Elektron murojaat etayotgan fuqaro qanday huquq va majburiyatlarga ega?
18.06.2015
Rukn: Internet.
Muallif: .

el_18_06_2015

Davlat boshqaruvi va hokimiyati organlariga elektron shaklda murojaat etish tartibi qanday? Umuman olganda tegishli idora yoki tashkilot mansabdor shaxsiga zamonaviy axborot kompyuter texnologiyalari orqali murojaat etayotgan shaxs qanday huquq va majburiyatlarga ega?

O.Pardayev, Angren shahri

Javob: Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga elektron shaklda murojaat qilish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinadi. Ushbu portal “Elektron hukumat” tizimining eng muhim vositalaridan biri bo‘lib, 2013- yilning 1- iyulidan www.my.gov.uz internet manzilida ishga tushgan. Portal orqali murojaatni yuboruvchi shaxs YaIDXPdan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Yagona portaldan ro‘yxatdan o‘tish ID.UZ tizimi orqali, ERI(elektron raqamli imzo)dan foydalangan holda, SMS-tasdiqlash yordamida, Bank kartasi yordamida identifikatsiya qilish orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga portaldan shaxsiy kabinet taqdim etilib, foydalanuvchi 600 dan ortiq davlat tashkilotlariga murojaat yuborish, 5ta davlat tashkilotiga bir vaqtda murojaat yuborish,oldingi murojaatlarni va qoralamalarni saqlash, murojaatlarni ko‘rib chiqish holatini kuzatish, davlat tashkiloti faoliyatidan qoniqish darajasini baholash, murojaatni bekor qilish, davlat tashkilotining javobiga izoh qoldirish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Yagona portal orqali yuboriladigan murojaatlar uch xil ko‘rinishda — ariza, taklif va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Ma’lumki, Ariza — huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.

Taklif — davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat.

Shikoyat — buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaatdir.

Murojaatlar, ularning turi va shaklidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq, “Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin”. Axborot kompyuter texnologiyalari rivojlangan bugungi davrda elektron murojaat ham og‘zaki va yozma murojaat kabi huquqiy asosga ega.

Yuqorida nomi keltirib o‘tilgan qonunning 3-moddasiga binoan, — Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.

Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.

Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

Elektron tarzda yuboriladigan murojaatlarda ham jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin. Murojaat yuboruvchining huquqi quyidagichadir: — Murojaat davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibida, davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunga xilof harakatlarga (harakatsizlikka) barham berishga doir chora-tadbirlarni darhol ko‘rishi, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi, murojaat etganligi munosabati bilan jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari ta’qib qilinishiga belgilangan tartibda barham berishadi.

Murojaat etuvchi shaxs murojaatni haqoniy berishga majburdir. Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi tomonidan qilingan xarajatlar jismoniy yoki yuridik shaxsdan sudning qaroriga ko‘ra undirib olinishi mumkin. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining mutaxassisi Nigora Umarova

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq