning fikricha, sanoatlashgan jamiyatning asosi — kapital va mehnat hisoblansa, axborotlashgan jamiyat negizida axborot va bilimlar yotadi.

Professor U. Martin axborotlashgan jamiyatni G‘arb mamlakatlarida yuzaga kelgan rivojlangan postindustrial jamiyat sifatida izohlaydi. Uning fikricha, axborotlashgan jamiyat shunday jamiyatki, aholi turmush darajasi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari ushbu jamiyatda axborotning muhimlilik va undan keng foydalanish darajasiga bog‘liq. Bunday jamiyatda mehnat va dam olish shakllari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa muhim tarmoqlar axborot va ilm sohasidagi erishilgan yutuqlarga bog‘liq bo‘ladi [8].

Hozirgi zamon olimlarining yondashuvlariga asoslanib, axborotlashgan jamiyatga ta’rif beradigan bo‘lsak, ushbu jamiyat — individlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatda axborot almashinuvi natijasida yuzaga kelgan munosabatlar tizimidir. Bunday konsepsiyaga ko‘ra, axborot miqdorining oshishi — axborotlashgan jamiyat shakllanishi uchun zarur sharoit yaratadi, AKT’ning keng qo‘llanilishi — obyektiv zaruriyat, iqtisodiyotda nomoddiy ishlab chiqarish tarmog‘i ulushining oshishi — iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgarish natijasi hisoblanadi. Axborotlashgan jamiyatda axborot va uning «oliy» shakli — ilmiy bilim davlat va korxona uchun raqobatbardoshlik ustunliklarini yaratuvchi strategik resurs hisoblanadi. Bular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

  • Bozor munosabatlarining an’anaviy shakli o‘zgaradi. Ijodiy mehnatning keng tarqalishi, mahsulot narxining unga sarflangan mehnat qiymati bilan emas, balki ushbu mahsulotning samaradorlik qiymati bilan o‘lchanishiga olib keladi.
  • Bilim sig‘imkorligi yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarilishining oshishi. Buning asosiy sababi mahsulot ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik loyiha natijalaridan keng foydalanishlikdir.
  • Intellektual tovar va xizmatlar bozorining rivojlanishi. Mutaxassislarning baholashiga ko‘ra, hozirda intellektual tovar va xizmatlarning jahon bozori an’anaviy bozorlarga nisbatan 5 barobar tez o‘sib kelmoqda.
  • Axborotni ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va foydalanish bilan bog‘liq faoliyat muhimliligining oshishi. Ushbu faoliyatda muhim o‘rinni ta’lim egallaydi. XX asrning 60-yillaridan boshlab ta’limga ajratilgan mablag‘lar miqdori iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ajratilgan mablag‘larga nisbatan oshib bormoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda ta’lim davlat tomonidan moliyalashtiriladi, davlat ushbu tarmoqqa mudofaa, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya bilan bir qatorda investitsiya qiladi.

Ilmiy adabiyotlarda hozirgi zamon «yangi iqtisodiyoti» turli atamalar bilan nomlanadi. Masalan, «postindustrial iqtisodiyot» (D. Bell), «axborotlashgan iqtisodiyot» (O. Toffler), «megaiqtisodiyot» (V. Kuvaldin), «axborot va aloqaga asoslangan iqtisodiyot» (I. Niiniluto), «texnoiqtisodiyot» (B. Geyts), «bilimlarga asoslangan iqtisodiyot» (D. Tapskott). Ushbu tushunchalarni bog‘lab turadigan omil — bu iqtisodiy jarayonlarning globallashuv jarayonida axborot texnologiyalarining birlamchi o‘rinni egallashidir. Ushbu tushunchalar orasida «postindustrial iqtisodiyot» kategoriyasi eng keng qo‘llaniladi. Ammo ushbu kategoriya ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ketma-ketlikdagi mantiqiy bosqichi hisoblanib, iqtisodiyotdagi tub o‘zgarishlar mohiyatini yoritmaydi. Bunday fikrni rus olimi, professor A. Yu. Nisnevich o‘zining ilmiy ishlarida bayon etgan.

Shunday ekan, axborot va bilim ishlab chiqarishning asosiy resurslariga aylanganligi tufayli, zamonaviy iqtisodiyotni bilimlar iqtisodiyoti deb ham talqin qilish mumkin. Ilmiy ishlanmalar iqtisodiyotni asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi, ishchining bilimi, malakasi, kasbi, kreativ ongi muhim ahamiyatli sifatlarga aylanadi [1]. Ammo yana bir narsani alohida aytish joizki, axborotlashgan iqtisodiyotda abstrakt kategoriya hisoblangan bilim emas, balki nomoddiy aktiv, litsenziya, patent, texnologiya, nou-xau ko‘rinishidagi axborot asosiy strategik resurs hisoblanadi [9]. Shunday bo‘lsa ham, axborot va bilim doim dialektik birlik hisoblanib, chambarchas bog‘langan tushunchalardir.

O‘zbek olimlaridan professor A. M. Qodirov axborotlashgan jamiyat yaralishi zaminida quyidagi jarayonlar yotadi deb hisoblaydi [10]:

  • texnika va texnologiyalarning tez almashinuvi;
  • AKT’ning keng qo‘llanilishi natijasida mehnat unumdorligining oshishi;
  • mintaqaviy mehnat taqsimotida tarkibiy o‘zgarishlarning amalga oshirilishi;
  • nazariy bilim va ta’lim rolining oshishi;
  • transport va telekommunikatsiya infratuzilmalarining takomillashishi;
  • Internet bilan bog‘liq biznesni tashkillashtirish yangi shakllarining paydo bo‘lishi (virtual firmalar, internet-kommersiya, internet banking va boshqalar);
  • autsorsingning keng tarqalishi.

X. V. Muksimova ilmiy-texnik yoki boshqa barcha turdagi axborotning ishlab chiqilishi va undan foydalanishni axborotlashgan jamiyat taraqqiyotining asosiy omili deb hisoblaydi. Sh. G. Akramova shakllanayotgan «yangi jamiyat»da ishlab chiqarish munosabatlarini birinchi navbatda, axborot texnologiyalari va kompyuterlashgan tizimlar, innovatsion texnologiyalar, innovatsion tizimlar va inson faoliyatining turli sohalarini tashkil etishning innovatsion shakli kabilar amalga oshirishini o‘zining ilmiy-tadqiqot ishlarida ta’kidlab o‘tgan [11].

Yuqorida keltirilgan ilmiy-nazariy yondashuvlarni tahlil etib, axborotlashgan jamiyat shakllanishining asosiy mezonlarini quyidagicha izohlash mumkin:

    1. AKT, axborotlashgan mahsulot va xizmatlarning YaIM’dagi ulushining ortishi.
    2. Barcha tarmoq va sohalarda AKT’ning keng qo‘llanilishi.
    3. Jamiyat hayotida axborot, bilim va AKT ahamiyatining oshishi.
    4. Telefon, radio, TV, Internet, an’anaviy va elektron OAV’dan keng foydalanish orqali jamiyatning «axborotlashishi».
    5. Insonlarning axborot mahsulotlari va xizmatlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida ularning jahon axborot-resurslariga kirishishini ta’minlovchi global axborot makonining yaratilishi.
    6. Axborotlashgan mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishda bandlar sonining ortishi va boshqalar.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. F. Machlup. «The Production and Distribution of Knowledge in the United States» — NJ.: Princeton, 1962. — 283.
2. Д. Белл. «Социальные рамки информационного общества» — М.: Экономика, 2004. — 308 с.
3. H. Asahi, U. Tadao. Joho sangyo ron. «Information Industry Theory: Dawn of the Coming Era of the Ectodermal Industry» — Tokyo: VP, 1963. — 156.
4. Hayashi Yujiro. «Johoka shakai: Hado na shakai kara sofuto na shakai» — Токио, 1969. — 189.
5. S. Nora. «L’Informatisation de la Societe» — Paris: L’Independence, 1978. — 298.
6. C. Steinfield, J.L. Salvaggio. «Toward a definition of the information society». The Information Society: Economic, Social and Structural Issues. — NJ.: Hillsdale, 1989. — 120.
7. Ё. Масуда. «Информационноe общество». Вашингтон, 1981.
8. У. Дж. Мартин. «Информационноe общество: Реферат «Теория и практика общественно-научной информации». Ежеквартальник. — ИНИОН, 1990. №3. — 115 с.
9. D. Tapscott, A. Williams. «Wikinomics: How Mass Collaboration Changes Everything» — New York: BestBusinessBooks, 2009. — 498.
10. А. М. Кадиров, С. Г. Севликянц, О. Э. Отто, А. Т. Ахмедиева. «Информационно-инновационное развитие экономики Узбекистана». Монография. Ташкент: АН РУз, 2011. — 65 с.
11. Sh. G. Akramova. «O‘zbekistonda innovatsion iqtisodiyot shakllanishi sharoitida inson kapitalining rivojlanishi». Monografiya. — Toshkent: Iqtisod-Moliya, 2014. — 34 b.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq