Qоnun ijrosi deputatlar nazoratida
28.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Shuhrat Sharafutdinov.

uz_28_07_2015

Ma’lumki, fuqarolik jamiyati institutlarining qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etishi, ijro hokimiyati faoliyatining ochiqligi va uning fuqarolar oldida hisob berib borishini kuchaytirish dunyodagi rivojlangan demokratik mamlakatlar qatoriga kirish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishishning eng muhim vazifalaridan biri ekanligi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy sohadagi dasturiy maqsadlarida aks ettirilgan.

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun qabul qilinishining zarurligi Davlatimiz rahbari tomonidan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi»da belgilab berilgan edi. Qonun fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan.

Shuni aytish kerakki, mazkur Qonun nafaqat davlat organlari faoliyatining ochiqligini oshiradi, balki davlat institutlari va jamiyatning o‘zaro axborot almashish tizimini to‘liq o‘zgartiradi. Qonun normalariga muvofiq O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan ochiqlikni ta’minlash faoliyati yanada jadallashdi.

Ularga asosan hozirgi kunda:

  • deyarli barcha organlarning internet tarmog‘ida rasmiy veb-saytlari yaratildi va faol ishlamoqda;
  • ijro hokimiyatining markaziy organlarida va viloyat hokimliklarida axborot xizmatlari tashkil etildi;
  • zarur axborotlarni arxiv va axborot-kutubxona fondlariga topshirish tizimli ravishda amalga oshirilmoqda;
  • fuqarolar va yuridik shaxslar murojaatlari bilan izchil ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz Rahbari Islom Karimov joriy yil 23-yanvarda, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida qabul qilinayotgan Qonunlarning odamlar hayotiga, siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida parlamentga o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish imkonini beradigan axborot almashish mexanizmi samarali ishlashi o‘ta muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdilar. Darhaqiqat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Qonunning huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, uni amalga oshirishdagi muammoli joylarini aniqlash bugungi kunning dolzarb masalasiga aylanmoqda.

Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan ushbu qonunning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, qonun ijrochilarining axborot berish sohasidagi samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarini qonun ijrosini ta’minlashdagi huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida qator seminarlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining 2015-yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari dasturiga muvofiq 2015-yil IV chorakda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi va davlat boshqaruvi organlari faoliyatida ijro etilishi holati masalasida parlament eshituvini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bois, ushbu nazorat-tahlil ishiga tayyorgarlik va uni samarali o‘tkazish maqsadida, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi va davlat boshqaruvi organlari faoliyatida qonunning ijro etilishi yuzasidan seminarlar o‘tkazildi.

Seminarlar davomida, qonun ijrosi sohasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjud ekanligi ko‘zga tashlandi. Jumladan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Vazirlik va idoralarda AKT’ni rivojlantirishni baholash natijalariga ko‘ra (maksimal 50%) Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi veb-sayti 14,9 foizga baholangan, buni albatta yuqori natija deb bo‘lmaydi. Vazirlik rasmiy veb-saytida davlat xizmatlari ro‘yxati keltirilgan, ammo bu xizmatlardan foydalanish uchun havolalar taqdim etilmagan, rasmiy-veb-saytda qonunchilikda belgilangan davlat xizmatlarini taqdim qilishda kerakli arizalar shakli, blanklar va boshqa hujjatlarni yuklab olish imkoniyatiga ega fayl ko‘rinishida joylashtirilmagan, biroq shuni ham aytish lozimki, ushbu vazirlik tomonidan mavjud holatni yaxshilash bo‘yicha bir qancha ijobiy ishlarni amalga oshirishga kirishilgan.

Farg‘ona viloyatidagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rasmiy veb-saytlarining holati Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinib, 32ta davlat boshqaruv organlari o‘rganilgan. Bulardan: 9ta davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rasmiy veb-sayti mavjud, 7ta boshqarmaga Respublika saytidan sahifa ajratilgan. 16ta davlat hokimiyati boshqaruv organlari esa rasmiy veb-saytga ega emasligi aniqlangan. Misol uchun, viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi, viloyat monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasi, viloyat davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, viloyat arxivi, viloyat veterinariya boshqarmalarida rasmiy veb-saytlar tashkil etilmagan.

Axborot xizmatining eng muhim vazifasi rasmiy saytdagi ma’lumotlarni yangilab borishidir. Axborotning dolzarbligi — bu uning ayni paytdagi ahamiyati va muhimligi bilan belgilanadi. Faqat o‘z vaqtida berilgan axborot inson va umuman jamiyat uchun foydali bo‘lishi mumkin. Eskirgan axborot dolzarbliligini yo‘qotadi va ko‘p darajada foydasiz hisoblanadi. «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida» Qonunining 13-moddasida rasmiy veb-saytdagi axborotlar davriyligi bir haftadan oshmasligi, ya’ni axborotlar har hafta yangilanishi nazarda tutilgan.

O‘tkazilgan seminarlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, ijro hokimiyati organlari faoliyatining, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning, davlatning ichki hamda tashqi siyosatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, nafaqat davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini, balki fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarini ham qonun ijrosini ta’minlashdagi vazifalarini amalda qo‘llash bo‘yicha tushuntirish va tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini sifatli ta’minlash borasida hali ko‘plab vazifalar va oldimizda o‘z yechimini kutayotgan muammolar turibdi. Bu esa ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarimizni jonlantirish zarurligidan dalolat beradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq