Kompyuter o‘yinlaridan noto‘g‘ri taassurotlar yuzaga kelishining oldini olish masalalari
30.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Guliston Abdalova, Sayyora Mirzayeva.

komp_30_06_2015

Bugungi kunda deyarli barcha yoshdagi shaxslar, ayniqsa, bolalar kompyuter (planshet, noutbuk)larda turli o‘yinlar juda ko‘p bo‘lganligi uchun ham muloqotda bo‘ladilar. Ko‘pchilik ota-onalar kompyuter o‘yinlarini kichkintoylarning beminnat «ovunchog‘i» deb biladilar: oldiga qo‘ysang – bola shu bilan ovora bo‘lib, jimgina uyda o‘tiradi, hattoki soatlab o‘tiraveradi, ko‘chada tentirab yurmaydi. Hozirgi davrda mobil telefon, planshet, smartfon, notbuk va kompyuter kabi qurilmalar mavjud bo‘lmagan oilani uchrata olmaymiz, shu sababli ham kichkintoylar olamni anglay boshlagan ilk kunlaridanoq mazkur qurilmalarga qiziqa boshlaydilar.

Ko‘p yillardan buyon jahondagi ko‘plab mutaxassis-olimlar zamonaviy kommunikatsiya qurilmalarining inson markaziy asab tizimiga salbiy elektr-magnit ta’siri mavjudligini ta’kidlayotganliklaridan xabardormiz. Bu, ayniqsa, bola organizmiga kuchli ta’sir etadi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning muntazam ravishda, planshet yoki smartfon ilovalaridagi o‘yinlar bilan shug‘ullanishi ularning intellektual rivojlanishiga ham ta’sir etadi. Bolalar yuqori chastotali elektr-magnit ta’sirga ega: telefon, smartfon, planshetlardan foydalanishi umuman sanitariya me’yorlari talablariga javob bermaydi. Mazkur qurilmalar bolaning ruhiy rivojlanishiga ham quyidagicha salbiy ta’sir ko‘rsatadi:

Birinchidan, sensorli ekrandan foydalangan bolalarda bosh miyaning signaliga qo‘l harakatlari nomuvofiq bo‘ladi. Bunday bolalar ko‘proq foydali hisoblangan harakatli o‘yinlar bilan shug‘ullanishga umuman qiziqmay qo‘yadilar. Soatlab sichqonchadan foydalanish esa barmoqlarning og‘rishiga sabab bo‘ladi, shuningdek, bolaning engashib o‘tirishi uning qomatiga zarar yetkazadi. Kompyuterdan foydalanib, bola sensorikani his etmaydi. Bundan tashqari, bola qo‘lidagi mayda motorikasining rivojlanishiga ham ta’sir etadi. Ikkinchidan, bolaning smartfon va planshet ekranlaridagi obyektlarga tikilib o‘tirishlari ko‘rishdagi muammolarni yuzaga keltiradi. Uchinchidan, planshet va smartfonlardan uzoq vaqt foydalanish bolaning bo‘yin qismida muammolar yuzaga keladi. Bola kompyuterda o‘yinlar bilan band bo‘lganida ekranga tikilaverib, kipriklari pirpiraydigan bo‘lib qolishi kabi yomon holatlar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, ayrim tajovuzkor o‘yinlar bolalarning dunyoqarashini buzadigan quyidagicha salbiy ta’sirlarni ko‘rsatadi:

    1. Bola o‘yinda bo‘lganidek, haqiqiy hayotda ham odamlarning hayotini tuganmas, qayta, qo‘shimcha «jon» olib yashash mumkin degan tasavvurga keladi, o‘yinni qayta boshlash mumkin bo‘lganidek, haqiqiy hayotda, ko‘chada ham turli xavfli vaziyatlarga yengil yondashadigan odat shakllanadi.
    2. Bolada har qanday ziddiyatli holatni kuch bilan hal etish zarur degan fikr uyg‘onadi, kuch — asosiy maqsadga aylanib, kelishish yo‘li bilan hal etish mumkinligini, hattoki, xayollariga ham keltirmaydilar yoki buning uddasidan ham chiqa olmaydilar.
    3. Kompyuter o‘yinlari qahramonlarining xulq-atvori haqiqiy hayotdagi bolaga o‘tadi, boshqalarga rahmsizlarcha munosabatda bo‘lish oddiy holatdek — go‘yo buning uchun hech narsa bo‘lmaydigandek, bu shunchaki o‘yindek tuyuladi! Agar o‘yin qahramoni xavfli olov, balandlik, jarliklar ustidan sakrab o‘tsa ham, hech bir zarar ko‘rmasligi va yana bir necha hayot zahirasiga egaligi bolaning ongida unga ham hech narza zarar yetkaza olmaydi, degan fikr shakllanadi. Bola umuman hech bir xavf-xatardan cho‘chimaslik kerak degan fikrda bo‘lib, o‘zlarini virtual qahramonlardek his eta boshlaydi.

Kompyuter o‘yinlari bolalarda ruhiy zo‘riqish(stress), depressiya holatlarini yuzaga kelishiga sababchi bo‘lishi ham mumkin. Tajovuskor mavzudagi kompyuter o‘yinlarini yosh bolalar o‘ynashiga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, aksincha, psixologik xavfsiz va ta’limiy mavzudagilarini taklif etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kompyuter o‘yinlari bolalarda harakatchanlik, natijalarga erishish tomon intilishni so‘ndiradi, virtual olamdagidek, hamma narsani oson yo‘l bilan qo‘lga kiritish mumkin degan tushunchani shakllantiradi. Bolalar sichqoncha tugmasini bosish bilan masalani hal qilish mumkin degan fikr bilan yondashib, turli harakatlarga odatlanadilar — kompyuter qurilmalari va o‘yinlar ham vaqtni ko‘ngildagidek o‘tkazish va zeriktirmaydigan manba sifatida bolani xursand qiladi.

Kompyuter o‘yinlaridan olgan noto‘g‘ri taassurotlarini hayotda ham qo‘llashga intiladi. Bu noto‘g‘ri xulq-atvor modeli uning hayotda bilim olish, mehnat qilib, biror orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishida to‘sqinlik qiladi — shu sababli bir marta uringanida natijaga erisha olmasa, yana harakat qilish, intilish o‘rniga yoki maqsadidan osongina voz kechadi, yoki salbiy harakatlar bilan bo‘lsada, boshqa yo‘llarni qidira boshlaydi. Bundan tashqari, eng yomoni kompyuter o‘yinlari bolani qaramlikka olib keladi. Ma’lumki, kompyuterga qaramlik ham juda xavfli kasallik ekanligi haqida ma’lumotlar ko‘p.

Bolalarda kompyuter va axborot vositalariga sog‘lom qiziqish yoki gadjetlarga qaramlik yuzaga kelayotganligini qanday aniqlash mumkin. Buning uchun bola xatti-harakatlarini kuzatish va quyidagi holatlarga:

  • Bola qancha vaqtini kompyuter o‘yinlari bilan o‘tkazishi. Agar bir soatdan ortiq bo‘lsa qaramlik xavfidan tashvishlanish mumkin.
  • Bola kompyuter yoki planshet kabilarsiz ham o‘yinlar bilan shug‘ullana olishi.
  • Bolani ovqatlanish yoki biror boshqa sabablar bilan chaqirilganda kompyuter yonidan ketib, qanchalik tez javob beradi yoki chaqirgan inson oldida hozir bo‘lishi.
  • Bolaning qog‘ozga qalam yoki bo‘yoq bilan rasm chizishga yoki kitob o‘qishga qiziqishlarining mavjudligi.
  • Bolaning bir yoki bir necha kun mobaynida kompyuterdan foydalanmay, boshqa mashg‘ulotlar bilan bandligiga e’tibor qaratish zarur.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, bolaning kompyuter o‘yinlariga qaramlik darajasi yoki shunchaki undan ba’zan zarur holatlardagina foydalanishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Bundan tashqari, kompyuter o‘yinlariga qaramlik yuzaga kelishi mumkinligini bolaning xatti-harakatidagi belgilarga muvofiq ham aniqlash mumkin: muntazam kompyuter o‘yinlari bilan band bo‘lgan bola shaxsiy xususiyatlarida ilgari kuzatilmagan jizzakilik, asabiylik, gapga quloq solmaslik, injiqlik, tajavuzkorlik, enurez… kabilarning yuzaga kelishi kompyuterga qaramlikdan darak beradi.

Bola psixikasi kompyuter o‘yinlari davrida zararlanishi va ortiqcha yuklama olishi mumkin. Bunga hayajonga soluvchi, salbiy kutilmagan syujetlarga ega, ruhiy zo‘riqtiradigan o‘yinlar misol bo‘la oladi. Bolalarda ko‘pincha quyidagi:

  • kompyuter oldida bola kayfiyatning yaxshiligi;
  • o‘yindan to‘xtashni xohlamaslik;
  • kompyuter oldida uzoq vaqtni ko‘ngilli o‘tkazish;
  • kompyuter oldida oila va yaqinlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish;
  • o‘z faoliyati haqida yolg‘on gapirish kabi salbiy psixologik belgilar paydo bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, quyidagi salbiy jismoniy belgilarni:

  • ko‘zda qichishish va kipriklarini pirpiratish va bosh hamda bel og‘rig‘i;
  • ovqatlanish tartibiga rioya etmaslik;
  • shaxsiy gigiyenaga rioya etmaslik;
  • to‘yib uxlamaslik kabilarni kuzatish mumkin.

Afsuski, hozirgi davrda deyarli ko‘pchilik bolakaylar ochiq havoda faol harakatli o‘yinlar: masalan varrak uchirish, koptok o‘ynash, bekinmachoq va boshqalar bilan shug‘ullanmaydilar. Axir faol va sog‘lom turmush tarzi — bu bolalarning sog‘lom rivojlanishlarining garovidir. Buning o‘rniga turli filmlar tomosha qilish, mobil telefonlari va planshet va boshqalardagi o‘yinlar bilan ko‘p vaqt o‘tkazadilar. Bolalarning sog‘lom rivojlanishi, ularning ta’lim-tarbiyalari uchun ota-onalar javobgardirlar. Agar ular bolaga noutbuk yoki mobil telefoni, televizor bilangina vaqt o‘tkazishlariga ruxsat bermay, buning o‘rniga, ochiq havoda harakatli o‘yinlar yoki kitob o‘qishga qiziqtirishlari lozim.

Ota-onalar shunday holatlarda farzandlari tarbiyasiga to‘g‘ri yondashib, masalan, quyidagicha:

  • bolalarning juda kichik yoshlaridanoq mobil telefonlariga qiziqishlari shakllanayotgan davrda ularni boshqa muhimroq mashg‘ulotlarga, masalan, ochiq havoda faol harakatli o‘yinlarga chalg‘ita bilish,
  • eng avvalo, bola ongida barcha texnika voitalari: televizor, kompyuter, planshet kabilardan faqat ruxsat so‘rab foydalanishlari shartligi haqidagi fikrni singdirib borish,
  • bolalar kompyuter, planshet kabi vositalardan qancha vaqt mobaynida foydalanish mumkinligini bilishlari shart. Bu asosiy qoidaga aylanishi zarur.
  • gadjetning o‘rniga bolani faol faoliyatga jalb etadigan o‘yinchoqlari, kitoblari va boshqalarni sotib olish,
  • agar bolaga ularninng kompyuterchalik qizig‘i bo‘lmasa, unga boshqa qiziqroq o‘yinlarni taklif etib, g‘ashiga tegmaslik kabilarga e’tibor qaratib, yo‘l tutishlari zarur.

Bolalar uchun maxsus planshet, noutbuk kabilarni sotib olish kerak, sababi ularda bolalar yoshiga muvofiq ruxsat etiladigan, ta’limiy o‘yinlar ham o‘rnatilgan bo‘ladi. Odatda, bolalar doim boshqalardan o‘rnak olib, taqlid qilishlarini unutmaslik zarur. Shu sababli ham bolalar oldida hech qanday foyda keltirmaydigan ishlar bilan shug‘ullanish mumkin emas.

Kompyuter o‘yinlari bolalarga salbiy ta’sir etmasligi uchun bolalarga alohida e’tiborli bo‘lish, iloji boricha, ta’limiy o‘yinlardan foydalanish, shuningdek, faol harakatli o‘yinlar — sport o‘yinlari, kitob mutoalasi va boshqalarga jalb etish, shuningdek, jajji go‘daklik davrilaridayoq axloq-odob me’yorlari asosida muhim qoidalarni singdirib borish avvalo, ota-ona va tarbiyachi hamda o‘qituvchilarning asosiy burchlaridir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq