Jismoniy shaxslar o‘zlari to‘laydigan soliqlarni mustaqil ravishda xisoblashlari mumkin
23.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng tatbiq etilib, sifatli interaktiv xizmatlar ko‘rsatilayotgani o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan to‘lovchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, soliq solish bo‘yicha keng ko‘lamdagi zarur ma’lumotlarni olishni yanada rivojlantirish maqsadida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu o‘z navbatida fuqarolar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Xususan, rasmiy www.soliq.uz saytida «Jismoniy shaxslarning yer solig‘ini hisoblash elektron kalkulyatori» interaktiv xizmati joriy etilgan. Ushbu interaktiv davlat xizmati jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning soliq savodxonligini oshirish, davlat soliq xizmati organlarida mavjud ma’lumotlardan foydalangan holda mustaqil ravishda jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini avtomat tarzda hisoblab chiqarish, uning to‘g‘ri hisoblanishi va imtiyozlar to‘g‘ri kiritilganligini nazorat qilish imkonini beradi.

Mazkur interaktiv xizmatdan foydalanish uchun rasmiy www.soliq.uz saytiga kirib, Jismoniy shaxslar uchun bo‘limidan «Jismoniy shaxslarning yer solig‘ini hisoblash elektron kalkulyatori» interaktiv xizmatini tanlagan holda tizimga o‘tiladi. Jismoniy shaxslarning yer solig‘ini hisoblash uchun katakchalar to‘ldiriladi, bunda soliq to‘lovchi o‘ziga taalluqli ma’lumotlarni majburiy tartibda emas, balki o‘z xohishiga qarab to‘ldiradi.

«Elektron kalkulyator»da soliq imtiyozlarini avtomat tarzda chegirish imkoniyatlari nazarda tutilgan va tegishli soliq turi bo‘yicha jismoniy shaxslarga berilgan soliq imtiyozlarini kiritish uchun soliq to‘lovchiga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini to‘ldirish va belgilash uchun imtiyozlar ro‘yxati kalkulyatorning asosiy oynasida aks ettirilgan.

Elektron kalkulyator yordamida jismoniy shaxslar tomonidan yer solig‘i bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasining hisoblab chiqarilishida quyidagi katakchalar to‘ldiriladi:

— yer uchastkasi joylashgan hudud;

— obyektning kodi orqali yer uchastkasining nima maqsadda foydalanilayotganligini tanlash;

— o‘lchov birligi orqali yer uchastkasining maydoni tanlanadi;

— yer uchastkasining zonasi;

— soliq turi bo‘yicha jismoniy shaxslarga berilgan soliq imtiyozlari;

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 290-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini to‘ldirish uchun «qo‘shish» tugmasini bosish kerak.

Elektron kalkulyatorga birlamchi ma’lumotlar kiritilib, «Hisoblash» tugmachasi bosilgandan so‘ng quyidagi natijalar komputer ekranida aks etadi:

— to‘lanishi lozim bo‘lgan jami soliq summasi;

— soliq turi bo‘yicha berilgan imtiyoz summasi;

— byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi.

Komputer ekranida hosil bo‘lgan natijani har bir soliq to‘lovchi jismoniy shaxs chop etish yoki elektron ko‘rinishda saqlab olish imkoniyatiga egadir. Ushbu interaktiv xizmat, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan har kuni istalgan vaqtda to‘xtovsiz va bepul ko‘rsatiladi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan interaktiv davlat xizmatlari tegishli ma’lumotlarni soliq to‘lovchiga yetkazib, ularning xabardorligini oshirish, soliq savodxonligini yuksaltirish, vaqt hamda mablag‘lari tejalishi, eng muhimi, soliq organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq