246 mingdan ortiq murojaat bo‘ldi
09.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadallik bilan rivojlanib, har jihatdan turmush tarzimizga kirib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda mazkur soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlanib, barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 21 martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1730-sonli Qaroriga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari axborot tizimlarini loyihalashtirishda, zimmalariga yuklatilgan funksiya va vazifalar doirasida tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun majburiy tartibda shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, bugungi kunda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar uchun rasmiy «www.soliq.uz» sayti orqali 59 turdagi interaktiv xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Shunday xizmatlardan biri «STIRingizni aniqlang» interaktiv xizmatidir.

Interaktiv xizmat yordamida jismoniy shaxs soliq idorasiga kelmasdan, internet tarmog‘i orqali, o‘ziga tegishli bo‘lgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini aniqlashi va STIR berilganligi to‘g‘risidagi 06-shakl ma’lumotnomasini chop etib olishi mumkin. Shuningdek, ushbu ma’lumotnomaning haqqoniyligini Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy «www.soliq.uz» sayti orqali tekshirish imkoniyati ham yaratilgan.

STIRni aniqlash uchun pasport seriyasi va raqami ma’lumotlarini ko‘rsatish kifoya. Interaktiv xizmat Davlat soliq qo‘mitasining soliq to‘lovchi jismoniy shaxslar yagona reyestridan so‘rov shartlarga to‘liq mos keladigan qaydni tezlik bilan topib, natijani foydalanuvchiga ko‘rsatadi.

Ushbu interaktiv xizmatdan shuningdek, Android operatsion tizimidagi zamonaviy smartfonlar uchun yangi ishlab chiqilgan «Soliq» mobil dasturi yordamida ham qulay va oson foydalanish mumkin. Mazkur smartfonlar uchun maxsus ishlab chiqilgan dastur davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti hamda AppStore va Google Market tizimlariga joylashtirilgan. Interaktiv xizmatdan foydalanish bepul hamda elektron raqamli imzo talab qilinmaydi.

«STIRingizni aniqlang» interaktiv xizmatidan uyali telefon vositalari orqali 1077 qisqa raqamiga SMS so‘rov jo‘natish yo‘li bilan ham foydalanish mumkin. O‘rni kelganda aytish joizki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari soliq to‘lovchilar uchun qulayliklar yaratmoqda. Shu bois kundan kunga interaktiv xizmatlardan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida «STIRingizni aniqlang» interaktiv xizmatiga jami 246 mingdan ortiq murojaatlar bo‘lgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq