Xivada aloqa muzeyi
06.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida muzeylar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor xalqimizning necha ming yillik tarixiga oid osori-atiqalarni asl holida asrash, kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xivada xalqimizning qadimiy tarixiga oid obidalar ko‘p. Ular safiga zamonaviy tarzda rekonstruksiya qilinib, ishga tushirilgan Xiva aloqa muzeyi ham qo‘shildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ushbu muzey yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda milliy tariximizga qiziqishni yanada oshirish hamda Xorazmga keluvchi sayyohlarning qadimiy obidalarimiz haqidagi tushunchalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 1998-yil 12-yanvardagi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bu yerda mukammal ta’mirlash, muzey dizayni va mavjud eksponatlarni joylashtirish hamda qayta jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Muzeyda turli davrlarga taalluqli 340 dan ortiq aloqa vositasi, mingga yaqin eksponat va fotosurat, 430 dan ziyod konvert va markalar saqlanmoqda. Jumladan, 1949-yilda ishlab chiqarilgan televizion qurilma yurtimizda ixtiro qilingan dunyodagi ilk televizor nusxasi asosida yaratilgan. Bu yerda aloqa sohasining rivojlanish davrlari, tarmoqdagi o‘zgarish hamda yangilanishlar xususida keng tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, zamonaviy kommunikatsiya vositalari yordamida shu yerning o‘zida 3D o‘lchamda mamlakatimizdagi aloqa muzeylari faoliyati, ulardagi ko‘rgazmalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanishish imkoniyati mavjud.

– Bugungi kunda yurtimizda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘ttizga yaqin normativ huquqiy hujjat qabul qilingan, – deydi “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi” jamoat fondi direktori Ravshan Asqarov. – Ayni paytda mamlakatimizda xalqimizning milliy madaniyati, tarixi, san’ati, qadimiy an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan besh yuzga yaqin muzey faoliyat yuritmoqda. Xiva aloqa muzeyi shulardan biri sifatida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq