Kasaba uyushmalari hayoti: ehtirom va e’tibor
29.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hafiza Salyahova.

kas_29_06_2015

“O‘zbektelekom” AK Farg‘ona filiali va viloyat aloqa xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi 2014-yil davomida “Yagona jamoa shartnomasi” majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etishga muvaffaq bo‘ldi. Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish, ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, turmush darajasini yuksaltira borish borasidagi ishlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Jamoa tomonidan 2014-yil davomida viloyat xalq xo‘jaligi va aholisiga jami 21 mlrd 42 mln so‘mlik telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatildi.

Bu 2013-yilga nisbatan 1, 34 baravarga ko‘p demakdir. 2015-yilning birinchi choragida esa bu ko‘rsatkichlar quyidagicha bo‘ldi: 4 mlrd. 956 mln. so‘mlikni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1, 11 baravar ko‘proq xizmat ko‘rsatishga erishildi. Internet xizmatidan foydalanuvchi mijozlar soni 2014-yil 1-yanvar holatiga 12982 nafarni tashkil etib, ulardan 2014-yil mobaynida 3 mlrd. 727 mln. 264 ming so‘mlikdan ortiqroq daromad olindi. Shu yil 1-may holatiga esa internet foydalanuvchilari soni 18594 nafarga yetdi. Ulardan har oyda olinayotgan daromad o‘rtacha 350 mln. so‘mga to‘g‘ri kelmoqda. IP TV xizmatiga ulash borasidagi ishlar jadal davom ettirilmoqda. O‘tgan yilda bu xizmat mijozlari soni 261 nafar bo‘lib, ulardan 65 mln. 315 ming so‘m qo‘shimcha daromad olingan bo‘lsa, joriy yilning 1-may holatiga IPTVdan foydalanyotgan mijozlar safi 1224 nafardan oshdi va har oyda olinadigan daromad o‘rtacha 35 mln so‘mdan ko‘pni tashkil etdi. Turgan gapki, bu natijalar ortida jamoaning sidqidildan amalga oshirgan mehnatlari yotibdi.

Jamoada 938 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ularning mehnat shart-sharoitlari va turmush sifati yildan-yilga farovonlashib bormoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, filialda ishchi-xodimlarning o‘z xizmat vazifasiga ijobiy munosabatni shakllantirishga erishilmoqda. Bunda moddiy va ma’naviy manfaatdorlik doimiy e’tibordagi masala bo‘lib kelayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunga misol qilib, boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida 2014-yil 28-fevralda Nizom tasdiqlanganini keltirish mumkin. Mazkur Nizomga ko‘ra bog‘lanmalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan bildirgilarga asosan telefon apparatlari sonini ko‘paytirish, IPTV xizmatlariga mijozlarni jalb etishga qo‘shgan ulushi uchun har oy yakuni bo‘yicha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lash yo‘lga qo‘yilgan.

Shuni ham aytish joizki, alohida toifadagi ishchi-xodimlarga g‘amxo‘rlik hamisha e’tiborda. O‘tgan yili 22 nafar xodim sanatoriylarga yo‘llanmalar bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2015-yilning may oyigacha 15 nafar xodim sihatgohlarda salomatliklarini mustahkamlab qaytdi. Yil oxirigacha yana ko‘plab xodimlar shunday imkoniyatlardan foydalanib, munosib dam olish va sog‘lomlashish oromgohlariga yo‘llanma olishga muyassar bo‘ladilar.

Bundan tashqari, nafaqa yoshiga yetish va qutlug‘ sanalar munosabati bilan o‘tgan yili 77 nafar xodim, bu yil esa 22 nafar xodim moddiy rag‘batlantirildi. Navbatdagi mehnat ta’tili davrida va nafaqaga chiqib, mehnat faoliyatini yakunlagan xodimlarga moddiy yordam pullari to‘lanayotgani ham yuksak olijanoblik namunasidir.

kas_29_06_2015_1

Milliy qadriyatlarimiz, ezgu-an’analarmizga sadoqat umumxalq bayramlarini o‘tkazishda yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ishchi-xodimlarning har biriga munosib miqdorda mukofot puli taqdim etildi. 30 nafar 2 yoshgacha bola parvarishidagi ayolllarga deyarli 68 mln. so‘m, 9 nafar 2 yoshdan 3 yoshgacha bola parvarishidagi ayollarga 5 mln. so‘mdan ko‘proq nafaqa pullari berilishidan tashqari, ular 248 ming so‘mdan bayram pullari olishga muyassar bo‘ldilar.

Sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirishda kasaba uyushmalarining xizmatlari katta bo‘layotgani ishchi-xodimlar farzandlarini yozgi ta’til davrida sog‘lomlashtirishga nihoyatda jiddiy e’tibor berilayotganida ham ko‘rinadi. Har yili bolalarga atalgan bayramlar behad ko‘ngilli o‘tkazilayotgani ham fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi. 2015-yil Archasi uchun San’at-teatr saroyiga 500 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Bolalarga sahna tomoshasi chinakam mo‘jizaviy quvonch baxsh etdi. Nasriddinning sarguzashtlari, ya’ni Yaxshilikka omad doimo kulib boqishi, Yaxshilikning yomonlik ustidan g‘alabasi muqarrar ekanligi bolalar ongiga yetkazilgani ota-onalarga maqbul bo‘ldi. Viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, «7 aprel — Jahon salomatlik kuni»ga bag‘ishlab uyushtirilayotgan shifokorlar bilan uchrashuv-muloqotlar sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga xizmat qilmoqda. Oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlamoqda.

Kasaba uyushmlari mas’ullari o‘zlarining qanchalar faol va tashabbuskor ekanliklarini 7-may — Aloqachilar kasb bayrami hamda «9-may — Xotira va qadrlash kuni« umumxalq bayramlarini nishonlashda munosin namoyon etdilar.

Zotan, olijanoblik xizmatchilari bo‘lmish Botirjon Mamajonov hamda Husanboy Abdurahimovlarning hayoti shunday ulug‘ kunlardagi mashaqqatli va mas’uliyatli yumushlari bilan maroqli va sermazmundir. Ikkinchi jahon urushi mehnat fronti ishtirokchilari Sodiqjon ota Mamayusupov hamda Aleksandra Reshitilovalar holidan xabar olinib, pul mukofotlari va sovg‘alar topshirilgani, uzoq yillik samarali mehnatlari uchun Buvayda TB muhandisi Abdug‘affor Abdusattorovga «O‘zbektelekom» AK’ning, bir guruh ishchi-xodimlarning viloyat hokimligi faxriy yorliqlari topshirildi. Shu bayramlar tantanasida 250 nafar kishiga to‘kin dasturxon yozilib, yuz nafarga yaqin faxriylarga esdalik sovg‘alari taqdim etilgan onlar xushnudligini unutib bo‘lmaydi. Bu lahzalar qanchadan-qancha dillarda uzoq yillar aks-sado berib turishi aniq. Binobarin, inson tabiati shunday. Mehnati qadr topgan, ismi-sharifi sharaflangan daqiqalarni umrining so‘nggi daqiqalarigacha unutmaydi. Diqqatingizga havola etayotganimiz ikki lavha ana shu unutilmas soniyalar hikmatidan so‘zlaydi.

Eng bebaho sovg‘a
Avtobusda 60–75 yoshlardagi ulug‘ insonlar jamlangandi. Suhbat qizg‘in. Savollar, javoblar… Hol-ahvol, bola-chaqa, nevara-chevara, to‘y-marosimlar… Bo‘lmasam-chi, turli tumanlardan kelgan aloqachilar 20–30 yilda endi diydorlashayotgan edilar. Diydor shirin, diydor g‘animat. Rahbarlaru oddiy ishchi-xodimlarning nomlari bir-bir tilga olindi. Haqlariga duolar qilindi. Aqllarni shoshirib-toshirib qo‘yayotgan texnika va texnologiyalar, shiddatli rivojlanish samaralari, Internetning foydayu zarari, dunyoni lol qoldirayotgan zukko yoshlarning bilimdonligidan hayratlanib so‘zladilar. Donishmand ko‘ngillarda hayot zavqi — ishtiyoqi jo‘sh urdi.

Avtobus joyidan jilib, sayohat boshlangach esa suhbat mavzui Farg‘ona jamoliga ko‘chdi. Zamonoviy me’morchilik talablari asosida qaytadan barpo bo‘lgan shahar chiroyi qalblarni his-hayajonlarga to‘ldirdi. Ko‘plar Farg‘ona tarovatidan, yangilangan go‘zalligidan ilk marta bahramand bo‘layotgandi.

— Shu kunlarga yetkazganiga shukur, — dedi kimdir astagina. Boshqa bir otaxon xitob qildi:
— Yoppiray, qaranglar, oppoq kemaga o‘xshaydi-ya! San’at saroyi deganlari shu-bo‘lsa kerak-a?
— Ha, — deydi boshqa otaxon kulimsirab. — Lekin bu oppoq binoni televizorda ko‘rsatishganda «Oqqushga o‘xshaydi» deyishgandi. Chindan ham osoyishtagina o‘rnashib olgan oqqush deysiz, salobatini, mahobatini ko‘ring!
— Qanday g‘aroyib!

Otaxonlarning g‘ururli xitoblarini jimgina tinglab borayotgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Botirjon Mamajonov ham ularning sevinchlariga sherik bo‘ldi: — Anavi Farg‘ona—Quvasoy yo‘li, anavi bino esa Suv sporti saroyi! Mana bu yo‘l esa Farg‘ona—Quva yo‘li. Biz ketayotgan yo‘l kichik halqa yo‘li. Katta halqa yo‘li quril-yapti… — Juda go‘zal shahar bo‘libdiku, Farg‘ona, buncha maftunkor bo‘lmasa! — Nadejda xola Artyuxovskaya ham o‘z hayajonlarini yashira olmadi. — Jannat deysiz-a, jannat!

Shunday sayru-sayohatlar bilan sobiq aloqachilar bayram tantanasiga yetib keldilar. Dasturxon ko‘rki ham, bayram shodiyonasi ham zo‘r bo‘ldi. Hamma-hammasi xotiralarga o‘chmas muhr bo‘lib naqshlandi. Ajoyib, kutilmagan hadyalar tortiq etildi, ularning eng bebahosi diydorlashuv atalmish sovg‘a bo‘ldi…

Eng yoqimli tuyg‘u
Uchko‘priklik Sodiqjon ota uchun may oyining yettinchi va to‘qqizinchi kunlari qanchalar muhim ekanligini ta’riflashga hojat bo‘lmasa kerak. Ikkinchi jahon urushi zahmatlarini chekkan, sal kam qirq yil aloqa sohasida ter to‘kkan fidoyi inson bu kunlarni yaxshi ko‘radi, intizor kutadi. Boisi, bu kunlar yoshlik g‘ayrat-shijoati qaynagan, intilish, izlanish yillaridagi eng yorqin yillar, daqiqalar, onlar kino lentasiday, bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘taveradi. Axir bu mukarram insonlar yoshlarni alqaydilaru, asosan xotiralar bilan yashaydilar. Bayram ayyomlari kunlarida hamkasblar, shogirdlar tashrif byuradilar.

E, bolajonlarim, kelinglar, kelinglar! Qadamlaringizga hasanotlar. O‘ziyam hozir kelishadi deb turgandim. Ezgu-amallaringizning ajru savobi nasib etsin. — Sodiqjon ota uzundan uzoq duolar qilar ekan, ko‘zlarida yana yosh ko‘rindi, qo‘llari titradi. — Biz kabi ulug‘ yoshlarga yetib yuringlar, urush azoblarini biz ko‘rdik, sizlar aslo ko‘rmanglar. Gullab-yashnayotgan O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin…

Yoshlar elga oqil pochtachi va telekomchi aloqachilarni yetkazib bergan ustoz Mamayusupovlar hovlisidan xayr-xo‘shlashib, chiqar ekanlar, dillarida qandaydir yengillik, shodlik, mamnuniyatni his etdilar. Bu eng olijanob, eng yoqimli tuyg‘u — burchni ado etganlik tuyg‘usi edi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq