Gruziya Respublikasi Adliya vazirligining axborot almashinuvi agentligi loyihalari boshqaruvchisi Paata Sirbiladze bilan davra suhbati
25.06.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

el_25_06_2015

Bugun “Elektron hukumat’ tizimini rivojlantirish markazi tomonidan Aloqa tarixi muzeyida Gruziya Respublikasi Adliya vazirligining axborot almashinuvi agentligi loyihalari boshqaruvchisi Paata Sirbiladze bilan davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, BMTD, Savdo-sanoat palatasi, “UZINFOCOM” markazi, UNICON DUKning mutaxassislari qatnashishdi. Paata Sirbiladze davra suhbati ishtirokchilariga Gruziya elektron hukumat tizimini rivojlanish bosqichlari, bugungi kundagi ahvoli, uni takomillashtirishga doir olib borilayotgan islohatlar xususida so‘zlab berdi.

Gruziya elektron hukumat modeli elektron davlat xizmatlarini fuqarolarning kundalik hayotiga joriy etishda peshqadam bo‘lmoqda. BMTning har ikki yilda elektron hukumat yuzasidan o‘tkaziladigan reyting ko‘rsatkichida davlat 56-o‘rinni egallamoqda. Bunga asosiy sabab esa davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi Yagona darcha (Public Service Halls)da davlat xizmatlarini ko‘rsatish keng qamrovli yo‘lga qo‘yilganligidadir. Birgina Tbilisining o‘zida 14 ta Yagona darcha uylari mavjud bo‘lib, u yerda kuniga 18 000 dan ortiq fuqarolarga 300 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Chekka hududlarda 100 ta qishloq mavjud bo‘lib, hozircha 23 ta qishloqda davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi Community centers- markazlar faoliyat olib borilmoqda. 5 yil ichida bunday markazlar barcha hududlarni qamrab oladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish pullik bo‘lsa-da, undan barcha fuqarolar foydalanish imkoniyatiga ega. Markazlarda xizmat ko‘rsatishning uch darajasi bor. Bular: 5 daqiqa ichida, 10 daqiqa ichida hamda ko‘p vaqt ichida ko‘rsatiladigan xizmatlar.

Gruziya davlatining vakili o‘z ma’ruzasida “Yagona darcha” markazlari faoliyatini tashkillashtirish masalalariga to‘xtab o‘tar ekan, elektron hukumat tizimida “front-offis”, “bek-offis”larni tashkil etish, shuningdek, davlat organlarida ma’lumotlarni almashish jarayoni masalalariga alohida to‘xtab o‘tdi. Bundan 10 yil avval hujjatlarni rasmiylashtirishga 10 kun vaqt ketgan bo‘lsa, hozir ushbu davlatda bu jarayon 2 soatgina vaqtni oladi. Elektron xizmatni ommalashtirish ishlari maktab davridanoq boshlanadi. Gruziyada 2300 ta maktab kompyuterlashtirilgan, internet tarmog‘iga ulangan. O‘quvchilar 14-15 yoshidanoq qanday davlat xizmatlari elektron usulda ko‘rsatilishini bilishadi. Maktabni bitirish imtihonlari elektron shaklda olinadi. Bitiruv testlarini topshira olmagan bitiruvchiga maktabni bitirganligi to‘g‘risida guvohnoma berilmaydi, bu esa uni Oliy o‘quv yurtiga kirish imkonidan mahrum etish demakdir. Oliy o‘quv yurtiga kirish jarayonidagi testlar Fransiyada chop etiladi. Onlayn-imtihonlarni topshirishni yo‘lga qo‘yish orqali Gruziya o‘qishga kirishdagi poraxo‘rlikka chek qo‘ydi.

el_25_06_2015_1

Paata Sirbiladzening ta’kidlashicha, 2016-yilda BMT tomonidan e’lon qilinadigan reyting ko‘rsatkichida Gruziya 50talik o‘rindan birini egallamoqchi. 2012-yilda BMT tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida Gruziya elektron xizmatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganligi sababli “Davlat xizmatlarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish” borasida 2-o‘rinni egallagan. Gruziyaning elektron hukumat tizimi borasidagi muvafaqqiyatlari Yevropa qurilishi va taraqqiyoti banki, «Transparency International» markazi, Yevropa parlamenti tomonidan alohida ta’kidlab o‘tilmoqda. Xorijdagi Gruziya fuqarosi davlat xizmatlari portal orqali o‘zining davlat elchixonasiga tashrif buyurmagan holda yangi passport olishi yoki uni almashtirishi, bu jarayonda bank kartasidan to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Bu kabi xizmatlarga Gruziya davlati fuqaroligini olish xizmatini ham misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Shuningdek, Gruziya fuqarosi davlat xizmatlari portalidagi “Ko‘chmas mulk” bo‘limi orqali ko‘chmas mulk reyestrlari va kadastr rejalarini olish imkoniga ham ega. Ushbu bo‘limda Tbilisi va mamlakatning boshqa shaharlaridagi kadastr xaritalari keltirilgan. Bu esa ma’lumotlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlashning ma’lum bir omillaridan biridir. Gruziya idoralari amaldorlari sarmoyalari dekloratsiyalarini hukumat portalida e’lon qilib, istagan fuqaro ushbu ma’lumotlar bilan tanishish imkoniga ega. Gruziya davlat xizmatlari portal ingliz va gruzin tillarida faoliyat olib boradi.

“Gruziya o‘zining elektron hukumat tizimini rivojlantirish jarayonida Avstriya, Buyuk Britaniya, Daniya kabi mamlakatlarning tajribasini o‘rgangan holda, o‘zining geografik sharoitini hisobga oldi. Tog‘li hududlarimizda internet tezligi nihoyatda sekin bo‘ladi. Elektron hukumat tizimimizni takomillashtirishda ushbu omillarga mos tarzda o‘z ish rejamizni tuzdik. Rejani amalga oshirish jarayonida ushbu tizimni yanada o‘rganish jarayonidamiz. Zero, bir kun o‘rganmaslik, taraqqiyot jarayonini to‘xtashiga olib keladi”-deb davra suhbatiga yakun yasadi Paata Sirbiladze.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq