Soliq to‘lovchilar uchun yangi imkoniyatlar
14.06.2015
Rukn: Yangiliklar.
Muallif: .

Bugungi kunda, Davlat soliq qo‘mitasi Markaziy bank bilan hamkorlikda soliq to‘lovchilarga yana bir yengillik yaratish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirish borasida ish olib bormoqda.

Tez kunlarda, soliq to‘lovchi yuridik shaxslar internetdagi «Shaxsiy kabinet»lari orqali soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn shaklda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu loyiha, soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ya’ni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni bank muassasalariga bormasdan, masofadan turib to‘lash imkoniyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida, ilg‘or xorijiy mamlakatlar soliq organlari tajribalariga tayangan holda ishlab chiqilgan.

Tizimning afzalligi shundaki, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlarini tayyorlab, elektron shaklda jo‘natganidan so‘ng, hosil bo‘lgan soliq majburiyati summasini to‘lashga ixtiyoriy rozilik berishi bilan to‘lov topshiriqnomasi avtomatik ravishda shakllanib, soliq to‘lovchining hisob-raqamiga xizmat qiluvchi tijorat bankiga himoyalangan aloqa kanallari orqali yetkaziladi.

Agar hisob-raqamda pul mablag‘lari yetarli bo‘lsa, shu zahotiyoq to‘lov amalga oshirilib, soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi yoki to‘lov topshiriqnomasi 2-sonli kartotekaga olinib, bu haqda tadbirkorlik subyektiga elektron xabarnoma yuboriladi.

Ushbu tizimdan soliqlar bo‘yicha joriy to‘lovlarni to‘lashda ham foydalanish mumkin.

Yana bir muhim tomoni, ushbu tizim ishga tushirilishi bilan hozirgi kunda Soliq kodeksining 59-moddasi talabi buzilishi natijasida xo‘jalik subyektlarining mansabdor shaxslarining ma’muriy javobgarliklari ko‘rib chiqilishiga sabab bo‘layotgan holatlarning ham oldi olinadi.

Bugungi kunda ushbu tizim test-sinovlaridan o‘tkazilmoqda va joriy yilning iyul oyida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Ushbu xizmatdan foydalanish bepul va 24 soat uzluksiz ishlaydi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq