Davlat idoralari ochiqligini ta’minlash va ularda ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish
03.07.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

gov_3_07_2015

2015-yilning 30-iyunida Jizzax shahrida «Davlat idoralari ochiqligini ta’minlash va ularda ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Jizzax viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi «Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda BMTTDning «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” va «Elektron hukumatni rivojlantirish orqali davlat xizmatlarining sifatini oshirish” loyihalari hamkorligida tashkil etildi.

Shahar va tuman hokimliklari mas’ul xodimlari, viloyat tashkilotlari, kompyuterlashtirish markazi DUK, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi, Toshkent va Namangan viloyati hokimligi mas’ul xodimlari, NNTlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda «Ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish”, «Toshkent viloyati hokimligi rasmiy veb saytida «Ochiq ma’lumotlar”ni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar”, «Kommunikatsiya strategiyasi” hamda «Zamonaviy axborot xizmatlari: maqsad va vazifalar” kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi. «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi departament boshlig‘i Zuhriddin Shodmonovning ta’kidlashicha: «Davlat hokimiyatining ochiqligini ta’minlash va axborotlashtirish hamda telekommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor jihatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat hukumati tomonidan «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonunining samarali ijrosi hamda 2013-2020-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida Milliy axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirish majmuaviy dasturiga muvofiq AKT rivojlanish Strategiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda».

Opendata («Ochiq ma’lumotlar”) — ma’lum bir ma’lumotlar mashina o‘qiy oladigan ko‘rinishdagi qo‘llanilish uchun erkin holatda bo‘lishi va keyinchalik qayta nashr etish, mualliflik huquqlari, patentlari va boshqa nazorat mexanizmlarini cheklanishlarsiz bo‘lishi kerak, degan g‘oyani aks ettiradi. Ochiq ma’lumotlarni davlat hokimiyati va boshqaruv organlari ochiqlik tamoyillari realizatsiyasidagi ahamiyati shundaki, ma’lumotlarni oshkor etilishi tashabbusi ko‘plab dunyo mamlakatlarida ochiq davlat boshqaruvining poydevori hisoblanadi, natijada davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining oshkoraligi ta’minlanadi. Fuqarolik nazorati bazasi shakllantirilib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yangi xizmatlar yaratiladi.

Ayni paytda mamlakatimizda internet tarmog‘ida «Ochiq ma’lumotlar portali” data.gov.uz manzilida faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning 19- mart sanasida ikki tilda (o‘zbek va rus) tillarida ishga tushgan portal dastlabki bosqichda 8ta davlat organlaridan 80 xil ma’lumotlar to‘plamlariga ega. 30- iyun holatiga ko‘ra Portalda 30 ta idoradan 15 ta yo‘nalish bo‘yicha 290 dan ortiq ma’lumot joy olgan. Foydalanuvchilar tomonidan 21 800dan ortiq ma’lumot yuklab olingan.

Ayni paytda portalda hudud, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholi, transport, madaniyat, AKT, ko‘chmas mulk va biznesga oid ma’lumotlar mavjud.

Seminar davomida «Ochiq ma’lumotlar portali” bazasini ma’lumotlar bilan to‘ldirish, hokimliklar rasmiy veb saytlarida ushbu ma’lumotlarni yangilab borish, axborot xizmatlari samaradorligini oshirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash kabi masalalarda so‘z bordi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq