“Unitel” MChJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlar talablarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda
08.06.2015
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: .

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspektsiyasi (Inspektsiya)ga mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlardan kelib tushgan murojaatlar tahlili va monitoring natijalariga ko‘ra “Unitel” MChJ (Kompaniya) tomonidan so‘ngi paytda mobil aloqa xizmatlari sifati va radiochastota spektridan foydalanishda normativ hujjatlar talablari buzilayotganligi aniqlandi.

Xususan, “EMMM” DUK bilan hamkorlikda 2014 yil dekabr oyida o‘tkazilgan radiomonitoring natijasida “Unitel” MChJ mobil aloqa tarmog‘ida 90 ta tayanch stantsiyalardan o‘rnatilgan tartibni buzgan holda foydalangan. Mazkur qoidabuzarlik holati bo‘yicha Inspektsiya tomonidan “Unitel” MChJga o‘rnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan radioelektron vositalardan mobil aloqa tarmog‘ida foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan, shunga ko‘ra “Unitel” MChJ yuqorida keltirilgan ko‘rsatma ijrosi ta’minlanganligi va noqonuniy ravishda fodalanilayotgan radioelektron vositalarni ekspluatatsiya qilishni to‘xtatganligi haqida ma‘lumot taqdim etgan.

Ammo, ko‘rsatma ijrosi ta’minlanganligini aniqlash bo‘yicha takroriy o‘tkazilgan radiomonitoringda Kompaniya Inspektsiya tomonidan berilgan ko‘rsatma talablarini inobatga olmasdan Qashqadaryo viloyatida 2 ta tayanch stantsiyalaridan noqonuniy foydalangan, bu bilan nazorat qiluvchi organning ko‘rsatmasini o‘z vaqtida bajarmasdan qonun hujjatlari va litsenziya kelishuvini qo‘pol ravishda buzgan. Shuningdek, Kompaniya telekommunikatsiya sohasidagi nazorat qiluvchi davlat organiga ishonchsiz ma’lumotni taqdim etib, chalg‘itgan.

Inspektsiya tomonidan 2015 yil 12 fevralda Toshkent shahar, Olmazor tumani hududida Kompaniyaning 3G (UMTS-2100) tarmog‘ida sodir bo‘lgan avariya holati o‘rganilganda, mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatilishining o‘rnatilgan tartibi buzilganligi aniqlandi, xususan 3G tarmog‘idagi avariya hodisasi joriy yilning 12 fevral kuni soat 11:39dan 12:27gacha chiqish qo‘ng‘iroqlari xizmatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, abonentlardan tushgan murojaatlarga ko‘ra, boshqa qonunbuzilish holati aniqlanagan, ya’ni 2015 yilning 10 fevralida Kompaniya tarmog‘ida sodir bo‘lgan mobil internet paketlarni taqdim etish xizmatida sodir bo‘lgan texnik to‘xtalish, ya’ni internet paketlar taqdim etilganligini tasdiqlovchi SMS xabarlarning kechikish bilan kelganligi oqibatida mijozlar hisobidan asoslanmagan holda pul mablag‘larini echib olinishiga olib kelgan.

Kompaniya xodimlarining noqonuniy harakatlari to‘g‘risidagi fuqarodan tushgan murojaatni o‘rganish natijasida Kompaniya tomonidan o‘z xodimlarining faoliyati ustidan nazorat ishlarini etarli darajada tashkil etmaganligini ko‘rsatdi. Xususan, Kompaniyaning mijozlarga xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan xizmat lavozimidan foydalangan holda jismoniy shaxs nomidagi telefon raqami o‘chirilgan va noqonuniy ravishda boshqa jismoniy shaxsga rasmiylashtirilgan. Natijada ushbu xodimlar o‘z xizmat vazifasidan ozod etilgan.

Shuningdek, joriy yilning 11 maydagi murojaatni o‘rganish natijalariga ko‘ra ko‘rsatilgan xizmatlar detalizatsiyada chiqish ko‘ng‘iroqlar bir necha kun kechikish bilan qayd etilishi aniqlagan, lekin mijozlarga detalizatsiya shaklidagi ma’lumotlarni kechikish bilan taqdim etish shartlari hech qaerda ko‘rsatib o‘tilmagan va mazkur holat bilan to‘qnash kelgan mijozlar bexabar qolmoqda, natijada bu kabi murojaatlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Mijozlarga tariflarning o‘zgarishi, ko‘rsatiladigan xizmatlar tartibi va hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumot berilmasligi yoki mijozlarni xabardor qilish usullari etarli darajada tashkil etilmaganligi oqibatida, mijozlar tomonidan shikoyatlar sonining ko‘payishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, Kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar Samarqand viloyati hududida 3 ta radiorele liniya qurilmasidan noqonuniy foydalanib kelinmoqda.

Qayd qilish lozimki, operator tarmog‘ining nazorati etarli darajada olib borilmayotganligi sababli Kompaniya tarmog‘ining ba’zi hududlarida uzoq vaqt davomida aloqaning mavjud bo‘lmaslik holatlari kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar va may oylari oralig‘ida Inpektsiyaga kelib tushgan murojaatlar tahlili, shikoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan taqqoslaganda 29,7 %ga oshganligi, bundan 74 %ni mobil aloqa xizmati sifati bo‘yicha, jumladan tarmoq qamrov hududi, muvaffaqiyatsiz bog‘lanishlar ulushi, yuklangan sektorlar ulushi, ma’lumotlar almashinish tezligi, aloqani tiklash vaqti yuzasidan bo‘lgan shikoyatlarni tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Kompaniya tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatish va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz.

Shunga e’tiborni qaratish lozimki, Kompaniyada qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablarining muntazam ravishda buzilayotganligi, Inspektsiya tomonidan yanada qat‘iy choralar ko‘rish uchun asos bo‘lmoqda. Ko‘p marotaba, qo‘pol va muntazam ravishdagi qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘yilayotganligi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan quyilgan talablarni bajarmaganligini inobatga olib, Inspektsiya “Unitel” MChJga yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish va mobil aloqa xizmatini ko‘rsatish faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berdi. Shu bilan birga, ko‘rsatmadagi talablar bajarilmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirdi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq