Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish sharoitlarida idoralararo hamkorlikni rivojlantirish
20.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Zamonaviy axborotlashgan jamiyatda axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish davlat boshqaruvini aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining tilak va ehtiyojlariga mosligini ta’minlash yo‘nalishida zarur shartlaridan biridir. Bugungi kunda O‘zbekiston “Elektron hukumat” tizimi doirasida davlat organlari faoliyatini samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot-texnologiyalari infrastrukturasining zamonaviy bazasini shakllantirish va rivojlantirish masalalari muvaffaqiyatli va jadallik bilan o‘z yechimini topmoqda. Barcha davlat organlarida Internet tarmog‘iga ulangan avtomatlashtirilgan ishchi o‘rinlari yaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini 2013-yillarda kompleks rivojlantirish dasturida belgilangan davlat organlarida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish va o‘z funksiyalarini samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni avtomatik tarzda yig‘ish, ishlov berish va saqlashni ta’minlaydigan davlat axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha loyiha va dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2015- yil 13- mayda qabul qilingan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 120-son Qaror ham aynan “Elektron hukumat” tizimi doirasida davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish hamda idoralararo elektron hamkorlik tizimini qo‘llagan holda davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibini belgilashga yo‘naltirilgan.

Mazkur me’yoriy-huquqiy hujjat idoralararo elektron hamkorlik jarayonida vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. Idoralararo elektron hamkorlikning asosiy maqsadi davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish hamda ushbu xizmatlarni ko‘rsatishda idoralararo axborot hamkorlikni ta’minlashdir. Mazkur Qaror bilan “Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida” va Davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibi to‘g‘risida”gi Nizomlar tasdiqlanib, ularni aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida idoralararo axborot hamkorligini ta’minlashda bir-biri bilan uzviy bog‘lig‘ligi mustahkamlangan.

“Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, ularning ixtiyorida bo‘lgan shakllar va blankalarning xatlovini o‘tkazish asosida davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, ularning reglamentlarini, shuningdek shakllar va blankalar, hujjatlar va boshqa axborot namunalarini tayyorlash va elektron ko‘rinishda yagona reyestrga kiritilishi belgilangan. Shuningdek, yagona reyestrga kiritiladigan davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli talablar ham aniq mustahkamlab qo‘yilgan, ya’ni ushbu ma’lumotlar to‘liq va ishonchli bo‘lishi, ularda noaniqliklar, qisqartmalar va xatolar bo‘lmasligi, davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarning taqdim etiladigan elektron nusxalari va ularning matni yaxshi farqlanadigan, nusxalar sifati esa hujjatning o‘qilishini qiyinlashtirmasligi kerakligi qayd etilgan. Ushbu Nizomda davlat xizmatini olish boshqa organlar tomonidan beriladigan tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalarni yig‘ish bilan bog‘liq bo‘lsa davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarda ushbu hujjatlarning berilishi uchun mas’ul bo‘lgan organlar ko‘rsatilgan holda, mazkur hujjatlarning batafsil ro‘yxati berilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

“Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga binoan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yagona reyestr operatori hisoblanadi. Yagona reyestr operatori davlat organi tomonidan ma’lumotlarni yagona reyestrga kiritganidan so‘ng, ushbu ma’lumotlarni bir hafta muddatda ko‘rib chiqadi va davlat xizmatini ro‘yxatga oladi hamda noyob reyestr raqamini ko‘rsatgan holda davlat xizmatining yagona reyestrda ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnomani elektron ko‘rinishda bir ish kuni mobaynida davlat organiga yuboradi. Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari yagona reyestrda davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining to‘liq ro‘yxati hamda boshqa ochiq va hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot resursi mavjud bo‘lganligi uchun u idoralararo elektron hamkorlikni amalga oshirishda asosiy vosita hisoblanadi. Jismoniy va yuridik shaxslarni arizasiga binoan idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar biron bir idora ixtiyorida bo‘lgan hujjat yoki axborotni olish uchun so‘rov orqali idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanishlari mumkin. Buning uchun idoralararo elektron so‘rovda idoralararo elektron so‘rovni yuboradigan davlat organining nomi va ushbu so‘rov yuboriladigan davlat organining nomi ko‘rsatilishi lozim. Shuningdek, so‘rovda ariza beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, uning so‘rovini ilova qilgan holda hujjatlar va axborotni taqdim etish uchun uning identifikatsiyalovchi ma’lumotlari, taqdim etish uchun tegishli hujjatlar va axborot zarur bo‘lgan davlat xizmatining nomi, uning noyob reyestr raqamini ko‘rsatish zarur.

So‘rovda idoralararo elektron so‘rov yuboriladigan davlat organi ixtiyorida bo‘lgan so‘raladigan hujjatlar va axborot ro‘yxati, yuborilgan sana, idoralararo elektron so‘rovni tayyorlagan va yuborgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, elektron raqamli imzo rekvizitlari ko‘rsatilishi shart. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar davlat xizmati ko‘rsatish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni arizasi olingan kundan keyingi bir ish kuni mobaynida idoralararo elektron so‘rovni o‘z ixtiyorida davlat xizmati ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va axborot bor bo‘lgan davlat organlariga yuboradilar. Idoralararo elektron so‘rov yuborilgan idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimidan foydalanuvchilar idoralararo elektron so‘rov yuborilgan kundan keyingi bir ish kuni davomida o‘z ixtiyoridagi hujjatlar va axborotni elektron hujjat shaklida tayyorlaydilar va idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali jo‘natadilar.

Idoralararo elektron so‘rovni oladigan idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchi idoralararo elektron so‘rovni yuborishning huquqiy asoslarini, ma’lumotlar tarkibini, shu jumladan, hujjatlar va axborotni tayyorlash va yuborish uchun zarur bo‘lgan, idoralararo elektron so‘rovda bayon qilingan so‘raladigan hujjatlar va axborot ro‘yxatini aniqlaydi. Idoralararo elektron so‘rovni olgan tashkilotda shunday hujjatlar va axborotning mavjudligi faktini aniqlagandan so‘ng so‘raladigan hujjatlar va axborotni idoralararo elektron so‘rov bilan murojaat qilgan davlat organiga o‘z vaqtida yuborish maqsadida ularni topib, so‘raladigan hujjatlar va axborotni ilova qilgan holda idoralararo elektron so‘rovga javobni shakllantiradi hamda uni tegishli hujjatlar va axborotni so‘ragan davlat organiga yuboradi. Idoralararo elektron so‘rovni olgan davlat organlari tomonidan ushbu organlarda mavjud bo‘lgan so‘raladigan hujjatlar va axborotning asosli rad javobi bo‘lmaganda taqdim etilmasligi yoki o‘z vaqtida taqdim etilmasligi ariza beruvchiga davlat xizmati ko‘rsatilishini rad etish uchun asos hisoblanmasligi mazkur Nizom normasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchining davlat organiga so‘raladigan hujjatlar va axborotni taqdim etishdagi asosli rad javobi asoslangan bo‘lishi va idoralararo elektron so‘rov yuborilgan kundan keyingi bir ish kunidan kechiktirilmay yuborilishi kerak. Bunday idoralararo elektron hamkorlik jismoniy va yuridik shaxslarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tezkor, samarador va ishonchli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda hamda davlat organlarini mansub bo‘lgan funksiyalarini bajarishda qo‘l keladi. Shuningdek, u aholi va ayniqsa tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatini ko‘rsatishda sansalorlik, byurokratizm va davlat xizmatlari ko‘rsatish muddatlarini cho‘zib yuborish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari katta hajmdagi ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq masalalar yechimini samaradorligini oshirishga hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarni axborot hamkorligini tezlashtiradi. Internet tarmog‘idan foydalanish ma’lumotlarni yig‘ish, foydalanish va saqlanishini ta’minlab, jismoniy va yuridik shaxslarga qulay va o‘z vaqtida davlat xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

“Elektron hukumat” tizimini rivljlantirish markazining qonun hujjatlarini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i D.Xoliqova

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq