Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reyestrini shakllantirish va foydalanish to‘g‘risida
29.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Nigora Umarova.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2005-yil 8-iyuldagi PQ-117-sonli Qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida» 2005-yil 22-noyabrdagi 256-sonli qaroriga muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati yuridik va jismoniy shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish tartibi, shartlarini belgilaydi.

Interaktiv davlat xizmatlariga ta’rif berishda, bu idoralarning axborot tizimlari, telekommunikatsiyalar tarmog‘i orqali jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos tushadi. Bunday xizmatlarni idoralar tomonidan ko‘rsatish uchun idoralarda tegishli axborot resurslari tashkil etilishi zarur va bu interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi axborot tizimlari yagona standartlari va talablari asosida o‘zaro hamkorlik qilishi kerak.

Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishning asosiy maqsad va vazifalari: axborot ayirboshlash va tarqatish tezkorligi darajasining o‘sishi hisobiga davlat funksiyalarini bajarish samaradorligi va tezkorligini oshirishga; so‘rovlarni puxta ishlash hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat funksiyalarining ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga; idoralarning yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligi darajasini oshirishga; idoralarning yuridik va jismoniy shaxslar hamda boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligiga sarflanadigan chiqimlarni qisqartirishga; aholining davlat boshqaruvida yanada faol ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida idoralar faoliyatining ochiq-oshkoraligi darajasini oshirishga; axborot ayirboshlashning yangi mexanizmlariga o‘tishga yo‘naltirilgan.

Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish shart-sharoitlari
Interaktiv davlat xizmatlari umumiy foydalaniladigan, foydalanish qulay hamda barcha qatlamlar va guruhlar foydalanuvchilarining ustuvorliklari va ehtiyojlariga muvofiq bo‘lishi kerak. Interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish eng yuqori darajada tez va qulay usulda ta’minlanishi kerak.

Interaktiv davlat xizmatlaridan kafolatli va xavfsiz foydalanish idoralar tomonidan ta’minlanishi kerak. Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli hamda ruxsatsiz foydalanish, yo‘q qilish, buzish, blokirovka qilishdan himoyalangan va qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak. Idoralarning interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlari qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va ulardan foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari
Interaktiv davlat xizmatlari: umumiy foydalaniladigan axborotni e’lon qilish (tarqatish) — tegishli axborot tizimlari, shu jumladan, Internet orqali davlat axborot resurslaridan foydalanish bo‘yicha xizmatlarni amalga oshirish; bir tomonlama o‘zaro hamkorlik — elektron shakldagi hujjatlarning har xil formulyarlaridan foydalanish imkoniyatini berish; ikki tomonlama axborot ayirboshlash — so‘rov bo‘yicha qabul qilish, tahlil (ko‘rib chiqish) va javob yuborishni o‘z ichiga oladigan idora xizmatlari (buyurtmanomalar va murojaatlarni, ularni qayta ishlash natijalarini taqdim etish va/yoki berish); elektron shakldagi ma’lumotlar to‘liq ayirboshlanishini amalga oshirish, shu jumladan, xizmatlar ko‘rsatish va ularga haq to‘lash shaklida ko‘rsatilishi mumkin.

Interaktiv davlat xizmatlari foydalanuvchi tomonidan idora bilan o‘zaro hamkorlik qilish doirasida yoki bir nechta idoralarning o‘zaro hamkorligi asosida amalga oshiriladi va ko‘rsatiladi. Internetning umumiy foydalaniladigan tarmog‘i vositasida ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari nafaqat idoralarning rasmiy saytlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat hokimiyati portali orqali ko‘rsatilishi ham mumkin.

Qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy interaktiv davlat xizmatlari majburiy hisoblanib va bu xizmatlar idoralar tomonidan bepul ko‘rsatiladi, ko‘rsatilganligi (rasmiylashtirilganligi) uchun qonun hujjatlariga muvofiq yig‘imlar, bojlar va boshqalar shaklida to‘lov nazarda tutilgan xizmatlar bundan mustasno hisoblanadi va boshqa qo‘shimcha interaktiv davlat xizmatlari idoralar tomonidan mustaqil belgilanadi va pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin.

Albatta bu qo‘shimcha interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishidan olingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Byudjet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 1999-yil 3-sentabrdagi 414-sonli qaroriga muvofiq davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sarflanib, bu interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi, shartlari va muddatlari esa har bir idora tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi. Reglamentda quyidagi asosiy qoidalar mavjud bo‘lishi kerak:

  • ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tarkibi hamda mazmuni aniq va yorqin ifodalangan bo‘lishi;
  • xizmatlar ko‘rsatish turi/shakli va usuli, kutilayotgan aniq natija;
  • xizmatlar ko‘rsatish muddati;
  • zaruriyat bo‘lganda, xizmatlar ko‘rsatish qiymati;
  • idora yoki mansabdor shaxsning xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari.
  • idoralar tomonidan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.

Interaktiv davlat xizmatlari reyestrini yuritishning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

  • interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda foydalanuvchilarga qulaylik yaratish;
  • interaktiv davlat xizmatlarini oqilona rivojlantirish;
  • elektron hujjatlar aylanishi tizimlarining o‘zaro aloqasini ta’minlash.

Yangi interaktiv davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish ishlari aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda interaktiv davlat xizmatlari reyestrini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi interaktiv davlat xizmatlari reyestrining shakllantirilishi, foydalanilishi, o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlanishi va yangilanishini ta’minlaydi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq