Universitetimiz talabasi “Kamolot uyi”ga ega bo‘ldi
11.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

“O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2014-yil 6-fevraldagi PQ-2124-son qaroriga muvofiq, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashyotgan yosh oilalarni yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning uy-joy va maishiy sharoitlarini yaxshilash maqsadida bir qator yosh oilalarga “Kamolot uylari” topshirildi.

Kuni kecha poytaxtimizda bir guruh faol yoshlar “Kamolot uylari”ga ega bo‘lishdi. Toshkent shahrining Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida ana shunday ko‘p qavatli uylar qurildi. Ko‘rkam, barcha sharoitlarga ega uylar kishining ko‘zini quvontiradi. Uylar atrofida barpo etilgan bolalar maydonchasi esa farzandlarimiz uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.

Yurtimizda iste’dodli, iqtidorli yoshlar ko‘p. “Kamolot uylari”ga ega bo‘lgan yoshlar orasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Akmal Alimardonov ham bor. Albatta, ushbu quvonchli kun yosh oilalarga xursandchilik keltirdi.

tuit_11_06_2015

— Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, o‘z samarasini berib, o‘zbekistonlik iste’dod egalarini bugungi kunda butun dunyoda bilishadi. Fan, san’at, madaniyat va sport sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga ochig‘i barchaning havasi keladi. Bugun biz yoshlar yana bir katta yutuqqa – “Kamolot uylari”ga ega bo‘ldik. Ushbu uylarning uzoq muddatga imtiyozli kredit asosida berilgani barchamizni xursand etmoqda. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilyotgan bunday imtiyoz va imkoniyatlar biz yoshlarga kuch g‘ayrat bag‘ishlayapti. “Farzandlarimiz, bizdan ko‘ra kuchli, bilimli dono va baxtli bo‘lishlari shart”. Yurtboshimizning ushbu so‘zlari o‘z tasdig‘ini topmoqda. Biz albatta kuchlimiz, bilimlimiz, yaxshi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqdamiz va biz baxtlimiz. Chunki, O‘zbekistondek yurtda yashayabmiz. O‘z o‘rnida ona diyorimiz ravnaqi uchun hissa qo‘shishga tayyor bo‘lishimiz kerak, – deydi biz bilan suhbatda Akmal Alimardonov.

Hozirda nafaqat markaziy shaharlar, balki, chekka tumanlarda ham “Kamolot uylari” barpo etilmoqda. Shu kunga qadar Toshkent viloyatining Angren, Olmaliq shaharlarida, Bo‘stonliq tumanida, Andijon viloyatining Baliqchi va Asaka tumanlarida, Farg‘ona viloyati markazi hamda Quvasoy shahrida, Uchko‘prik va Toshloq tumanlarida, Qashqadaryo viloyati Muborak shahrida, Sirdaryo viloyati Oqoltin va Sardoba tumanlarida, Namangan viloyati Uychi va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yosh oilalar anashunday shinam uylarga ega bo‘lishdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq