Axborot texnologiyalari rivojiga bag‘ishlandi
06.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

uz_6_07_2015_1

Poytaxtimizda 30-iyun kuni “Multimedia, axborot texnologiyalari va ularning amaliyotga tatbig‘i – MITA – 2015” XI xalqaro anjumani ish boshladi. Unda mamlakatimizning yirik sanoat korxonalari, AQSh, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Ukraina, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari, olim va mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etmoqda.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Janubiy Koreya multimedia jamiyati hamda mazkur mamlakatning Pikyong milliy universiteti, Dongguk va Ulsan universitetlari hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Botir Usmonov, Toshkent davlat texnika universiteti professori Nodirbek Yusufbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, AKT sohasini rivojlantirish va ushbu yo‘nalishda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. Toshkentda Janubiy Koreyaning Inxa universiteti filiali ochilgani bu borada amalga oshirilayotgan faol xalqaro hamkorlikka yorqin misol bo‘la oladi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning multimedia, axborot texnologiyalari va ularning amaliyotga joriy etilishidagi yutuqlarini namoyish etish, sohaning bugungi ahvoli va istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikr va tajriba almashish, shuningdek, mamlakatimizdagi o‘quv va ilmiy muassasalar olimlarining raqobatbardosh ilmiy innovatsion ishlanmalarini joriy etishga sanoat korxonalarini jalb etishdan iborat.

Tadbir jamiyat hayotiga multimediali axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali aholi turmush tarzini yanada yaxshilash, telekommunikatsiya tizimlari texnologik infratuzilmalarining qonunchilik asoslarini mustahkamlashga qaratilgan.

Mamlakatimizdagi ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining yirik markazlari – Toshkent davlat texnika hamda Axborot texnologiyalari universitetlari texnika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydi va o‘zida yirik innovatsion ilmiy-tadqiqot majmualarini mujassamlashtirgan. Mazkur oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlanmalari mamlakatimizning neft-gaz, yoqilg‘i-energetika, kimyo sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, tog‘-kon metallurgiyasi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish hamda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar kabi sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi sanoat korxonalari bilan faol hamkorlik asosida ishlab chiqilmoqda.

“Multimedia, axborot texnologiyalari va ularning amaliyotga tatbig‘i – MITA” xalqaro anjumani nufuzli ilmiy-amaliy forum bo‘lib, davlat boshqaruvini takomillashtirish va jamiyatni demokratlashtirishda multimedia tizimlarining rivoji yuzasidan tajriba almashinuviga yo‘naltirilgan. Har yili turli davlatlarda o‘tkaziladigan mazkur anjumanga bu yil O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.

Forumda O‘zbekistonda milliy axborot-kommunikatsiya tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani va yuksak samaralar berayotgani qayd etildi. Xorijiy ishtirokchilar mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jamiyatni demokratik yangilash, iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda bu bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlarga yuksak baho berdi.

Xalqaro anjumanning dastlabki kuni multimediali axborot texnologiyalari tizimini takomillashtirish istiqbollari, sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yaratilgan yangi ishlanmalar yuzasidan fikr almashildi. Komputer muhandisligi, elektron ta’lim va multimedia ta’lim resurslari, intellektual boshqaruv tizimlari sohalarida olib borilayotgan ilg‘or ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, ularni iqtisodiyotning turli jabhalariga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

– Tashkilotimiz axborot texnologiyalari sohasida Janubiy Koreyadagi nufuzli muassasalardan biri bo‘lib, mamlakatda multimedia sohasida faoliyat yuritayotgan olimlarni birlashtirgan, – deydi Janubiy Koreya multimedia jamiyati prezidenti Ki Ryong Kvon. – Biz dunyo olimlari, xususan, O‘zbekiston mutaxassislari bilan axborot texnologiyalari sohasida yangi innovatsion g‘oya va ishlanmalarni yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelamiz. O‘zbekiston – ulkan ilmiy salohiyatga ega mamlakat. Mamlakatingiz yoshlarining yuksak intellektual salohiyati va zamonaviy texnologiyalarni tez va puxta o‘zlashtirish borasidagi kuchli iqtidori tahsinga sazovor. O‘zbekistonning yosh olimlari qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, ular tomonidan yaratilayotgan ilmiy ishlanmalar bunga yorqin misoldir. Bugungi kunda O‘zbekistonning ko‘plab yoshlari Janubiy Koreya universitetlarida ham tahsil olmoqda va mutaxassisligi bo‘yicha malaka oshirmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol hamkorlik boshqa jabhalar qatori multimedia va axborot texnologiyalari sohasida ham izchil taraqqiy etishi tarafdorimiz.

Anjumanda multimedia, axborot texnologiyalari va ularni amaliyotga tatbiq etish samaralari, yangi innovatsion g‘oyalar hamda sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish chora-tadbirlariga oid masalalar muhokama qilinadi, bu borada O‘zbekiston va jahon tajribasi yuzasidan fikr almashiladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq