Elektr aloqa sohasining buyuk namoyondalari
30.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Tohirjon Nazarjonov.

elek_30_06_2015

“O‘zbekiston aloqa tarixi” muzeyi binosining uchinchi qavatida namoyish etilgan “Elektraloqa asoschilari” stendida jahon aloqa sohasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan mashhur olim va ixtirochilar qatoridan buyuk fizik–olim, muhandis va ixtirochi – Nikola Tesla ham o‘rin olgan. O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi eksponatlari bilan tanishishda davom etib, navbatdagi sahifamizni mazkur buyuk siymoning hayot va faoliyati haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni yoritishga bag‘ishladik.

Nikola Tesla 1856-yil 9-iyulda Serbiyaning Smilyan shaharchasida tavallud topgan. U bolaligidayoq o‘zining tashqi qiyofasi va xatti-harakatlari bilan boshqalarning e’tiborini tortardi: uning bo‘yi baland, yonoq suyaklari turtib chiqqan, ko‘z qarashlari juda o‘tkir, qotmadan kelgan jussali edi. Maktabda o‘quvchilik chog‘ida, fizikadan ilk saboq olgan kezlaridanoq uni elektr sohasi juda qiziqtirib qo‘ygandi. Tabiiy hodisalar, chaqmoq chaqishiyu, mushukni silaganda paydo bo‘ladigan uchqunlargacha sirli olamdek tuyulib, har bir voqelik uni o‘ziga jalb etardi. Ruhoniylar oilasida tarbiya olgan Teslani otasi, tabiiyki, uni ham ruhoniy bo‘lishini xohlardi, biroq Nikola dunyoviy ilm-fan sirlarini bilishga intilardi.

U avval Avstriyaning Grats shahridagi texnika maktabida, keyin Praga universitetida tahsil oldi. Talabalik davridayoq u o‘zgaruvchan tok induksion generatorini yaratishga oid ilk ixtirosi bilan shug‘ullana boshladi va 1882-yilda ixtirosini e’lon qildi.

Tesla 1882-yilda Budapesht telegraf kompaniyasida muhandis-elektrik bo‘lib ish boshladi. 1884-yilda Tesla Amerikaga, taniqli olim Tomas Edisonga parijlik mutaxassislardan birining maktubini yetkazdi. Unda quyidagi so‘zlar bitilgandi: «Jahon bo‘ylab faqat ikki buyuk odamni taniyman. Biri Siz, ikkinchisi mana shu yigit». Nikola Tesla Amerikaga yuksiz, va pulsiz yetib kelgandi, sababi yo‘lda uning bor bisotini o‘g‘irlab ketgandilar, biroq u mazkur mamlakat katta imkoniyatlar taqdim etishini darhol angladi: yo‘l ustida elektromotorni tuzata olmay qiynalayotganlarga yordam berib, biroz mablag‘ga ega bo‘ldi.

Teslani elektrotexnika sohasining bilimdoni sifatida Edison o‘z kompaniyasiga ishga oldi, biroq tezda ishga ijodiy yondashuvchi olimlar o‘rtasida kelishmoqchiliklar yuzaga kela boshladi. Har bir sohada ularning qarashlari turlicha edi. Elektr tokining kelib chiqishi bo‘yicha fikrlari muvofiq kelmaganligi sababli Edison va Tesla uzoq hamkorlik qila olmadilar. Edison «zaryadlangan zarralarning harakati»ga tayansa, Tesla bu borada kengroq mulohazaga ega bo‘lib, boshqacha fikrda edi. U butun olam qandaydir ko‘rinmas modda bilan o‘ralgan, bu modda yorug‘lik tezligidan bir necha barobar yuqori tezlikka ega, «Koinotning har bir millimetri cheksiz, tuganmas energiyaga to‘la» deb hisoblardi.

Shundan so‘ng Tesla gidravlik parovoz tormozi ixtirochi Jorj Vestingauzning «Vestingauz Elektrik» kompaniyasiga ishga joylashdi. U Teslani 1888-yilda Amerika muhandis elektriklar institutida qilgan ma’ruzasi orqali tanirdi. Jorj Vestingauz Teslaning mavjud patentlarini katta mablag‘ evaziga sotib oldi va o‘ziga maslahatchi etib tayinladi. Tesla kompaniyada ishlash jarayonida ko‘p fazali elektr mashina, asinxron elektr dvigateli va ko‘p fazali o‘zgaruvchan tok orqali elektr energiyasini uzatish tizimi ixtirolari uchun patent oldi. 1893-yilda Chikagoda tashkil etilgan Butunjahon ko‘rgazmasida o‘z qobiliyatini namoyish etdi hamda shuhrat qozondi. 1895-yilda jahondagi eng katta Niagara GESi ishga tushirildi. Unda Tesla yaratgan generatorlardan foydalanildi. Tesla ixtirochi sifatida masofadan boshqariladigan mexanizmlar ustida ish olib bordi. Natijada Medison-Skver-Gardenda masofadan turib, qayiqchalarni boshqarishga erishdi.

Kolorado Springsda Teslaning tajriba o‘tkazishi uchun uchiga ulkan mis shar o‘rnatilgan minora barpo etildi. Bu yerda olim uzunligi 4 metrga yetadigan chaqmoq paydo qildi. Atrofga uchqunlar sachrardi. Bu hodisa sababli hatto otlarni ham taqalari orqali tok urdi. Odamlarni vahimaga solgan bu tajriba sababli minoradan 30 kilometr uzoqda joylashgan, bir vaqtning o‘zida 200ta elektr lampochka nur sochib turardi. Elektr toki simsiz, yer orqali uzatilgandi. Kolorado Springsda o‘tkazilgan tajribalar natijasida mahalliy elektr stansiyasidagi generator ishdan chiqdi.

1900-yilda Tesla bank xo‘jayini Jon Pirpont Morganning topshirig‘iga muvofiq Butunjahon simsiz elektr stansiyasini qurishga kirishdi. natijada Long-Aylend orolida 57 metrli minora qurildi. 1905-yilda ilk sinov amalga oshirildi. Natijada minglab kilometr uzoqlikdagi binolardagi chiroqlar yorqin nur sochdi. Simsiz energiya uzatuvchi ikkinchi minorani Tesla Niagara sharsharasiga qurmoqchi bo‘lgan, biroq loyiha juda katta mablag‘ talab qilganligi sababli amalga oshmay qoldi. Tesla 1893-yilda, Markonidan bir necha yil oldin birinchi to‘lqin uzatuvchi radioqurilmani ixtiro qildi, biroq uni aloqa emas, energiyani simsiz uzatish ko‘proq qiziqtirardi. Teslaning dunyoni simsiz yoritish borasidagi orzusi ro‘yobga chiqmadi.

elek_30_06_2015_1

1908-yildagi Tungus meteoriti hodisasini ham u bilan bog‘laydilar. Aynan o‘sha hodisa yuz bergan paytda Tesla ulkan miqdordagi energiyani havo orqali uzatish bo‘yicha tajriba o‘tkazayotgan edi. Tungus voqeasidan bir necha oy ilgari u mashhur sayyoh Robert Pirining Shimoliy qutbdagi ekspeditsiyasi yo‘lini masofadan turib, yoritib berishni e’lon qilgandi. AQSH Kongressi kutubxonasida uning Sibirdagi kimsasiz joylarning xaritasini so‘raganligini tasdiqlovchi maktubi saqlanishi, Tungus meteoritiga uning aloqasi borligi haqidagi taxminlarni paydo qilgan.

1926-yilda u tajribaxonasiga radiomachta o‘rnatadi. Olim radiomachta orqali noma’lum signallarni qabul qilishga erishgandi. Hozirgi davrda mazkur signallar o‘zga sayyoradan kelgan deb taxmin qilinadi. 1931-yilda Nikola Tesla ommaga g‘aroyib avtomobilni namoyish etdi. Qimmatbaho limuzinning dvigatelini olib tashlab, unga elektromotor o‘rnatdi. Kapot ichiga kichkinagina quticha o‘rnatdi va motorga ulab, avtomobilga o‘tirib, harakatlantirdi.

Buyuk olim bo‘lib jahonga tanilgan Tesla mikroblardan juda qo‘rqar, Gyotening «Faust» asarini yoddan bilardi. Bilyardni mahorat bilan o‘ynardi. Kuniga faqat 4 soatgina dam olardi, xolos. Teslani zamondosh tarixchilar daho hisoblab, uni «XX asrni ixtiro qilgan inson» — deb ataganlar.

Yana bir qator loyihalarni amalga oshirishga intilgan Tesla 1943-yil 7-yanvar kuni vafot etdi. U bor mablag‘ini turli loyihalarni amalga oshirish uchun sarflanganligi sababli hayotining so‘nggi kunlarida juda qashshoqlashib qolgan edi. Nikola Teslaning ko‘plab qo‘lyozmalari hozirgi davrga qadar topilmagan. Ayrimlar qo‘lyozmalarini uning o‘zi yondirib yuborgan deb taxmin qiladilar. Sababi bilim doirasi ilmiy taraqqiyotda u o‘z zamonasidan o‘zib ketgan ixtirochi olim bo‘lib, insoniyat uning fikrlarini to‘g‘ri anglashga hali tayyor emas edi.

Teslaning mashhur ixtirolari
O‘zgaruvchan tok, elektr tokini simsiz uzatish, rentgen, fluoressentli yorug‘lik, elektromagnit to‘lqinlari orqali quvvatni simsiz uzatishni kashf qilib, ilk elektr soat, turbina, quyosh energiyasida ishlaydigan dvigatelni yasaydi. Tesla robotexnika sohasida faoliyat yritib: «Kelajakda hamma ishni robotlar amalga oshiradi» — deya bashorat qilgan. O‘z davrida radioboshqaruvli kater ixtiro qilishga muyassar bo‘lgan. Bu robotexnika sohasiga qo‘yilgan birinchi qadam bo‘lib, uning ilmiy izlanishlari zamonaviy elektrotexnikaga yo‘l ochib berdi.

Hayot sir-sinoatlarga juda boy, biz insonlar ham tabiatning ana shunday mo‘jizalaridan birimiz. Biroq Nikola Tesla kabi buyuk iste’dodi bilan tarixdan munosib o‘rin olgan insonlar esa mo‘jizalar ichra g‘aroyib mo‘jizadir.

Nikola Tesla xotirasini abadiylashtirish maqsadida Niagara Folls shtatida, AQSHda va boshqa mamlakatlarda haykal va yodgorliklar o‘rnatilgan.

Maqola «O‘zbekiston aloqa tarixi» muzeyi va infoCOM.UZ jurnalining hamkorlikdagi loyihasi asosida, adabiyotlar, manbalar va matbuot materiallari asosida tayyorlandi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq