Kim bo‘lsam ekan?
29.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Baxtiyor Akmuradov.

kim_29_06_2015

Maktabdagi eng baxtli bolalik, o‘quvchilik davri ham ortda qolib, biror o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni davom ettirish, ya’ni kelajakda faoliyat yuritishni maqsad qilib, kasb tanlash vaqti ham yetib keldi. Shunday davrda, ayniqsa, umumiy ta’lim maktablaridagi bitiruvchi sinflarning barcha o‘quvchilari oldida yuqoridagi savol yanada dolzablashadi.

Albatta, hozirgi davrda maktablarda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha, ularning kasb tanlashlariga yordam berishga oid maxsus ishlar olib boriladi. Biroq o‘quvchilarning o‘zlari dillariga tugib yurgan yuksak orzulari mavjud bo‘lishi ham mumkin. Ayrimlar oilaviy sulolalariga xos, an’anaviy bo‘lib kelayotgan kasblarni tanlasa, ayrimlarga o‘qigan badiiy kitoblari, tomosha qilgan filmlari yoki biror hayotiy voqea sababli o‘zi mustaqil kasbiy yo‘nalishni tanlaydi.

Hozirgi davrimizga barcha sohalar orasida eng muhim va salohiyatli kasblardan hisoblangan axborot texnologiyalari va aloqa sohasiga mansub kasblar mutaxassisi bo‘lishga intilish bejis emas, albatta. Ma’lumki, bu borada mamlakatimizda tayanch oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) qoshida ham akademik litsey va kasb-hunar kollejlari mavjud. TATU Toshkent shahridagi 2ta akademik litsey va 7ta kasb-hunar kollejining tashkil etilishiga sababchi tayanch ta’lim muassasasi bo‘lib, faoliyat yuritishiga hamkorlikni amalga oshiradi.

Ulardan biri Mirzo Ulug‘bek nomidagi akademik litseydir. XXI asrning eng ustuvor yo‘nalishlari «Informatika va axboro texnologiyalari» sirini o‘rganishni istagan, matematika, fizika, informatika, ingliz tili, tarix va huquq fanlaridan chuqur bilim olishni, kelgusida eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishni xohlagan bitiruvchi o‘quvchilar Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi akademik litseyni tanlab xato qilmaydilar.

Ma’lumki, Toshkent axborot texnoligiyalari universiteti qoshidagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi akademik litsey O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining 1999-yil 30-avgustdagi 162-sonli buyrug‘iga muvofiq tashkil etilgan. Akademik litseyda o‘quv-tarbiyaviy ishlar jarayoni davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etilgan. Akademik litsey o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarga bilim berishda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanib kelinadi va muntazam ravishda, yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda fanlardan ochiq darslar o‘tkaziladi va o‘qituvchilarning ilmiy izlanishlari samarasi sifatida, ular tomonidan o‘quv-uslubiy, ilmiy qo‘llanma va maqolalar chop etilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 27-iyuldagi «Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-427 sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur akademik litseyga o‘qishga kirish istagini bildirgan yoshlar soni, ayniqsa, oxirgi yillarda ortib bormoqda. Akademik litseyning iqtidorli o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Kasaba uyushmasi qo‘mitasining Markaziy kengashi tomonidan ajratilgan stipendiyalar bilan rag‘batlantirib kelinmoqda. Akademik litsey Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda samarali faoliyat olib boradi. Akademik litseyning fan o‘qituvchilariga dars o‘tish jarayonida universitetning fizika, matematika, informatika kafedralari professor-o‘qituvchilari tomonidan uslubiy, malakali yordam berish, elektron darsliklar yaratishga amaliy ko‘maklashib kelinmoqda. Akademik litseyni tugatib nufuzli oliy ta’lim muassasalariga va Toshkent Axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirgan bitiruvchilar bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.

Toshkent aloqa kasb-hunar kolleji esa uzoq yillk tarixga (1929-yilda ochilgan) ega. Aloqa sohasidagi kasblarni egallashga intilganlar uchun kollej eshiklari doimo ochiq.

Kollejda quyidagi mutaxassislar tayyorlanadi:

    1. Kommutatsiya tizimlarini ishlatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish.
    2. Raqamli tizimlarni ishlatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish.
    3. Radioeshittirish, radioaloqa va televideniye.
    4. Aloqa liniyalariga xizmat ko‘rsatish.
    5. Pochta aloqasini tashkil etish.
    6. Buxgalteriya hisobi.
    7. Menejment.

Toshkent aloqa kasb-hunar kolleji oz‘ining http://aloqakollejilabzak.zn.uz rasmiy veb-saytiga ega. Saytda faqat Toshkent Aloqa kasb-hunar kollejiga tegishli yangiliklar bilan tanishish mumkin.

Hademay, yoz fasli ham o‘tib, o‘lkamizga kuz kirib keladi. Barcha ta’lim dargohlari qatorida mamlakatimizning o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari ham ilmga chanqoq o‘smir-yoshlarni o‘z bag‘riga chorlaydi. Ular ko‘ngillaridagi yuksak orzulari, yangi kasbiy mutaxassislik sirlarini egallash uchun mazkur ta’lim muassasalari darsxonalari tomon intiladilar.

Ha, kasblar ko‘p va juda xilma-xil. Qay birini tanlashni bilmay, aqling shoshadi. Biroq bu borada qat’iy qaror qilib, dadil qadam tashlagan hamda sohaga oid bilimlarni chuqur o‘zlashtirishga kirishganlar hayotga adashmaydi. Chuqur bilim va malakali mutaxassis har doim hurmat topadi. Bunday namunaviy misollarni o‘quvchilar ko‘p eshitganlar. Asosiysi, har bir o‘quvchi o‘z qalbiga, qiziqishlariga quloq solishi zarur. Hayotda o‘z sevimli ishi bilan shug‘ullanish ham insonga huzur va baxt ato etadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq