Qonun ijodkorligida hamkorlik
04.06.2015
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Erkin Xalbutayev.

“Ishimiz samarali bo‘lishi, qonunchilikning sifati va ta’sirchanligini oshirish uchun olimlar, yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarni keng jalb etgan holda, qonun loyihasini albatta atroflicha muhokama etish shart”.

(Prezident Islom Karimovning 2015-yil 23.01.dagi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasidan)

Prezidentimiz Islom Karimov joriy yil boshida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida Oliy Majlisning o‘tgan davrdagi faoliyatini xolisona baholab, ko‘zga tashlanadigan kamchilik va jiddiy nuqsonlar ustida alohida to‘xtalib o‘tar ekan, Qonun loyihalarini davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli bo‘g‘inlarida keng va amaliy muhokama qilishni ta’minlash muhimligini alohida ta’kidlab o‘tgan edilar.

Mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonunlar barcha fuqarolarning hayotida muhim ahamiyatga ega. Ularda har bi-rimizning huquq va erkinliklarimiz hamda qonuniy manfaatlarimiz himoya qilingan. Bu o‘rinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalarining puxta va sifatli bo‘lishi uchun keng jamoatchilik orasida muhokama qilishni tashkil etish keyinchalik qonunlarning amaliyotga tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu boisdan, Oliy Majlis qonunchilik palatasi axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi huzurida qonun hujjatlari loyihalarini tizimli, muntazam asosda muhokama qilish, nazorat-tahlil ishlari o‘tkazilishini tashkil etish maqsadida yetakchi mutaxassislar, olimlar, amaliyotchilar, fuqarolik jamiyati institutlarining 30dan ortiq vakillari jumlasidan ekspertlar guruhi shakllantirildi.

Amaliyot qonun loyihalarini tayyorlashda o‘z faoliyatini ijtimoiy munosabatlarning turli sohalarida amalga oshiradigan ekspertlar, yuqori malakali mutaxassislarning fikr-mulohazalarini hisobga olish muhim ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, qo‘mita huzurida tuzilgan ekspertlar guruhining endilikda qo‘mitaga tayyorlanayotgan qonun loyihalarining amaliyotga sifatli tatbiq etilishi, muvofiqligi va tizimliligini ta’minlovchi takliflarni berib boradilar.

Xorijiy tajribaga murojaat qiladigan bo‘lsak bunday amaliyot ko‘plab rivojlangan davlatlarning parlamentlari qoshida joriy etilganligini ko‘rish mumkin.

Ekspertlar guruhi qo‘mita huzuridagi maslahat-kelishuv organi bo‘lib, qonunchilik tashabbuslari, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ular Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida ko‘rib chiqish uchun kiritilishidan avval dastlabki ekspert baholashni ham amalga oshiradi.

Ekspertlar guruhi doimiy faoliyat yurituvchi organ bo‘lib, uning faoliyat ko‘rsatish muddati joriy chaqiruv Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolati davriga belgilanadi. Ekspertlar guruhi a’zolari tegishli qonun hujjatlari loyihalarini maromiga yetkazish bo‘yicha qo‘mitada tashkil etiladigan ishchi guruh yig‘ilishlariga taklif etilib, ularning xulosalari va takliflari olinadi, shuningdek, ular loyihalar bilan oldindan tanishib chiqish, qonun loyihalari muho-kamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishlarida ishtirok etish, qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan yuzaga keladigan munozarali masalalar, taklif va tanqidiy fikrlarni ekspertiza qilish hamda ular yuzasidan o‘z xulosalarini qo‘mitaga kiritish, ommaviy axborot vositalarida ekspert xulosalarini berish huquqlariga ega bo‘ladilar.

Qonun ijodkorligiga ekspertlarning jalb qilinishi qo‘mitaning 2015-yilga mo‘ljallangan ish rejasida belgilangan ommaviy axborot vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bilan bog‘liq 10ga yaqin qonun loyihalarini maromiga yetkazish, uchta nazorat-tahlil, 5ta ommaviy tadbirlarini samarali tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq