Davlat organlarida AKTni joriy qilish va rivojlantirish samaradorligini reytingli baholashning 2015 yil II choragi natijalari taqdim qilindi
27.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 355-son qarori ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi ekspertlari tomonidan har chorakda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish holati tahlil qilinib, reytingli baholash ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Joriy yilning II choragi mobaynida 115 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jumladan 56 ta davlat boshqaruvi organlari, 45 ta davlat xo‘jalik boshqaruvi organlari, 14 mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holati baholanildi va natijalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Joriy yilning II choragida davlat idoralarining mazkur yo‘nalishdagi reyting ko‘rsatkichlari 2014 yilning shu davriga nisbatan 59,23 dan 68,29 % ga ko‘tarilgan bo‘lib, o‘rtacha o‘sish 15,30%ni tashkil qilmoqda.

Reytingli baholangan davlat organlari orasida Davlat soliq qo‘mitasi AKTni joriy qilish va rivojlantirishda yetakchilik (100 dan 95,04 ball) qilmoqda. Xususan, ushbu Qo‘mita tomonidan rasmiy veb-sayt faoliyatini takomillashtirish va interaktiv xizmatlarni son va sifat jihatdan oshirishga katta e’tibor qaratilgani natijasida, bu yo‘nalishdagi natijalarda o‘sish (50 dan 45,3%) o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,15 %ni, umumiy natijadagi o‘sish 2015 yilning I choragiga nisbatan 9,38%ni tashkil qilmoqda.

Shu vaqtga qadar birinchi o‘rinda turgan O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki reytingda 94,1% bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bankning umumiy ko‘rsatkichdagi o‘sishi 2015 yilning I choragiga nisbatan 2,19%ni tashkil qilmoqda. Shuningdek reytingli baholash natijalariga muvofiq, yetakchi beshlikdan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi (2015 yilning I choragiga nisbatan o‘sish 16,31%), “O‘zvinosanoat-xolding” (2015 yilning I choragiga nisbatan o‘sish 14,39%) hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyalari (2015 yilning I choragiga nisbatan o‘sish 32,91%) joy olgan. Reytingda keyingi o‘rinlarda “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi (100 dan 90,7%, 2015 yilning I choragiga nisbatan o‘sish 34,29%), Oliy attestatsiya komissiyasi (100 dan 90,6%, 2015 yilning I choragiga nisbatan o‘sish 17,57%) turibdi. O‘zbekiston Fermerlar Kengashi 100 dan 19,1 ball bilan reytingda eng quyi o‘rinda bormoqda. Ushbu idoraning ko‘rsatkichi 2015 yilning I choragiga nisbatan 6,6%ga o‘sgan.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish samaradorligini reytingli baholash tizimi tuzilmasi”ga muvofiq, baholashda rasmiy veb-sayt va interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish, axborot tizimlari, axborot resurslari va elektron hujjatlar aylanishi, axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan choralar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish tadbirlari rejalarining mavjudligi, fuqarolar murojaatlariga davlat organining munosabati, AKTni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida joriy etish va rivojlantirishning holati to‘g‘risidagi axborotni qabul qilish, ishlash va saqlashga mo‘ljallangan idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi NIS.UZga taqdim etilgan ma’lumotni sifati va ishonchliligi kabi yo‘nalishlarda tahlillar olib boriladi.

Xususan, muassasa rasmiy veb-sayti va interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish holati 100 dan 50 ballgacha baholanishi mumkin. Bu yilgi ko‘rsatkichlar qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar (Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 23 avgustdagi 181-son qarori, manzilli dastur va boshqalar)ga muvofiq joriy qilingan davlat interaktiv xizmatlari sifat jihatdan ham yaxshilangan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda o‘rtacha ko‘rsatkich 10 dan 6,33 (63,3%)ni tashkil qilmoqda. Jumladan, “Murojaatlarni ko‘rish” interaktiv xizmatini ko‘rsatish darajasi II chorakda 12,8%ga oshgan.

Reytingli baholashni amalga oshirishning maqsadi va vazifalari davlat muassasalarida AKTni joriy qilish holatini tahlil qilish va mavjud to‘siqlarni aniqlash, kamchiliklarni bartaraf etish hamda samaradorlikni oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ko‘maklashish, AKTni faoliyatda joriy etish va rivojlantirishni davom ettirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iborat. Olib borilgan tahlillar xulosalari davlat idoralarida AKTning tatbiq etilishiga mas’ul tarkibiy bo‘linmaning tashkil etilmagani yoki malakali mutaxassislarning jalb qilinmagani tashkilotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining samarali joriy qilinishi va rivojlanishi bilan bog‘liq kamchiliklarning yuzaga kelishining bosh omili ekanini ko‘rsatmoqda.

Ekspertlar tomonidan reytingli baholash o‘tkazilgan davlat organlari uchun AKTni joriy qilish va rivojlantirish samaradorligini monitoring qilish va baholash yuzasidan 2015 yil II choragi natijalariga oid batafsil ma’lumot, kamchiliklarni bartaraf etishga oid tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun davlat idoralarining mas’ul mutaxassislari ishtirokida faoliyatda AKTni samarali joriy qilish, Savolnomani to‘ldirish metodikasiga bag‘ishlangan seminar va videokonferensiyalar, masofali o‘qitishlar tashkil etilmoqda. AKTni joriy qilish va rivojlantirish samaradorligini monitoring qilish va baholashga oid savollar bo‘yicha ekspertlar bilan telefon orqali, elektron shakllarda ma’lumot almashish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, ekspertlar ishtirokida joylarda viloyat Kopyuterlashtirish markazlari bilan hamkorlikda o‘quvlar tashkil qilingan.

Bu boradagi natijalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’ul shaxslari, rahbarlari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari ishtirokida muntazam muhokama qilib kelinadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma hamda tavsiyalar beriladi. Unga muvofiq davlat idoralari AKTni joriy etish va yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlaydilar va ularni bajarishni ta’minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi qayd etilgan. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan AKT buyicha ishlar qoniqarsiz tashkil etigan hollarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sustkashlikka yo‘l qo‘ygan davlat tashkilotlari faoliyatiga oid tegishli qarorlar qabul qilish, tashkilotning rahbar xodimlariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash yoki ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish vakolatiga ega.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq