Ina Gudeli: Axborot insonni emas, inson axborotni boshqarishi kerak
16.07.2015
Rukn: Intervyu.
Muallif: .

ina_16_07_2015

Poytaxtimizda yaqindagina o‘tkazilgan “Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va jamiyatni demokratlashtirishda axborot kompyuter texnologiyalarining vazifasi” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbatida Latviya Respublikasining Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vazirligining sobiq vaziri Ina Gudeli xonim ham qatnashdi. Fursatdan foydalanib biz ular bilan elektron hukumat, uning jamiyat hayotidagi ahamiyati, qadriyatlar, ayol va uning jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida suhbatlashdik. Ina Gudeli Lattelecom yirik aloqa operatori loyihalarining rahbari bo‘lib o‘n yil davomida ishlagan. Avval Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vazirligi devonxonasida devonxona rahbari, so‘ng ushbu tizimda vazir lavozimlarida faoliyat olib borgan. Hozir E-biznes dasturining direktori, Biznes ma’muriyati va Riga Oliy iqtisod maktabining rahbari.

— Ayol zimmangizda Latviya Respublikasi Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vaziri lavozimini ancha yillar boshqarib keldingiz. Suhbatlarimizning birida elektron hukumat tizimini hayotga joriy etishda “qora sochlar oqardi” (bryunetka edim, ushbu vazifani bajarishda blondinkaga aylandim) hazilomuz iborasini ishlatdingiz. Bugungi kunda Latviya Respublikasi BMTning har ikki yilda elektron hukumat tizimini rivojlantirish reytingida 31-o‘rinni egallab turibdi. Vazirlik vazifasini bajarishda qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?

— Har qanday yangilik dastlab qarshilikka duch keladi. Bu albatta tabiiy jarayon. Latviya Respublikasi Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vaziri lavozimini egallagach, qiyinchiliklar bo‘ldi. Biroq bu qiyinchiliklarni yengishda men birgalikda ishlagan Bosh vazirlar ishlarimni qo‘llab-quvvatlab yordam berishdi. Garchi boshqa vazirlar tomonidan to‘sqinlikka uchragan bo‘lsam-da, meni tushunuvchilar borligi menga kuch bag‘ishlangan. Avval Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vazirligi devonxonasida devon boshlig‘i vazifasida, ikkinchi rahbar vazifasida ishlaganligim uchun, bu lavozimda faoliyat olib borish menda unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Vazir lavozimini egallagach, ishchi guruhni almashtirishga unchalik ehtiyoj sezilmadi. Avvalgi ishchi guruh bilan ish olib bordim. Mening guruhim hozir ham Elektron hukumat tizimini rivojlantirish vazirligida ishlashmoqda. Boshqaruvda bir odam qaror qabul qiladi, qolganlar bajaradi qabilida ish tutish osonroq. Biroq Latviyada bunday qilishning iloji yo‘q. Sababi barcha o‘zini fikrini bildirish huquqiga ega. Buning orqasidan esa yaxshigina ishlab chiqilgan ish loyihasi ham o‘zgarib ketishi yoki qaytadan tuzilishi mumkin. Shularni hisobga olgan holda har taraflama mukammal loyiha tuzishga harakat qilar edim.

Boshqaruv tizimini elektron shaklga o‘tkazish, unda axborot kompyuter texnologiyalarini qo‘llash ancha qiyin va uzoq jarayonligini ishimni boshlashdan oldin ko‘z oldimga keltirganman. Mansabdor shaxslarni yangicha uslubda ishlash va fikrlashga o‘rgatguncha haqiqatan ham “qora sochlarimga oq tushdi”. Inson o‘z ruhiyati va tabiatiga ko‘ra yangilikka ko‘nikishi, uni qabul qilishi qiyin bo‘ladi. Latviyada elektron hukumat tizimini joriy etish jarayonida bir qator qiyinchiliklarga duch keldik. Sababi davlat xizmatlari qaysidir idora yoki rahbar vositasida emas, balki internet orqali hukumat portalida amalga oshirish orqali bajariladi. Bu esa o‘sha paytdagi rahbarlarni obro‘sini tushirib yuborayotgandek bo‘lib tuyuldi. Balki shu bois to‘sqinliklarga duch kelgandirmiz. Latviyada elektron hukumat tizimining rivojlanishi samarali va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Elektron hukumat tizimining rivojlanishi undagi xizmatlarning davlat muassasasida qolib ketmay, balki xalqqa ommalashtirish, aholining undan kundalik hayotida foydalanishiga bog‘liq. Bugungi kunda www.latvija.lv davlat xizmatlari portalida 450 ta xizmat jamlangan bo‘lib, aholi undan bemalol istagan paytda, istagan joyda mobil telefoni orqalimi, “Yagona oyna” markazlari orqalimi foydalana oladi. Shuningdek, ushbu xizmatlar vazirlik va mahalliy boshqaruv idoralari saytida ham aks ettirilgan. Davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish bu avvalo fuqarolarning vaqtini tejaydi. Oxirgi paytda hukumat idorasidan qog‘oz shaklida hujjat olganimni, biror bir murojaat yoki arizani qog‘oz shaklida yuborganimni eslay olmayman. Firmani ro‘yxatdan o‘tkazish, bolalarni bog‘cha yoki ta’lim muassasasiga joylashtirishdan tortib, soliqlarni to‘lashgacha davlatimizda elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu juda ham qulay va vaqtdan to‘g‘ri foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, ish o‘rinlarini qisqartirish orqali davlatga ham foyda olib keladi. Chunki hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari internet orqali amalga oshiriladi. Bu narsa yaxshi tizimlashtirilgan.

Hozir 57% litvaliklar internetdan foydalanishadi. 2020 yilga borib esa 85% aholini internetdan foydalanishini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun aholi uchun kompyuter savodxonligini oshirish kurslari ochilgan bo‘lib, kurslarni tugatgan bitiruvchiga maxsus sertifikat beriladi. Inson umri davomida ilm olishga intilishi kerak. Zamon tezkorlik bilan o‘zgarib bormoqda, shunga ko‘ra har bir mamlakat fuqarosi zamondan ortda qolmay, u bilan hamqadam bo‘lishi shart. Vazir lavozimini bajarayotgan paytimda 82 yoshli Latviya fuqarosi bo‘lgan ayol qo‘limdan sertifikat olganligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Zero, mamlakatning rivojlanishi davlat rahbariyatigagina emas, uning aholisiga ham bog‘liq jarayondir. Eng muhimi boshlagan ishim atrofimdagi insonlarning hayotini yaxshilashga xizmat qildi.

— Har bir mamlakatning elektron hukumat tizimida o‘ziga xos yo‘nalishlari bor. O‘zbekiston va Latviya elektron hukumat tizimi borasida qanday farqli jihatlarni payqadingiz?

— O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan ushbu sohaga oid qilgan suhbatlarimiz jarayonida elektron hukumat tizimini rivojlantirish jarayonidagi bosib o‘tgan yo‘limiz ko‘z oldimdan o‘tdi. 2 million aholiga ega bo‘lgan Latviya bilan 30 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining elektron hukumat tizimini qiyoslab bo‘lmaydi.

Bizning mamlakatda uni tatbiq qilish osonroq kechgan. Latviya mamlakatining telekommunikatsiya sohasi, iqtisodiy tuzilishi O‘zbekistonnikidan keskin farq qiladi. Mamlakatimiz axborot texnologiyalari, radiotexnika ishlab chiqarishga moslashganligi uchun bu jarayon bizda nisbatan osonroq kechdi. Yurtimizning barcha yeri internet tarmog‘iga ulangan. O‘zbekistonda tog‘li, cho‘l hududlari bor. Barcha joyga internetga ulanishning iloji yo‘q. Shunga qaramay O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlarning tajribasini o‘rgangan holda to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqda. Bu esa biz elektron hukumat tizimini rivojlantirishda yo‘l qo‘ygan ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligingiz imkoniyatingizni oshiradi.

— Yurtimizga ilk bora tashrifingiz emas. Bundan avval tadbirkorliy doirasida ham tashrif buyurgan edingiz…

— Yurtingiz bilan tanishganligimga 8 yilcha vaqt bo‘lib qoldi. Garchi yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan biznes rejam amalga oshmay qolgan bo‘lsa ham, mamlakatingizga, odamlaringizga bo‘lgan munosabatim aslo o‘zgargani yo‘q (2011-yili Ina Gudele Markaziy Osiyoda “Mikrodotors” firmasi orqali elektron texnikaning yangi avlodini ishlab chiqarish hamda ommalashtirish bo‘yicha o‘zining biznes rejasini taqdim qilgan, biroq ma’lum bir sabablarga ko‘ra biznes reja amalga oshmay qolgan edi). O‘zbek do‘stlarim, hamkorlarim, Latviyada o‘zbek talabalarim juda ko‘p. O‘zbekistonliklarga tadbirkorlik faoliyatini Yevropada yo‘lga qo‘yishlariga biznes-konsultant sifatida faoliyat olib borganligim uchun yordam bera olishligim xursand qiladi.

— Bizning qaysi an’ana va qadriyatlarimiz Sizda katta taassurot qoldirdi?

— Avvalambor menda Sizlarning boy va qadimiy tarixingiz katta taassurot qoldirdi. Tarixingizni tinmay o‘qish va o‘rganish mumkin. O‘zbek oshxonasidan taomlar tayyorlash menga juda yoqadi. Kattalarning kichiklarga, kichiklarning kattalarga munosabati yaxshi saqlangan. Farzandning ota-onaga, ukaning akaga bo‘lgan munosabatini yaxshi saqlagansizlar. Yevropada bu umuminsoniy qadriyatlar, oilaviy munosabatlar yo‘qolib ketgan. Bundan butun jamiyat aziyat chekmoqda. Qadriyatlaringizni asray bilgansiz. Niyatim ushbu qadriyatlaringizni asray biling. Keksalarni saqlash kerak. Chunki ularda hayotiy tajriba ko‘p. Insoniy munosabatlarning o‘rnini na texnologiyalar, na elektron boshqaruv, na mashina va na internet bosa oladi.

— Suhbatlarimizning birida, “Ota-onangizga SMS yozgandan ko‘ra, qo‘ng‘iroq qilib holidan xabar oling, vaqtingiz bo‘lsa ularning oldiga o‘tib holidan xabar oling”,-degan gapni ayta turib, -“AKT yaqinlarimiz holidan xabar olish imkonini cheklab qo‘ydi. Shu jihatdan axborot jamiyatiga qarshiman”-degan gapni aytdingiz. Har bir narsaning ijobiy jihatlari bilan birga, salbiy jihatlari ham bor. Insoniyat internet tarmog‘i to‘riga o‘ralashib qolgan. Balki yuqoridagi illatlar axborotdan to‘g‘ri foydalana olmasligimiz natijasida kelib chiqayotgandir?

— Texnologiyalar bizga barchasiga ulgurishimiz uchun shunday kun tartibini yaratb berdi. Insonlar axborotni emas, axborot insonni boshqarayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Majlislarni kuzatib o‘tirganimda, insonlar bir vaqtning o‘zida ham ma’ruzani eshitishadi, ham sms yozib o‘zga odam bilan suhbatlashishga, barchasiga ulgurishga harakat qilishayotganligiga guvoh bo‘laman. Axborotni saralash madaniyatiga ega bo‘lishimiz darkor. To‘g‘ri, bizga jamiyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, holat, voqealar to‘g‘risidagi xabarlar kerak. Biroq qaysi aktyorning, qaysi aktrisa bilan yurganligi to‘g‘risidagi xabar ongimizni chiqit ma’lumotlarga to‘ldirib qo‘ymasmikan? Shunga qaramay barchasini o‘qiymiz. Ongimizni kerak emas ma’lumotlar bilan to‘ldiramiz, qimmatli vaqtimizni kerak emas ma’lumotni olishga ketkazamiz. Inson yolg‘on axborotni haqqoniy axborotdan farqlay bilishi shart. Axborot insonni emas, inson axborotni boshqarishi kerak.

— Faoliyatingizni kuzata turib, kuchli ayolga kerak bo‘lgan barcha fazilatlarni kashf etdim…

— Ayol ojiz ko‘ringani bilan uning ruhiy quvvati kuchli bo‘ladi. U birgina tirnog‘i sinib qolganligi uchun aziyat chekishi mumkin, biroq hayot zarbalarini makrdonavor yenga olish, o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik kuch-qudratiga ega. Tabiat bizga mana shunday in’om baxsh etgan. Chunki ayol:– u — ona, u – oilasining muhitini asray oluvchi shaxs. Ayol o‘z oldiga nima maqsad qo‘ysa, u albatta rejasini amalga oshiradi. Shunga ko‘ra maqsadni to‘g‘ri tanlay olib oldinga va faqat oldinga intilmoq kerak.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Kelgusida amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlaringizda muvafaqqiyatlar tilaymiz.

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining mutaxassisi Nigora Umarova suhbatlashdi

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq