Mobil gazeta
26.06.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

gazeta_26_06_2015

Mamlakatimiz matbuot nashrlari ichida birinchilardan bo‘lib «Xabar» gazetasining o‘ziga xos mobil ilovasi yaratildi. Endi dunyoning istalgan burchagidan turib gazetaning elektron shaklini mobil telefon va planshetlarda o‘qish mumkin.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Endilikda ma’lumot qidirish, yig‘ish, tayyorlash, sahifalash va dizayndan tortib, nashrni bosmadan chiqarish va tarqatishgacha bo‘lgan jarayonlar axborot texnologiyalari vositasida amalga oshirilayotgani barchaga ayon. Kompyuter, internet, elektron pochta va mobil telefondan kasb faoliyatida foydalanmaydigan jurnalistni esa bugun topish qiyin. Mushtariylarning talabi ham shunga ko‘ra o‘zgarib boryapti: endi shunchaki bosma nashr sahifalaridagi maqolalar orqali g‘oyibona fikr almashishning o‘zi kamlik qiladi, tahririyatlar va o‘quvchilar o‘rtasida interaktiv muloqotni yuzaga keltiruvchi mobil ilovalarga ehtiyoj tug‘ilmoqda.

Mobil ilova o‘zi nima?
Mobil ilova — smartfon, planshet va boshqa mobil qurilmalarga mo‘ljallangan dasturiy mahsulot bo‘lib, turlicha yo‘nalish va mavzularni qamraydigan hamda foydalanuvchilar uchun qulaylik va rang-baranglik tug‘diruvchi zamonaviy vositadir.

2008 yili jahonning nomdor Apple kompaniyasi tomonidan App Storening joriy qilinishi axborot texnologiyalari olamida mazkur yo‘nalish istiqboliga zamin yaratdi. Keyinroq bu yo‘nalishga android qurilmalarni qo‘llovchi Google Play va boshqa do‘konlar qo‘shilib, raqobat yanada kuchaydi. 2015 yilga kelib, Google Play va App Storeda joylashtirilgan mobil ilovalar soni 3 milliondan oshib ketdi.

O‘zbekistonda ham mobil ilovalar bozori tobora jadal rivojlanib boryapti. Yirik loyihalar va xizmatlarni keng aholi qatlamiga qulayroq tarzda taqdim qilishda mobil ilovalardan unumli foydalanilayotir. Jumladan, ommaviy axborot vositalari ham o‘zlarining mobil ilovalarini yaratish va yanada kattaroq auditoriyani shakllantirish ustida bosh qotirishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi nashri hisoblangan «Xabar» gazetasi mamlakatimiz gazeta va jurnallari orasida birinchilardan bo‘lib shu ishga qo‘l urdi. Soha rahbari, gazeta tahrir hay’ati raisi Xurshid Mirzohidovning tashabbusi va vazirlik homiyligida hamda BePro yosh dasturchilar markazi bilan hamkorlikda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida gazetaning o‘ziga xos mobil ilovasi taqdim qilindi.

O‘ziga xosligi nimada? Undan qanday foydalanish mumkin?
Tayyorlangan mobil ilovaning farqli jihati shundaki, endilikda «Xabar» gazetasini bosma shaklda qanday bo‘lsa, xuddi shundayligicha mobil qurilmalar orqali elektron shaklda o‘qish imkoniyati bor. Ilova eng ommabop internet do‘konlar — Google Play va App Storeda joylashtirildi. Uni ko‘chirib olish hamda foydalanish uchun android qurilmalar orqali Google Play qidiruv tizimidan «xabar.uz» so‘zi qidiriladi. Qidiruv tizimi darhol ilovani topib beradi. Mobil qurilmaga o‘rnatish uchun «Ustanovit» tugmasi bosiladi. Ilova yuklab olingach, undan bemalol foydalanish mumkin.

gazeta_26_06_2015_1

Xuddi shu kabi iPhone va iPad qurilmalari egalari ham yaqin kunlar ichida App Store do‘konidan mobil ilovani ko‘chirib olishlari mumkin bo‘ladi. Dasturni ko‘chirib olish bepul.

Endilikda dunyoning istalgan burchagidan turib ilovani mobil qurilmaga yuklab olish va «Xabar» gazetasining elektron talqinini mutolaa qilish mumkin. Buning uchun ilova mundarijasidagi «Yangi son» tugmasi bosilsa, kifoya.

gazeta_26_06_2015_2

Nashrning yangi soni avtomatik ravishda mobil qurilmada ochiladi. Sahifalarni ekranda «varaqlab», xohlasangiz yaqinlashtirib, yirikroq shriftlarda mutolaa qilishingiz mumkin. Gazetaning elektron shakli mobil ilovada har hafta juma kuni yangilanadi. Avvalgi sonlar esa arxivga tushadi. Arxivlarni qurilmaga yuklab olish va internet o‘chirilgan holatda ham bemalol istalgan joyda gazetani o‘qish imkoniyati bor.

Bundan tashqari, mobil ilovada mamlakatimiz axborot texnologiyalari tizimi, jahon AKT olamida ro‘y berayotgan yangiliklar, tahliliy maqolalar kun davomida yangilanib boriladi.

gazeta_26_06_2015_3

Sherzod HABIBULLAYEV, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi direktori:

— Mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha sohalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hayotimizning barcha sohalariga axborot texnologiyalarining joriy etilishi interaktiv xizmatlar ko‘rsatish doirasini kengaytirishda alohida ahamiyatga molik.

Respublikamiz matbuot nashrlari orasida birinchilardan bo‘lib «Xabar» gazetasining mobil ilovasi ishga tushishi va mobil qurilmalar orqali nafaqat axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yangiliklarni kuzatib borish, balki bevosita gazetaning elektron shaklini qulay tarzda o‘qish imkoniyati yaratilgani mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari faoliyatida zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda yangi xizmatlarni joriy etish jarayoniga ijobiy turtki beradi.

Bu kabi tashabbuslar O‘zbekistonda milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning muhim bosqichida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish va «Ochiq ma’lumotlar» bazasini yaratishga ulkan hissa qo‘shadi. «Xabar» ushbu ezgu maqsadga bel bog‘lagan dastlabki matbuot nashri bo‘ldi deb o‘ylayman.

Bilamizki, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish jarayonida, qaysi yo‘nalish yoki sohada bo‘lishidan qat’i nazar, fuqarolarning mablag‘ni tejagan holda sifatli xizmatlardan foydalanishi, ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning esa innovatsion mexanizmlari joriy etilishi, takomillashtirilishi va optimallashtirilishi muhim ahamiyatga ega. Gazetaning mobil ilovasi gazetxon-o‘quvchilar uchun bir qator qulayliklarni taqdim etadi. Demak, «Xabar» gazetasida yo‘lga qo‘yilgan bu boradagi ilg‘or tajriba tez orada boshqa matbuot nashrlari orasida ham keng ommalashib, fuqarolar uchun yangidan-yangi qulayliklar yuzaga keladi.

Hech bir yangilanish shunchaki yuzaga kelmaydi
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizning barcha jabhasiga yangilik olib kiruvchi «qon tomir»ga aylanib borayotgani ortida ulkan islohotlar samarasi mujassam. AKTning iqtisodiyotimiz va jamiyatimiz hayotida muhim o‘rin tutishini hisobga olib, davlatimiz tomonidan sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti.

Bu yo‘nalishdagi vazifalarning mohiyati, maqsadi va istiqboldagi rivoji O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013 yilning 27 iyunida qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ham o‘z ifodasini topdi. Mazkur qarorga muvofiq, 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi tasdiqlandi.

Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar 2014 yilda mamlakatimizda barcha avtomat telefon stansiyalarini raqamli tizimga o‘tkazishni yakunlash uchun zamin yaratdi. Bu esa xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish tezligini oshirish imkonini berdi. Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko‘payib, ayni kunda 10 milliondan oshib ketdi. Internetning o‘tkazuvchanlik darajasi va tezligi bir necha barobar oshgan holda, undan foydalanish narxi yildan-yilga pasaymoqda.

Yangi mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilishi, shu yilning aprel oyidan milliy operator — «O‘zMobayl»ning GSM tarmog‘i ishga tushirilishi hisobidan aloqaning ushbu zamonaviy, yuqori texnologiyalarga asoslangan tizimi abonentlari soni 20 milliondan ortdi.

Ha, internet va mobil aloqa tizimi OAVga axborot tarqatishning yangicha uslublarini taqdim etmoqda. O‘n yilcha muqaddam o‘z veb-saytiga ega gazeta va jurnallar soni sanoqli bo‘lgan bo‘lsa, hozir deyarli har bir nashrning internetdagi talqini mavjud. Mobil texnologiyalarning rivoji va jadal ommalashib borayotgani esa bugun tahririyatlar oldiga navbatdagi marralarni qo‘ymoqda.

Muallif: Lutfulla Tursunov

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq